218

Akademiyada o‘tkazilgan konferensiyalarning materiallari to‘plami IRCICAning rasmiy saytiga joylashtirildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi – IRCICA bilan hamkorlikda respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar o‘tkazilishi odat tusiga kirgan. Mazkur tadbirlar davomida soha mutaxassislari tomonidan ko‘tarilgan mavzular, ular tomonidan yozilgan ilmiy maqolalar to‘plam shaklida chop etiladi. Ahamiyatlisi, ushbu kitoblar tashkilotning rasmiy saytiga joylashtirildi. 

Jumladan, 2020-yilda “Buxoro – islom madaniyati poytaxti” forumi doirasida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyoda islom madaniyati va san’ati: o‘tmish va hozirgi zamon” I xalqaro onlayn konferensiyasining o‘quv materiallari, 2021-yilda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” II xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya to‘plami hamda “Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plami IRCICAning rasmiy saytiga joylashtirildi.

Mazkur kitoblarda yurtimiz va xorijiy professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda yosh olimlarining Markaziy Osiyo madaniyati, tarixi, san’ati, urf-odatlari aks etgan turli mavzulardagi maqolalari o‘rin olgan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi – IRCICA hamkorligida tashkil etiladigan navbatdagi konferensiya joriy yilning oktabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish