469

Milliy o‘zligimizning muhtasham timsoli

BOQIY MEROS

O‘tmishda mustabid tuzum nazariyotchilari o‘zbek xalqi uchun “yangi tarix”, “yangi til”, “yangi madaniyat” va hatto “yangi qadriyatlar” yaratmoqchi bo‘ldi. Uni ko‘p ming yillik porloq tarixidan, milliy va ma’naviy qadriyatlaridan ajratib, milliy huviyatini (o‘zligini) buzib, o‘tmishi va barcha moddiy-ma’naviy yodgorliklarini inkor etish darajasigacha olib borishni rejalashtirdi.

140 yillik oq va qizil imperiya davrida o‘zbek millati tarixini voqelikdan uzoqlashtirib yozish va talqin qilish uchun bir sun’iy maktab yaratildi. O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixi qisman ana shu maktab ko‘rsatmalari asosida yozib kelindi.

Har bir davlatda ilmiy yuksalish iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy rivojlanish bilan uyg‘unlashib harakat qilishi kerak. Aks holda jamiyat hayotida muvozanatsizlik yuz beradi. O‘zbekistonda tarixchilik ushbu dialektik uyg‘unlikdan uzoqlashib, tarix fani davr taqozosi va mustaqillik talablariga javob berolmay qoldi. Bora-bora bu masala mustaqillik davri boshlanishida ham o‘z yechimini topmagan murakkab bir muammo bo‘lib qolaverdi.

Istiqlol e’lon qilinganidan so‘ng mustaqil O‘zbekiston davlati tomonidan ushbu tarixiy zaruratga ko‘ra soha mutaxassislari bilan muloqot o‘tkazildi. Mazkur suhbat jarayonida O‘zbekiston tarixchilari hozirgacha ham sovet tarixchiligi maktabi yaratgan g‘oyaviy kishanlardan qutula olmagani ta’kidlab o‘tildi. 

Muloqot jarayonida tarixchilardan siyosiy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zbek davlatchiligi negizi va tarixiy g‘oyalari isbotlab berilishi so‘raldi, har bir tarixchi siyosatchi bo‘lishi kerakligi urg‘ulanib, bu sohada zamonaviy dovyurak olimlar tarbiyalash uchun maktab yaratish kerakligi ta’kidlandi. 

O‘rtaga tashlangan masalalar, darhaqiqat, inkor etib bo‘lmaydigan achchiq voqeliklardan boshqa narsa emas edi. Asosiy maqsadlardan biri esa O‘zbekiston tarixshunosligini sobiq sovet dunyoqarashi kishanlaridan ozod qilishga chaqirishdir. Haqiqatni ko‘rish yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan qora pardani yirtib tashlash kerak. Bunday qalin parda ortidan turib voqelikni ko‘rish, boshqalarga ko‘rsatish va haqiqatni anglatish esa imkonsiz edi. 

Asosan, o‘lka va millat tarixini o‘rganish uchun asl manbalarni tekshirib, tarixiy haqiqatlarni ulardan qidirib topib, isbotlab berish kerak. Har bir fanning o‘ziga xos manbalari bor. Ijtimoiy fanlar va boshqa fanlar tarixini, ayniqsa, tarix fanini unga tegishli manbalarga tayanmasdan ilmiy uslubda o‘rganish mumkin emas. Lekin qaysi manbalar asosida o‘rganish kerak? Sovetizm g‘oyalariga asoslanib yozilgan asarlar hech qachon o‘zbek millati va uning davlatchiligi tarixini to‘la va to‘g‘ri aks ettira olmasligi aniq. Chunki ko‘p hollarda bunday asarlar muayyan siyosiy maqsad, ya’ni sovetlar hokimiyatini ko‘klarga ko‘tarish bilan birga, millatlarning milliy g‘ururini sindirish, o‘zligidan uzoqlashtirib, ularni manqurtga aylantirish niyatida yozilgan.

O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini ilmiy asosda o‘rganish bo‘yicha asosiy amaliy qadamlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘yildi. Uning jasoratli tashabbusi bilan bu sohada anchadan beri to‘planib qolgan muammolarga yechim bo‘ladigan muhim hujjatlar e’lon qilindi. Shuningdek, ayni jarayonni targ‘ib qiluvchi “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur telekanalda o‘zbek xalqining porloq o‘tmishi, tarix davomida ko‘rgan yaxshi-yomon kunlari, dushmanlarga qarshi olib borgan qahramonlarcha kurashlari, ilm-u ma’rifat sohasida erishgan yutuqlari, jahon madaniyatiga qo‘shgan katta hissasi borasida salohiyatli olimlar va mutaxassislar o‘z mulohazalarini bildirib kelmoqda.

“O‘zbekiston tarixi” telekanaliga asos solinishi bir inqilobiy qadam sifatida qora pardalar ortida yashirilgan xalqimizning cheksiz moddiy va ma’naviy iftixorga to‘lgan o‘tmishini ko‘rish uchun ochilgan bir darcha bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida ikkita muhim haqiqatga ishora qilib, “O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo miqyosida o‘zbek tilida 50 millionga yaqin odam so‘zlashadi”, deganida naqadar haq gapni aytdi. Shuningdek, u “Biz buyuk tarix, buyuk davlat va buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz”, deb ta’kidladi.

Bu gap turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqi uzoq muddatli tarixi mobaynida erishgan yutuqlarining bir moʻjaz ifodasi edi. Ko‘p qirrali ushbu buyuk tarix va madaniyatning barcha manbalari yetarli darajada o‘rganilib, xalqqa ko‘rsatilmagan. Tadqiqotchilar ajdodlar qoldirgan ilmiy merosni yanada ko‘proq o‘rganishi, ushbu merosning yangi va o‘ziga xos jihatlarini xalqqa yetkazishi zarur. 

Xalqimiz yaratgan buyuk madaniyat asrlar osha takomil bosqichlarini bosib o‘tib, keng ko‘lamda rivojlangan va mintaqa miqyosida boshqa xalqlar madaniyati bilan muloqotda bo‘lib, ularga ta’sir o‘tkazgan va o‘z o‘rnida ta’sirlangan ham... 

Birinchi Sharq Renessansiga Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino o‘z asarlari bilan ulkan hissa qo‘shgan. Ikkinchi Renessans davri esa Temuriylar Renessansi atalib, mazkur davr Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, Alisher Navoiy kabi mutafakkir va olimlarning ijodi, ilmiy faoliyati asosida gullab-yashnagan.

Ayrim Gʻarb olimlari e’tirofiga asoslanib dadil aytish mumkinki, ajdodlarimiz o‘z asarlari va nazariyalari bilan matematika, tibbiyot va geografiya borasidagi izlanishlari tufayli Yevropa Renessansi uchun juda katta ilmiy poydevor yaratib bergan. Xalqimiz yaratgan mazkur tengsiz madaniyat yuksak tarix va buyuk davlatlar tarixiy manbalarida o‘z aksini topgan bo‘lsa ham yetarli darajada o‘rganilmagan va barcha qirralari ochib berilmagan.

O‘zbekiston Prezidenti jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lmish ushbu yirik tamaddunni boshqa madaniyatlar, ayniqsa, Islom tamadduni bilan qo‘shib o‘rganish maqsadida “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi”ga asos solgani e’tiborga molikdir. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzalaridan birida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi tashkil etilishidan asosiy maqsad xalqimizning yaratuvchilik dahosi bilan bunyod etilgan ana shunday noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan aholi va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizasiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson ongini egallash uchun turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Ayni paytda “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi” Toshkentdagi Xastimom majmuasi hududida 7 gektarlik maydonda barpo etilmoqda. Markaz binosining uzunligi 145 metr, eni esa 115 metrni tashkil etib, bino uch qavatdan iborat bo‘ladi. Binoning markaziy gumbazi balandligi 64 metr. 

Markaz binosining birinchi qavati ilmiy-tadqiqot markazi, restavratsiya va elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, 200 kishilik zamonaviy kafeteriy, muzeyga kirish yo‘llari va chiptaxonalardan iborat bo‘ladi. 

