Mustabid tuzumga o‘zligini anglaydiganlar kerak emas edi
31-AVGUST – QATAGʻON QURBONLARINI YOD ETISH KUNI
Poytaxtimizning Shahidlar xiyobonidagi tabarruk maskanda erk, ma’rifat uchun kurashgan, yurt ozodligiga tashna o‘tgan ajdodlarimiz ruhi, xotirasini yodga olamiz. Bu yerda ularning xotirasini, aziz nomlarini tiklash, qadrlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xuddi soat millari kabi tin olmaydi.
Biz bu borada olib borilayotgan tadqiqotlar, erishilgan natijalar haqida so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida bo‘lib, muzey direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor HASANOV bilan suhbatlashdik.
– Avvalo, Mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganingizni eshitib juda quvondik. Bu yuksak mukofot muborak bo‘lsin!
– Rahmat. Bu e’tirof bizni yanada ko‘proq ilmiy izlanishlar olib borishga, ona Vatanimiz ravnaqi yo‘lida shijoat bilan mehnat qilishga undaydi.
– 2021-yil 31-avgust kuni Prezidentimiz “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyidagi sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishish asnosida, “Mustabid tuzumga millat ko‘zini ochadigan, unga o‘zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi – buyuk bo‘lgani”, deya ta’kidladi. Shu bilan birga, har bir hududdagi jadidlar, qatag‘on qurbonlari nomlarini tiklash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan, bu ma’lumotlar asosida “Qatag‘on qurbonlari” kitobi ham nashr etilishi aytib o‘tilgan edi. Suhbatimiz avvalida ushbu jarayondagi izlanishlar va yangi ma’lumotlar haqida gaplashsak.
– Bugungi global va shiddatli davrda yoshlarimiz ongida intellektual fikrlashni rivojlantirish juda muhim zarurat. Fikrlaydigan inson esa, albatta, o‘z tarixi bilan qiziqadi. Tarix, bu – ba’zilar o‘ylaganidek cho‘pchak yoki o‘tmishdan qolgan hikoyalar to‘plami emas, aksincha, ajdodlarimiz, xalqimiz haqidagi haqiqatlar, ota-bobolarimizning orzu-armonlari, dardi, hasrati. Ayni paytda siz-u bizning qalbimizni faxrga to‘ldiradigan sahifalardir. Muzeyimizga kelgan odam borki, bu kunlarga erishgunimizcha qanchadan-qancha insonlar juvonmarg bo‘lganini, ozodlik yo‘lida ko‘plab qurbonlar berilganini yanada chuqur anglab yetadi. Muzey tashkil etilgandan buyon o‘tgan davrda tarixiy adolatni tiklash borasida katta ishlar qilindi. Qanchadan-qancha nomlar, tarixiy haqiqatlar tiklandi.
Bu boradagi ishlar davom etmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktabr kuni e’lon qilingan “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishida ilmiy-ma’rifiy faoliyatimiz uchun muhim bo‘lgan vazifalar belgilangani alohida e’tiborga molik.
Bugungi kunda yurtimizda Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan 14 ta muzey faoliyat ko‘rsatmoqda. Tadqiqot olib borish uchun barcha maxfiy arxivlar eshigi ochib qo‘yildi. Izlanishlar natijasida 60 mingdan ortiq qatag‘on bo‘lgan ajdodimiz nomini tiklashga muvaffaq bo‘ldik. Shu bilan birga, “Qatag‘on qurbonlari” kitobining ilk xabarchi nusxasi nashrdan chiqdi. Bu kitob 14 bo‘limdan iborat bo‘lib, nomlari oqlangan bobolarimiz hayoti va faoliyati to‘la qamrab olingan. Kitoblarni yoshlar e’tiborini jalb etadigan qulay va qiziqarli ko‘rinishda nashr etishga harakat qilyapmiz.
