307

“Ta’vilot al-Qur’on” asarining 29-juzi hamda “Imom Moturidiy” romani taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun Imom Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on” asarining 29-juzi hamda “Imom Moturidiy” romanining taqdimoti o‘tkazildi. 

Taqdimotda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Imom Moturidiy” romanining muallifi Luqmon Bo‘rixon, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda Markaz xodimlari ishtirok etdilar. 

Tadbirni Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Jamoliddin Karimov ochib berdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosi, moturidiylik ta’limoti hamda uning bugungi kundagi ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tishdi.

Shundan so‘ng yig‘ilganlarga “Ta’vilot al-Qur’on” asari tarjimasining o‘ziga xos xususiyatlari, uning bugungi kunda jamiyatda kuzatilayotgan ayrim ixtilofli aqidaviy masalalarga yechim topish hamda mo‘tadil ta’limotni keng targ‘ib qilishdagi amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. 

Buyuk ajdodlarimiz merosini ommabop qilib xalqimizga yetkazayotgan yozuvchi Luqmon Bo‘rixon mazkur roman moturidiylik ta’limoti bo‘yicha yaratilayotgan ilk badiiy asarlar sirasiga kirishini, bunday badiiy to‘qimalarga boy asarlar nafaqaqat bugungi kun yoshlariga, balki kelgusi avlodlarga ham o‘lmas manba bo‘lishini alohida ta’kidladi. Muallifning romanni yaratish jarayonidagi mulohazalari, taassurotlarini talabalar bilan o‘rtoqlashgani yosh kitobxonlarda o‘zgacha qiziqish va asar mutolaasiga ishtiyoqlari yanada uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. 

Tadbir yakunida o‘tkazilgan qiziqarli viktorina va qizg‘in savol-javoblar  taqdimot marosimiga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi. Faol ishtirokchi talabalarga “Ta’vilot al-Qur’on” asarining 29-juzi, “Imom Moturidiy” romani hamda markazning maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish