348

Vatanga xizmat qilish – oliy sadoqat!

Tinchlik, osoyishtalik hukm surgan joyda ezgu ishlar hamisha bardavom bo‘ladi. Bu hayotiy haqiqatni yurtimizda istiqlol yillarida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, millatlararo totuvlik, hamjihatlik, olijanoblik va mehr-oqibat kabi insoniy tuyg‘ular bugun ham har qachongidan-da yuksak cho‘qqiga ko‘tarilganida ko‘rish mumkin. Ushbu yutuqlar zamirida bugungi zamon talablari asosida shakllantirilgan Qurolli Kuchlarimizning ham alohida o‘rni bor. Chunki Milliy armiyamiz yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati hisoblanadi.

Joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbirlari joylarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham shu munosabat bilan “Vatanimga xizmat qilaman!” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov tabrik so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigining mazmun-mohiyati  xususida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng “Dutorchi qizlar” ansambli tomonidan xalqimizning bir necha asrlik milliy qo‘shiqlarining ijro etilishi tadbirga yanada fayz ulashdi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bayram davomida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan Akademiya talabalari tomonidan harbiy qo‘shiq, badiiy va harbiy sahna ko‘rinishi, vatanni madh etuvchi she’riy chiqishlar, harbiy orkestr jamoalarining vatanparvarlik ruhidagi chiqishi namoyish etildi. Mazkur sahna ko‘rinishlarida Vatan himoyachilarining mardonavor mehnati va vazifasi aks etib, bu orqali yoshlarda ona yurtiga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini yanada oshirdi.

Tadbir doirasida Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilgan islohotlar, sarhadlarimiz himoyasida kun-u tun xizmat qilayotgan harbiylarimizning jasorati aks ettirilgan devoriy gazetalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish