293

Akademiya talabalari jamoasi “ShHT Zakovat-2022” kubogini qo‘lga kiritdi

Poytaxtimizda yetakchi milliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari talabalari jamoalari o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan tashkil etildi.

Intellektual o‘yinlarning ochilish qismida so‘zga chiqqan O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov Tashkilotning sentabr oyidabo‘lib o‘tgan sammiti doirasida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasida yoshlar yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi qayd etilgani, bu borada ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining yoshlarga Qo‘shma murojaati va uni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan harakat dasturi muhim asos bo‘layotganini ta’kidladi.

Tadbir talabalarning ShHT haqidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi. Shuningdek, ushbu nufuzli tuzilma va uning keng ko‘lamli faoliyatini chuqurroq o‘rganishga turtki bo‘ldi.

Turnir yakunida barcha ishtirokchilar sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Quvonarlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalaridan tuzilgan jamoa ham mazkur intellektual o‘yinlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. “ShHT Zakovat-2022” kubogini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Izoh qoldirish