433

Bosh imom-xatiblar uchun navbatdagi malaka oshirish o‘quvlari boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat, tuman/shahar Bosh imom-xatiblari uchun “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida din soha xodimlarining oldida turgan vazifalar” yo‘nalishida 36 soatlik malaka oshirish o‘quvlari boshlandi.

Bugun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda boshlangan malaka oshirish o‘quvlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori M.Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S.Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy N.Xoliqnazarov ishtirok etdi.

Ushbu o‘quvlarning birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, akademik Akmal Saidov “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish”, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Aktam Muhammadiyev “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojidin Xojimatov tomonidan “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” mavzularida dars mashg‘ulotlari olib borildi.
 

Mazkur malaka oshirish o‘quvlaridan ko‘zlangan maqsad Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va maqsadlaridan kelib chiqqan holda diniy soha xodimlari oldida turgan diniy-ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy ishlarni yanada jadallashtirish, yoshlar tarbiyasi, ularni yot g‘oyalar ta’siridan saqlashga qaratilgan targ‘ibotlarni keng ko‘lamda tashkil etish, ayniqsa, imom-xatiblarning fuqarolar bilan ishlash, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam vakillarini jamiyatga qaytarish bilan bog‘liq faoliyatlarini samarali tashkil etish mexanizmlari bilan qurollantirishdan iborat.

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish