405

Vatan himoyasi — muqaddas burch!

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi keng jamoatchilik hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Zero, yangi O‘zbekiston taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega mazkur nutq har bir yurtdoshimizning ertangi taqdiriga bevosita daxldor hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada aytib o‘tilgan masalalarning mazmun-mohiyati, uning jamiyat rivojida tutgan o‘rnini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarga yetkazish dolzarb vazifa sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram shodiyonasi shukuhi hamda Yurtboshimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasini o‘g‘il-qizlarga tushuntirish maqsadida Akademiyaning “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti tomonidan o‘tkazilgan uchrashuvda fakultet dekani Ashirali Abdirashidov, fakultet tarkibidagi kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti dotsenti, polkovnik Shuhrat Hotamov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti doktoranti, katta leytenant Jasur Usmonov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni fakultet dekani Ashirali Abdirashidov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, yig‘ilganlarni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti dotsenti, polkovnik Shuhrat Hotamov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti doktoranti, katta leytenant Jasur Usmonov, Akademiya professor-o‘qituvchilari so‘zga chiqib, Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida bildirilgan fikrlar, unda ko‘tarilgan dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tishdi.

Ma’ruzachilar tomonidan mazkur muhim hujjatda yakuniga yetgan yilda amalga oshirilgan ishlar natijalari sarhisob qilinib, 2021-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari hamda yaqin kelajakda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgani qayd etildi.

Tadbir yakunida talabalarni jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan hamohang tarzda tarbiyalash muhim vazifa ekanligi haqida so‘z bordi. Yoshlarda vatanparvarlik, ona yurt sarhadlarimiz himoyasiga daxldorlik ruhini shakllantirish uchun ikki muassasa o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish kerakligi ta’kidlandi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish