350

Akademiya rektori xalqaro forumda ishtirok etdi

Poytaxtimizda “15-oktabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan “Qishloq hududlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ishtiroki” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Tadbirda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollar turmush sharoitini yaxshilash, ularning muammolariga hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratish, qishloq joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar borasida so‘z bordi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, xalqaro ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Forumda so‘zga chiqqanlar ishtirokchilar e’tiborini xotin-qizlarning bandlik masalasiga qaratib, qishloq hududlarida ayollarimiz orasida norasmiy sektorda band bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etayotgani, ularning rasmiy bandligini ta’minlash jiddiy masala ekanini, bu o‘z o‘rnida ularning munosib haq olishi, ishonchli ijtimoiy himoyasi va pensiya ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qilishini alohida qayd etishdi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari qishloq hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishida, xususan, agrar sohada mamlakatimiz eksport salohiyati va sanoatini yuksaltirishda xotin-qizlarning roli, qishloq ayollarining sog‘lig‘ini mustahkamlash, onalik va bolalik muhofazasi va ijtimoiy himoyasiga oid amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish