O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bosh qomusimiz – adolat mezoni” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi
Konstitutsiya, eng avvalo, har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligining rivoji, fuqarolarning hayoti, jamiyatdagi oʻrni va turmush tarzining huquqiy asoslarini belgilab beradigan asosiy qonun hisoblanadi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi respublikamiz bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Bosh qomusimiz – adolat mezoni” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, yurtimizdagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbarlari, turli diniy konfessiya vakillari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, yig‘ilganlarni yana bir bor bayram bilan muborakbod etdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Xalim Boboyev so‘zga chiqib, demokratik davlatning vujudga kelishi shart-sharoitlari, uning taraqqiyot bosqichlari, barkamol avlod, yetuk shaxs tarbiyasi, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Bosh qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Xabaringiz bor, Asosiy qomusimiz qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur esdalik nishoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, tinchlik va barqarorlik, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash, Yangi Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz taqdirlandi. Ahamiyatlisi, ularning safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh-professor-oʻqituvchilari ham borligi barchamizni quvontiradi. Tadbirda mukofotlanganlarga esdalik nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Rasmiy chiqishlardan so‘ng marosimning badiiy qismi boshlandi. Unda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, shoira Sayyora To‘ychiyeva tomonidan “Vatan madhi” she’ri tomoshabinlarga havola etildi.
Shuningdek, mehmon san’atkorlar – Ahror Usmonov, Dilfuza Rahimovaning kuy-qo‘shiqlari bayramga o‘zgacha tarovat baxsh etdi.
“Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘quvchilarining raqslari, she’rlari, Akademiya talabalari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, milliy, opera yo‘nalishidagi qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish