288

Islom taraqqiyot banki vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom taraqqiyot banki vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bankning Texnik hamkorlik bo‘limi xodimi Farruq Muhammad, bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Husan Hasanov, vakolatxona xodimi A.Qodirov, shuningdek, Akademiyaning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev va Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Abdullajonov ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Farruq Muhammad Islom taraqqiyot bankining texnik ko‘mak dasturlari, xususan, Reverse Linkage dasturi haqida ma’lumot berib o‘tdi. Mazkur dastur rivojlanayotgan mamlakatlardagi davlat tashkilotlari va turli muassasalar uchun o‘z faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba bilan boyitish imkonini yaratishini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev Akademiya ham aynan yuqoridagi dasturlar yordamida nufuzli oliy ta’lim muassasalarning zamonaviy ta’lim tizimini o‘rganish va tajriba almashish maqsadida Malayziyaga qisqa muddatli tashrif buyurish rejalashtirayotganini ta’kidladi.

Farruq Muhammad dasturda ishtirok etish uchun tashrifdan ko‘zlangan aniq maqsadlarni belgilash va ularni bank bosh ofisiga yuborish lozimligini bildirdi. Shuningdek, bu kabi loyihalar yillik moliyaviy xarajatlarga bog‘liq bo‘lganligi uchun rejalashtirilayotgan tashrifni 2023-yilning yanvar oyida amalga oshirishni tavsiya etdi. Bu vaqtgacha barcha zaruriy hujjatlar taqdim etilib, bank ularni ko‘rib chiqqanidan so‘ng qaror qabul qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida Islom taraqqiyot banki vakillari Akademiyaning bu kabi tashabbuslarini doimo qo‘llab-quvvatlashi, uni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini qayd etishdi.

Izoh qoldirish