Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!
Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Muhtaram vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyom tom ma’nodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Ta’kidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz.
Ishonchim komilki, ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch raxna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi.
Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o‘zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o‘g‘lonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan qo‘rqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush o‘rtoqlari bilan baham ko‘rib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildiraman.
Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga tog‘dek tayanch bo‘lib turgan buyuk ma’naviy kuchni ko‘ramiz. bugungi ulug‘ ayyomda sizlarning ham Vatanimizning mudofaa qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan e’tirof etamiz.
Qadrli do‘stlar!
Biz bundan to‘rt yil oldin O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
O‘tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi.
Tariximizda birinchi marta o‘z mohiyatiga ko‘ra noyob tizim – harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda.
Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.
Albatta, o‘tgan 2020 yil jahondagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz uchun ham jiddiy sinovlar yili bo‘ldi. Biz koronavirus pandemiyasining tahdidiga, shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan tabiiy va texnogen ofatlarga duch keldik.
Ana shunday g‘oyat keskin sharoitda Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Amir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon bo‘lmoq – chin vazifangizdur”, degan ezgu da’vatini o‘ziga shior qilib oldi.
Ular xalqimizga yanada yaqin bo‘lib, safarbarlikni oshirib, qisqa muddatlarda o‘z oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni munosib ado etganini barchamiz cheksiz minnatdorlik bilan qayd etamiz.
Ayniqsa, bu jarayonda harbiy shifokor va xizmatchilarimiz, huquq-tartibot organlari va qutqaruv xizmati xodimlari haqiqiy mardlik va jasorat namunasini, yuqori kasbiy mahoratni namoyon etganlari alohida tahsin va e’tirofga sazovordir.
Bunday murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish borasida oldimizga qo‘yilgan dolzarb vazifalarni tezkor va samarali hal etish imkonini beradi.
Mintaqamizda yagona bo‘lgan ushbu yangi akademiya harbiy tibbiyot sohasida, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan yuqori malakali va ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Akademiyada jahon andozalariga mos innovatsion ishlanmalar hamda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan o‘quv-laboratoriya xonalari va eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratilmoqda.
Milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yanada oshirish imkonini berdi.
Pahlavon va botir o‘g‘lonlarimiz xalqaro harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari, armiya va sport musobaqalarida dunyodagi yetakchi mamlakatlarning harbiy xizmatchilariga aslo bo‘sh kelmasdan, g‘alabaga bo‘lgan irodasini yaqqol namoyish etib, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini isbotlamoqdalar.
Muhtaram vatandoshlar!
Biz global iqtisodiy inqiroz ta’siriga qaramasdan, harbiy xizmatchilarimiz va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, harbiy shaharchalarni obodonlashtirish, ularda zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo‘yicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettirayapmiz.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun qo‘shimcha ravishda ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi. 3 mingdan ziyod harbiy pensionerlar ishga joylashtirildi. Harbiy xizmatchilarning mingdan ortiq farzandlariga oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishlari uchun davlat grantlari ajratildi.
Hech shubhasiz, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilidа bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘taramiz.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Yoshlari forumida, Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomamizda ham ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni aniq belgilab berdik.
Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning jismoniy va ma’naviy sog‘lom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashi uchun barcha kuch va imkoniyatimizni to‘liq safarbar etamiz.
Jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishimiz kerak.
Ayniqsa, adashib, yot g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sog‘lom turmush tarziga, to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda harbiy xizmatchilarimiz davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.
Hurmatli mard va jasur Vatan himoyachilari!
Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart.
Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, bo‘linmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qo‘llash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi.
Hech shubhasiz, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz.
Hurmatli do‘stlar!
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan siz, azizlarni va oila a’zolaringizni yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va saodat, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Xalqimizning yuksak ishonchi va hurmat-ehtiromi sizlarga hamisha yor bo‘lsin!
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni
Izoh qoldirish