O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi tashkil etilishi haqida
Sovet hokimiyati o‘rnatilib, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi tashkil etilgunga qadar, o‘n yillar davomida masjid va madrasalar, maqbara va ziyoratgohlar, mozorlar, xonaqoh va muqaddas qadamjolar qarovsiz qolib ketgan edi. Ko‘pgina muqaddas qadamjolar vayronaga, ba’zi masjid va madrasa binolari otxonalarga aylantirilgan, hatto, ba’zilari vino-aroq, pivo ishlab chiqarish korxonasiga aylantirilgan edi.
O‘zbekiston ruhoniylarining asosiy qismi 1930-yillarda qamoq lagerlariga jo‘natildi. Masjid va madrasalarning deyarli hammasi o‘tmishda garchi diniy marosimlarni o‘tkazish o‘choqlari bo‘libgina qolmasdan, xalqning buyuk merosini saqlab, boyitib kelgan madaniyat, ilm-ma’rifat markazlari ham bo‘lganiga qaramay berkitib qo‘yilgan. Eng achinarlisi, bu maskanlar omborxonalarga aylantirilib, diniy qadriyatlar oyoq osti qilingan.
Ikkinchi jahon urushining eng og‘ir paytida sobiq ittifoq aholisining Islom diniga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Mahalliy aholining iltimosi bilan musulmonlarni birlashtiruvchi tashkilot tuzish maqsadida Eshon Boboxon boshchiligida bir guruh faollar O‘zbekiston SSR Oliy Prezidiumi raisi Yo‘ldosh Oxunboboyevdan ruxsat so‘rashadi. Yo‘ldosh Oxunboboyev bu haqda Moskva bilan muzokaralar olib boradi va ruxsat olishga erishadi.
Natijada 1943 yilda Moskvada Eshon Boboxon Iosif Stalin bilan uchrashadi. Stalin unga musulmon ulamolari qurultoyini chaqirish, ularga urushda g‘alabaga erishish uchun amaliy yordam berish yo‘llarini qidirishni taklif etadi.
SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1943-yil 31-iyul 55-sonli qaroriga binoan Toshkent shahrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining Diniy boshqarmasi tashkil etiladi.
O‘sha davrda xalq orasida “Qori”, “Maxdum” sifatida e’tirof etilgan ulamolar Diniy boshqarmaning faoliyatiga sidqidildan yordam berishgan. Ular jumlasiga andijonlik Mubin qori, Noʻmon qori, Habibulloh qori, Ibrohim maxdum, Mirza Mahmud qori, namanganlik Ismoil maxdum, toshkentlik Murodxo‘ja Solihiy domla, Safo qori, Nofi’ qori, Nodirxon mahdum, Fozil Xo‘ja qozi, Munirxon maxdum domla, marg‘ilonlik Sulaymon qori pochcha, Mukarramxon To‘ra, Muhammad Amin domla, qirg‘izistonlik Olimxon to‘ra, Shafoat hoji domla, tojikistonlik Abdusattor qozi domla, Solih Bobokalon domla, turkmanistonlik Kina eshon domla, qozog‘istonlik Abdug‘affor domla va Sokin hazrat, oqqo‘rg‘onlik Nodirxon qori, Andijonlik Shahobiddin qori, Toshkentlik Shoikrom qori va Minhojiddin qorilarni, Chimkentlik Shokir Hiyoliddin hazrat va boshqa ko‘plab olim va ulamolarni kiritish mumkin. Keyinchalik bu zotlar Diniy boshqarmaning muhim lavozimlarida faol xizmat qildilar va Diniy boshqarmaning shakllanishida ulkan hissa qo‘shdilar.
Muftiy Eshon Boboxonga Diniy Idora boshqaruvini tashkil etish va uni yo‘lga qo‘yishda mazkur zotlardan tashqari o‘zlarining o‘g‘illari Ziyovuddinxon qori, Kamoliddinxon qori, Badriddinxon va Nosirxonlar yaqindan yordam berishdi. Ular orasida, ayniqsa, Ziyovuddinxon qori Eshon Boboning yaqin yelkadoshlari va safdoshlari bo‘ldilar.
1943-yil 18-20-oktabr kunlari Toshkentda I qurultoy bo‘ladi. 160 kishidan iborat qurultoyda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasini tashkil etish va Eshon Boboxonni muftiy etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bu yangi tashkilotning Ustavi ham qurultoyda qabul qilingan va tasdiqlangan.
Qurultoyda O‘rta Osiyo respublikalari bo‘yicha delegatsiya rahbarlari tarkibi quyidagicha edi: Abdulg‘affor Shamsutdinov (Qozog‘iston), Solih Bobokalonov (Tojikiston), Olimxon-to‘ra Shokirov (Qirg‘iziston), Shayx Anna-eshon (Turkmaniston). Qurultoy yig‘ilishida SSSRning Yevropa qismidagi musulmonlar vakili, Sibirdan Abdurahmon Rasuliy, Moskva Imom-xatibi Xalil-Rahmon, Qozon jome masjididan Qiyomiddin Al-Qodiriylar ham ishtirok etishgan.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi muftiysi sifatida bir ovozdan Eshonxon Boboxon tayinlanadi va Murodxo‘ja Solixiy (Solihov) uning muovini bo‘ladi. Ijroiya kotibi etib Eshon Boboxonning o‘g‘li Ziyovuddin Boboxon tayinlanadi.
Qurultoy SSSR xalq komissarlari Kengashi raisi va Oliy bosh qo‘mondon Stalinga sovet xalqini dushman bilan urushda qo‘llab-quvvatlagan holda murojaatini qabul qilgan.
Qurultoy qatnashchilari xalqqa murojaat qiladilar:
“Hurmatli musulmon birodarlar, aziz farzandlarimiz! Biz, besh davlat imomlari, sizlarga barcha musulmonlar nomidan murojaat qilmoqdamiz. Fashist gazandalariga qarshi haqiqiy sherlar kabi kurashish uchun birlashing! Vatanning har qarich yerini himoya qiling va o‘z saflaringizni intizom ila mustahkamlang! Allohdan dushman ustidan tezroq g‘alaba qilishimizga madad so‘rab iltijo qiling!”
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi tashkil topgach, shahar va qishloqlarda diniy hayot jonlandi. Masjidlar ochila boshladi va diniy birlashmalar tashkil etildi.
Yangi diniy markazni moliyaviy ta’minlash maqsadida sobiq besh respublikaning yirik shahar va viloyatlarida bitta-bittadan masjid ochilishiga ruxsat berilgan. Bir necha yillar din-u diyonatdan mahrum etilgan xalq xaroba holga kelib qolgan masjidlarni ta’mirlashga kirishgan. Chunki masjidlarning ochilishiga ruxsat etilishining o‘ziyoq ular uchun tarixiy voqea edi.
Muftiy Eshon Boboxonning harakatlari bilan Buxorodagi Mir Arab madrasasi ochilgan. Arxiv hujjatlarida SSSR XKSning 1945-yil 10-oktabrdagi 4808-r sonli farmoyishiga ko‘ra, Diniy boshqarmaga ikkita diniy bilim yurti ochishga ruxsat berilib, Buxoroda Mir Arab madrasasi rasman ishga tushirilgan.
Eshon Boboxon Diniy boshqarmaga rahbarlik qilgan davrda Mir Arab madrasasining o‘quv dargohi sifatida rasman faoliyat ko‘rsata boshlashi Buxorodagi Bahouddin Naqshband, Samarqanddagi Shohi Zinda, Dushanbedagi Xoja Ya’qub Charxiy, Toshkentdagi Imom Qaffol Shoshiy kabi ziyoratgohlarning ochilishi, viloyatlar markazlarida yirik jome masjidlarni ishga tushirilishi, qator islomiy osori-atiqalarni ta’mirlanishi va boshqa ko‘pgina xayrli ishlarni bevosita u zotning shaxsiy sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilgan.
1945-yilda Muftiy Eshon Boboxon o‘g‘illari Ziyovuddinxon, Ufa Diniya Nazoratining raisi Abdurahmon Rasuli va Qozondagi Marjoniy nomli masjidning imom-xatibi Qiyomiddin Qodiriy hamrohligida sho‘rolar hukmronligi davrida ilk bor muborak haj safariga bordilar va o‘sha davrdagi Saudiya Arabistoni qiroli Abdul Aziz bin Saudning iltimosiga binoan u bilan uchrashdilar va uning aziz mehmoni bo‘ldilar. 1953-yildan beri to shu kunga qadar muntazam davom etib kelayotgan diyorimiz musulmonlari vakillarining haj safariga borishlari o‘sha tarixiy uchrashuvning samarasidir.
Muftiy Eshon Boboxon hazratlari 1957-yil tabarruk yoshda bu foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyoga rixlat qildilar. U zotning janozalariga O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning barcha o‘lkalaridan minglab musulmonlarning hozir bo‘lishi va Imom Qaffol Shoshiy jivorlariga dafn etilishi uning xalq orasida naqadar hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lganining isboti edi.
Ne’matullo MUHAMEDOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri,
tarix fanlari doktori
Izoh qoldirish