Ikkinchi qavatida mazmuni va eksponatlar xilma-xilligi bo‘yicha betakror, mavzu yo‘nalishlari bo‘yicha shakllantirilgan, eng zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etiladigan, islom olamining bebaho merosidan namunalar, turli noyob eksponatlarni o‘z ichiga olgan, qariyb 15 ming kvadrat metr ko‘rgazma zaliga ega muzey joylashadi. Muzeyning eng markazida, 50 metr balandlikdagi gumbaz ostida butun islom olamining durdonasi hisoblangan “Usmon mus’hafi” o‘rin oladi. 

Uchinchi qavatda islom dunyosi tamadduniga oid qo‘lyozmalar va ularning elektron ko‘rinishini qamrab olgan, shuningdek, barcha turdagi zamonaviy davriy nashr manbalariga ega bo‘lgan kutubxona joylashadi. Markaz yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma, toshbosma kitoblar, tarixiy dalil-u hujjatlar, din va ma’rifat mavzusidagi zamonaviy kitob va nashr mahsulotlarining eng yirik asl hamda elektron ko‘rinishdagi ma’lumotlar bazasiga, 100 mingta qo‘lyozma fondi mavjud bo‘lgan kutubxonaga ega bo‘ladi.

Markazda qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori atiqalarni eng zamonaviy usullarda restavratsiya qilish, tiklash, nusxa olish va ko‘paytirish bo‘limi faoliyat yuritishi mo‘ljallangan.

Shuningdek, ushbu maskanda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etiladigan 40 mingdan ziyod eksponatlarni o‘z ichiga olgan fondga ega muzey tashkil etiladi. 

“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi” davlat reestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilangan. Markaz respublika hududida saqlanayotgan barcha yozma manbalarning davlat reestrini tuzadi va doimiy monitoringini yuritadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shug‘ullanayotgan xodimlarning muntazam ravishda kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Markazda yurtimiz hududida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalar ahamiyatiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvali ishlab chiqilib, xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etib boriladi. 

Vazirlar Mahkamasi markaz bilan birga davlat tasarrufida bo‘lgan qadimiy yozma manbalarni markaz tasarrufiga o‘tkazishni bosqichma-bosqich amalga oshiradi. Qadimiy yozma manbalarni xarid qilish va davlat tasarrufiga topshirish mexanizmi ishlab chiqiladi. Jahon internet tarmog‘ida yurtimizdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning hayoti, ma’naviy merosi haqidagi ilmiy ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

2022-2023-o‘quv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiya va restavratsiyasi” ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, “Matnshunoslik va qadimiy manbashunoslik” ta’lim yo‘nalishi mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratiladi.

Joriy yildan boshlab soha bo‘yicha ilmiy xodim va restavratorlarning har yili xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish choralari ko‘rib boriladi. Xattotlik san’atini tiklash, islom manbalarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslari va Kitobat ilmi maktabi tashkil etiladi. 

O‘zbekiston Prezidenti qarorida “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi”ni islom dunyosi miqyosida bir buyuk tamaddun xazinasi, ilm va ma’rifat tarqatish maskani darajasiga ko‘tarishning keng qamrovli dasturi joy olgan.

Shu o‘rinda O‘zbekiston davlat rahbarining “Biz buyuk tarix, buyuk davlat va buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz”, degan moʻjaz va hikmatli so‘zlarini nazarda tutgan holda, ushbu mavzu bo‘yicha ayrim fikr va mulohazalarimizni bayon etmoqchimiz.

Olimlarimiz turkiy xalqlar tarixining tub mohiyatiga yetib borish uchun qadimiy yozma yodgorliklar, ayniqsa, O‘rxun-Enasoy toshbitiklari, uyg‘ur yozuvida yozib qoldirilgan ma’lumotlar, shuningdek, So‘g‘d va Xorazm yozuvlariga keng murojaat qilishlari kerak bo‘ladi. Negaki, har bir xalq tarixida yozuvning shakllanishi ijtimoiy taraqqiyot jarayonida uning bir yuksalish bosqichi ko‘rsatkichi bo‘lib, unga tegishli bo‘lgan madaniyatni isbotlovchi faktdir. O‘rxun-Enasoy yodgorliklari xalqimiz o‘tmishi, madaniy va ma’naviy hayotiga oid juda ko‘p faktlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu yozuv Markaziy Osiyo hududida islom dini tarqalishi davrigacha yetib kelgan bo‘lsa, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk”da, Alisher Navoiy “Munshaot”da turk xati deb atagan uyg‘ur yozuvi, temuriylar davlati, ayniqsa, Sulton Husayn Boyqaro hukmronligida ham davlat ishlari bo‘yicha ishlatilar edi.

