352

Akademiya talaba-qizlari o‘rtasida “Lider qizlar” tanlovi o‘tkazildi

Bugungi globallashuv jarayonida xotin-qizlarning o‘rni va roli har qachongidanda muhim. Shu bois, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishlarini ta’minlashdan iborat. Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, ayolga hurmat va ehtirom, mo‘tabar onalarimizni e’zozlash, munis opa-singillarimizni qadrlash orqali ro‘yobga chiqishi shubhasiz.

E’tirof etish joizki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-qizlari o‘rtasida ona Vatanga muhabbat, tanlangan kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, intellektual salohiyatga ega va iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni munosib rag‘batlantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom do‘stona munosabatlarni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-qizlari o‘rtasida yoshlar oyligi doirasida “Lider qizlar” tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, xotin-qizlarning yurt istiqbolida muhim o‘rin tutishini, ayniqsa, oqila, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishga intilayotgan lider qizlar safi ko‘payib borayotganini alohida e’tirof etdi. 

Tanlov 4 ta shartdan iborat bo‘lib, unda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining talaba-qizlari o‘zaro bellashdi. Tanishuv shartida jamoalar ajratilgan vaqt davomida erkin mavzuda, turli kuy-qo‘shiqlar va sahna chiqishlari yordamida o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim yo’nalishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda jamoalarini nomi, shiori va ishtirokchilarini tanishtirib o‘tishdi.

Blits savol-javob shartida jamoalarning intellektual salohiyati, zukkoligi va hozirjavobligi sinovdan o‘tkazildi. 3-shartda esa badiiy asarlardan sahna ko‘rinishi namoyish etilgan bo‘lsa, 4-shartda esa jamoalar ajratilgan vaqt davomida Vatan himoyasi qanday bo‘lish kerakligi, Vatan himoyasida ayollar tomonidan ko‘rsatilgan jasorat, yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiq va she’rlar ijro etishdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Hakamlar hay’ati tomonidan “Eng faol jamoa” nominatsiyasi Mumtoz sharq filologiya fakultetining “Sharq go‘zallari” jamoasiga, “Eng ijodkor jamoa” nominatsiyasi esa Islomshunoslik fakultetining “Bibixonim qizlari” jamoasiga nasib etdi. Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetining “To‘maris izdoshlari” jamoasi “Eng tashabbuskor jamoa” nominatsiyasida e’tirof etildi.  

Shuningdek, “Eng iqtidorli ishtirokchi”, “Eng yaxshi rol ijrochisi” hamda “Eng faol ishtirokchi” nominatsiyalarida g‘oliblar aniqlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish