428

Milliy qadriyatlarning ustuvor tayanchi

21-OKTABR – O‘ZBEK TILIGA DAVLAT TILI MAQOMI BERILGAN KUN

Bugun biz o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini oshirishga qaratilgan tub islohotlarni, yangilanayotgan va takomillashtirilayotgan qonun hujjatlarini, amaliy sa’y-harakatlarni yuksak faxr bilan e’tirof eta olamiz, takror-takror ta’kidlashdan charchamaymiz. Chunonchi, birgina 21-oktabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sanani O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlashning qonuniy asoslangani ham tilimiz manfaatlarini himoya qilish, jahoniy martabasini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ammo qayd etish joizki, so‘nggi vaqtlardagi salmoqli ishlarga qaramay, davlat tili talablariga amal qilishdagi bir qancha muammolar uning ravnaqiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Buni ulug‘ ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy ham o‘z vaqtida kuyinchaklik bilan ta’kidlagan: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Hayhot! Biz, turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmaqdadurmiz! Tilimizning yarmiga arab, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur...”. 

Haqiqatan, ba’zilar o‘zaro muloqot, so‘zlashuvda yoki zaruratdan qat’i nazar, boshqa tillardagi so‘zlarni ham qorishtirib tashlaydi. 

Har bir millat vakili o‘z ona tilining iste’molchisi bo‘lish bilan birga, targ‘ibotchisi va himoyachisi hamdir. Shu ma’noda bugungi kunda mas’ul lavozimga tayinlanadigan shaxslarning o‘zbek tilini bilishiga talab kuchaytirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlarini joriy etish belgilandi. Bu kabi huquqiy asos va munosabatlar o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishga xizmat qilishi tabiiy. Zotan, ulug‘ hind arbobi, faylasuf Mahatma Gandi ta’kidlaganidek, “Agar o‘zingiz yashayotgan davlat tilini bilmas ekansiz, unda siz telbasiz yoki bosqinchi”. Demak, davlat tilini bilish, qadrlash uchun faqatgina ushbu millat vakili bo‘lish emas, balki shu davlatda yashash, uning barcha haq-huquqlaridan teng foydalanuvchi fuqarosi bo‘lishning o‘zi ham yetarli asosdir. 

Shunga ko‘ra, zamonaviylik belgisi sifatida fikr ifodalashda o‘zga tillardagi so‘zlarni o‘rinli-o‘rinsiz qorishtirib tashlash holatlarini bartaraf etishga barcha birdek mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Zero, o‘z davlati tiliga nisbatan bepisand munosabat milliy qadriyatlar, ona yurtiga hurmatsizlikdir.

Aksariyat idora-tashkilotlarda ishga qabul qilishda xodimning chet tilini qanchalik bilish layoqatini birinchi o‘ringa qo‘yish ham milliy til maqomi pasayishiga olib kelmoqda. Aslida ishga qabul qilinayotgan mutaxassisning davlat tili talablariga rioya qilishi, milliy tilda so‘zlashishi, imloviy-uslubiy savodxonlik darajasini e’tiborga olish, xususan, rahbarlik lavozimiga tayinlash bosqichlarida o‘zbek tilini bilish layoqatini belgilovchi hujjat talab qilinishi me’yoriy-huquqiy hujjatlashtirib qo‘yildi. 

Yana bir muhim masala shuki, geografik obyektlar, tadbirkorlik subyektlari, turli xususiy idora-tashkilotlar, o‘quv muassasalari nomlanishi, ko‘cha-ko‘ydagi targ‘ibot-tashviqot lavhalari, reklama va e’lonlarda ham davlat tili qoidalarini buzish holatlari davom etmoqda. Bu borada so‘nggi vaqtlarda qator hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini saqlash va rivojlantirish uchun ularning ijrosini samarali ta’minlash, bunday holatlarni tezkor bartaraf etishning keskin choralarini ko‘rib borish maqsadga muvofiq. 

Shuningdek, yosh avlod tarbiyasining mas’ullari bo‘lgan onalardan bu borada yanada talabchanlik, e’tibor talab qilinadi. Ular o‘zlari va farzandining bo‘sh vaqtini turli bo‘lar-bo‘lmas ko‘rsatuvlarga emas, kitob o‘qishga sarflashi zarur. Kitob ijtimoiy-ma’naviy tafakkur mahsuli, shaxsiy kamolot vositasidir. So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda kitobxonlikni targ‘ib etish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Ko‘p kitob o‘qish dunyoqarashni kengaytirish bilan birga, so‘z boyligini oshirish, muomala madaniyatini tarbiyalashga munosib xizmat qiladi. 

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, til qoidalariga amal qilish holatlari, o‘zbek adabiy tilining iste’mol imkoniyatlari borasida yuzaga kelayotgan bu kabi muammo va kamchiliklar bayonini, taklif-tavsiyalarni uzoq davom ettirish mumkin. Eng asosiysi, ushbu masalalarni o‘z vaqtida, o‘z o‘rnida yechib borish, milliy til me’yorlariga rioya qilish, davlat tilini jamiyat, millatning eng muhim qadriyati sifatida avaylab saqlash va barqaror kelajagini ta’minlashga erishishda millatimizning barcha vakillari hamda ona zaminimizda yashayotgan har bir fuqaro mas’uliyat bilan yondashishi, o‘z hissasini qo‘shishi davr talabidir.

Surayyo PO‘LATOVA,

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi 

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 19-oktabr, 214-son

Izoh qoldirish