Tariximizning ikkinchi muhim manbai arxeologik qazilmalardir. Bu yodgorliklar nafaqat O‘zbekiston va Movarounnahr hududida, balki O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga tegishli bo‘lgan turli davlatlar, ayniqsa, kushonlar, eftalitlar, g‘aznaviylar, xorazmshohlar, saljuqiylar va temuriylar davlatlariga tegishli bo‘lgan Afg‘oniston, Hindiston, Eron va Xitoy hududlarida topilgan qazilmalardan iborat. 

Yunon, xitoy, arman va hind tarixchilari yozgan asarlar, ayniqsa, yunon va xitoy mualliflaridan qolgan tarixiy kitoblar, sayohatnoma va yilnomalarda O‘zbekiston qadimiy tarixiga oid juda ko‘p qimmatli ma’lumotlar borligini tadqiqotchilar eslatib o‘tgan. Negaki, qadimiy Turon hududida tuzilgan ko‘p davlatlar, ayniqsa, Yunon va Xitoy davlatlari bilan yaqindan iqtisodiy va madaniy munosabatda bo‘lgan. 

Islom dini tarqalgandan keyin arab, fors, urdu tillarida yozgan muarrixlar, Ibn Battuta kabi sayyohlar, adib va adabiyotshunoslar yozib qoldirgan son-sanoqsiz asarlar mavjudki, ularni o‘rganmay turib Movarounnahr tarixi, o‘zbek millatining kechmishi va amaliy hayotini to‘liq yoritish qiyin bo‘ladi. 

Manbashunoslikni kengaytirish va rivojlantirish uchun ayrim musulmon mamlakatlarda amalga oshirilgani kabi O‘zbekistonda ham tarix sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan birga, tarjima bosqichini ham o‘tkazish foydali bo‘lardi. Bunda, avvalo, bugungi kunda Yangi O‘zbekiston kun sayin jahon miqyosida hurmat va olqishga sazovor bo‘lib kelayotganini e’tiborga olish zarur. Shundan kelib chiqqan holda, tarix va adabiyotshunoslik fanlarini rivojlantirib, xalqaro me’yorlarga moslashtirish uchun o‘zbek millati madaniyati, tarixi va o‘tmishiga tegishli manbalarni, jahon adabiyotiga oid yirik asarlarni asl manbalardan tarjima qilib, yosh tadqiqotchilar, adib va shoirlarga, umuman, xalq e’tiboriga havola etish zarurligini sezamiz.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, o‘zbek xalqi yaratgan buyuk madaniyat bizga yetib kelgan qadimiy qimmatli qo‘lyozmalarda o‘z aksini topgan. O‘zbekiston ushbu xazinalari bilan jahon miqyosida yetakchi o‘rinlarda turadi. Birgina Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining Hamid Sulaymon nomidagi qo‘lyozmalar fondida minglab asarlar mavjud. Ayrimlari bir nechtadan boshlab 20-30 jildgacha, balki undan ham ko‘proq kitoblar nusxalarini o‘z ichiga oladi. 

Masalan, R 501 raqamda saqlanayotgan mujallad Maxdumi A’zamning 26 tadan ko‘proq mustaqil risolalarini o‘z ichiga olgan. Agar kutubxonadagi qo‘lyozmalarni mustaqil nusxalar asosida hisobga oladigan bo‘lsak, mazkur fondda arab, fors, turk tillari va boshqa sharq tillarida nihoyatda ko‘p noyob qo‘lyozmalar mavjudligini ko‘rish mumkin. Diniy idora kitoblar fondi, Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasi, Islom akademiyasi va boshqa ko‘plab shaxsiy arxivlarda minglab qo‘lyozmalar o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda. Jumladan, sharqshunoslik fondida R 1386 raqamdagi “Majmua ul-vasoiq” (“Vasiqalar to‘plami”), Samarqand mahkamasi (sudi)ning XVI asr ikkinchi yarmiga tegishli bo‘lgan 737 rasmiy hujjati saqlanib kelmoqda. Ular XVI asrda o‘zbek davlatchiligida sud tizimi, uning salohiyati va amaldagi qonunlari, shartnomalar, o‘sha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, xalqning turmush darajasi, ishlatadigan pullari, urf-odatlari, rasm-u rivojlarini anglab olib, tekshirish uchun cheksiz ahamiyatga ega hujjatlardir.

Bu o‘rinda yana bir muhim manbani eslatib o‘tish lozim. U temuriylar davlatining davomchisi bo‘lmish boburiylar davlatining huquqiy kodeksi, arab tilida yozilgan “Fatovoi Olamgiriy” yoki “al-Fatovo-alhind” nomli katta hajmli (6 tomda nashr etilgan) kitobdir. Bu asar Avrangzeb Olamgir buyrug‘iga binoan bir katta ilmiy hay’at orqali Shayx Nizom rahbarligida to‘rt jild (3500 bet)da yozilib, mamlakat bo‘ylab barcha sudlar uchun huquqiy kodeks sifatida qo‘llanib kelingan. Asarning 18 ta nusxasi Sharqshunoslik instituti kutubxonasida mavjud bo‘lib, u boburiylar davlatidagi sud tizimini o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi.

Manbashunoslik bo‘yicha O‘zbekistonda yetuk kadrlar tayyorlashga oid O‘zbekiston Prezidenti qarorlarida yetarli yo‘llanmalar berilgan. Hozircha ayrim oliy o‘quv yurtlarida turli sharq tillari kafedralari mavjud. Bu kafedralarda manbashunos yosh olimlar o‘qitilayotgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati zamona talablariga to‘liq javob bera olmaydi.

Talabalar mazkur tillarni ilmiy darajada o‘rganib, o‘qib yozish va tarjima qilish malakasiga ega bo‘lishi kerak. Ular har doim mutaxassis ustozlar rahbarligida qo‘lyozmalar fondida mashg‘ulot olib borib, matnlarni o‘qib, ularni tahlil qilish, qiyosiy shaklda o‘rganib tanqidiy yondashish va tarjima qilishni o‘rganishlari zarur. Manbashunos kadrlarni sharq-u g‘arb mamlakatlari qo‘lyozmalar fondlarida malaka oshirish va tajriba almashish uchun u yerlarga yuborib turish yaxshi natijalar beradi.

O‘zbekiston kutubxonalarida to‘plangan va katta qismi hanuzgacha qo‘l tekkizilmagan nodir qo‘lyozmalar o‘zbek millati, uning tarixi va davlatchiligi haqida ko‘p narsalarni o‘z sahifalarida saqlab kelmoqda. Ularni o‘qib, tarixiy voqeliklarni belgilab olish, Vatan tarixini yozish uchun boshlangan harakatni tezlashtirish kerak. Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, bir necha yil oldin arab, turk va fors tillarida yozilgan 1013 nusxa qo‘l yozma kitoblarning katalogi tarix fanlari nomzodi Dilorom Yusupova bilan marhuma Ra’no Jalilova hammuallifligida nashrga tayyorlangan edi.

Bu kutubxonalardagi kitoblar katalogini nashr etish izlanuvchilar va kitobxonlar uchun katta yordam berib, ularning ishini osonlashtiradi. Agar boshqa qo‘lyozmalar fondlari ham o‘zlaridagi qimmatli kitoblar katalogini tayyorlab nashr etsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yetuk manbashunos kadrlar tarbiyalab, portal yaratish va kitobshunoslik bo‘yicha ixtisoslashgan jurnal nashr etish Yangi O‘zbekistonda ushbu soha bo‘yicha ko‘plab malakali mutaxassis olimlar va muarrixlarni yetishtirish borasida qulay sharoit yaratib beradi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, tariximizni xolis va haqqoniy yoritishda yangi maktabga asos solish uchun munosib zamin tayyorlaydi.

Said Abdulhakim Shar’iy JUZJONIY,

huquq fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 9-sentabr, 184-son

Izoh qoldirish