Shu kunlarda yana bir hujjatli asar – “Tarixning noma’lum sahifalari” nomli kitobning 10-jildi ham chop etildi. Uning bir bobini “Hasratga ingan maktublar” deb nomladik. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondiga, muzeyimizga ko‘plab maktublar keladi. Ularning sahifalari “Otamni topib bering”, “Amakimning ishi oqlanganmi?”, “Bobomning aybi nima edi?” kabi adoqsiz va adolatli savollarga to‘la. Biz bunday maktublar bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borganimizda biror surat yoki ma’lumot topsak, ochig‘i, maktub egalaridan-da ko‘proq xursand bo‘lamiz. Ular kichik bo‘lsa ham har bir topgan ma’lumotimizdan g‘oyat quvonadi. Shu bois, maktublarni va ushbu maktublar bilan bog‘liq izlanish jarayonlarini mazkur kitobga kiritishga qaror qildik.
Shu o‘rinda yana bir voqeani aytib o‘tishni joiz bilaman. 2021-yil 31-avgustdagi uchrashuvda davlatimiz rahbari “Odina” masjidi 1938-yildan to 2004-yilgacha qamoqxona bo‘lganini qayd etib o‘tdi. Bu qamoqxonaning bitta kamerasiga yigirmalab odam qamalgan, begunoh insonlarga turli ayblar qo‘yilgan. Ayniqsa, 1980-yillarda “Paxta ishi” bo‘yicha hibsga olingan ko‘plab yurtdoshimiz nihoyatda og‘ir qiynoqlarga solingan. O‘sha uchrashuvda Prezidentimiz shu tarixiy joyni Qashqadaryo viloyati “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi binosiga aylantirsak, degan taklif bildirdi. Bu taklifni barcha mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng ishchi guruh Qashqadaryoga bordi. Qarshi davlat universitetining tarixchi olimlaridan iborat yana bir ishchi guruh tuzildi. Qisqa muddatda fayzli va shinamgina muzey bunyod etildi. O‘tgan yil 11-oktabrda Prezidentimiz Qashqadaryoga borib, ushbu muzey ishlari bilan batafsil tanishdi. Bunday ajoyib ilmiy-ma’rifiy maskan bilan bizni qutlab, viloyatlardagi har bir muzeyda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni aytib o‘tdi.
– Bugungi targ‘ibot va tadqiqot ishlaridan asosiy maqsad, avvalo, yoshlar tariximiz bilan bog‘liq haqiqatlarni bilsin, ildizlarimizdan boxabar bo‘lib, kelajakka hushyorroq, sergakroq boqsin. Shu ma’noda, ularni hozirda olib borilayotgan tadqiqotlar yo‘nalishi ham qiziqtirishi tabiiy. Shunday emasmi?
– Jadidlar – milliy ziyolilarimiz bilan bog‘liq ko‘plab ilmiy izlanishlar amalga oshirilmoqda. Ular bu kunlarni qanchalar orzu qilgan. Birinchi o‘rinda ta’limni rivojlantirish, eski maktablar o‘rniga yangi usul maktablarini ochish kerak, degan takliflar bilan chiqqan. Xalqning ongi va shuurini yoritish, yangi g‘oyalar, milliy maqsadlarni singdirish uchun gazeta va jurnallarni ko‘proq chop etishni istagan edi. Bid’at va kirdikorlikka barham berish uchun san’at, xususan, teatr san’atini rivojlantirishga harakat qilgan. Iqtidorli yoshlarni Yevropaning ilg‘or mamlakatlarida o‘qitish borasida dadil sa’y-harakatlar olib borilgan. Ular haqiqatni qo‘rqmasdan ayta olgan o‘ta jur’atli ziyolilar edi. “Vatan” nomli she’rida “Ey jannatmakon o‘lka! Olov va alamda tanang vayrondir, sevimli Vatan!”, deya hayqirgan Elbek ana shunday fidoyi vatanparvarlar safida bo‘lgan.
Ilmiy-tadqiqot ishlarimizga kelsak, ayni paytda Muso Saidjonovga bag‘ishlangan dissertatsiya ishi yaqinda keng jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi. Davlat va siyosat arbobi Fayzulla Xo‘jayev hayoti va faoliyatining yangi qirralari aks etgan yana bir yangi dissertasiya yoqlandi. Bu juda murakkab va fojiali qismatga ega shaxs. Uning o‘limidan oldingi “Men xoin yoki qotil emasman, men ham yashashni istayman”, degan so‘nggi so‘zlari har qanday kishini o‘ylantiradi, tarixga teran qarashga undaydi. Afsuski, uning kabi ko‘plab vatandoshlarimiz yo‘q qilib yuborilgan.
O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-u quruq baravar yonadi, deganlaridek, 1937-yilda ko‘plab davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari bilan birga ularning ayollari ham qamalgan. Ular safida qancha ziyolilar – olim, jurnalist, o‘qituvchilar bo‘lgan... Yosh tadqiqotchi Aziza Ahrorova nozik xilqat vakillarining qatag‘on qilinishiga oid ilmiy dissertatsiyani amalga oshiryapti. Muslimbek Alijonov esa Gʻozi Yunusga bag‘ishlangan dissertasiyasini boshladi. Bugun yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar, qolaversa, tariximizga, shahidlar xotirasiga bo‘lgan hurmat ularni bu boradagi tadqiqotlarni keng ko‘lamda va adolatli olib borishga undayapti.
– Oradan qariyb yuz yil o‘tib, 2021-yil 25-avgust kuni Oliy sud tomonidan 115 nafar qatag‘on qurboni, joriy yilning 6-yanvarida esa 120 nafar bobomizning nomi oqlandi. O‘z jonini Vatan uchun fido qilgan fidoyilarning sha’ni oqlangani tariximiz sahifalariga yangi mazmun olib kirdi. Shu ma’noda, muzey bu borada qanday yangi ma’lumot va eksponatlar bilan to‘ldirildi?
– Ana shu ezgu va savob ish tufayli 235 inson taqdiriga yorug‘lik kirib keldi. Bu kichkina raqam emas. Ammo 80-100 yil oldingi ishlarni qo‘zg‘ashning nima keragi bor, oqlashning nima foydasi bor, deganlar ham bo‘lgan. Buni qanday tushunish mumkin? Axir bu millatimiz tarixi, qatag‘on qurbonlarining taqdiri bilan bog‘liq haqiqatlar emasmi?
Nomi oqlangan yurtdoshlarimizni xalqimizga tanitish uchun O‘zbekiston tarixi kanalida “Millat fidoyilari” degan rukn ochildi. Mazkur ruknda berilayotgan ma’lumotlar teletomoshabinlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Chunki odamlarimizda to‘g‘ri va xolis ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyoj katta ekan. Ana shu yangi ma’lumotlar asosida 2020-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan qisqa muddatda 100 dan ortiq hujjatli film ishlandi. Har bir film zamonaviy axborot vositalari orqali muzeyimizga qo‘yilgan. Mana bu sensorli qurilmaning murvatiga tegsangiz bas, ma’lum bir shaxs bilan bog‘liq hujjatli filmni tomosha qilishingiz mumkin. Biz nafaqat davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari, balki boshqa soha vakillari haqida ham filmlar suratga olganmiz. Masalan, Mirzakarim Mirzarahimov Toshkent to‘qimachilik kombinati direktorining muovini bo‘lgan. Uni “buzg‘unchi”, “aksilinqilobchi”, “kombinatni portlatmoqchi bo‘ldi”, degan tuhmatlar bilan otib tashlashgan. Uning safdoshi, Germaniyada o‘qib kelgan to‘qimachi muhandis Oloviddin Isomiddinovni ham sud qilib, o‘limga hukm qilishgan. Bugungi kunda bu insonlarning farzandlari, nabiralari hayot. Ular film taqdimotida ko‘zlarida yosh bilan ishtirok etdi. Ularning qalbida uyg‘ongan g‘urur, adolat tuyg‘usini bir ko‘rsangiz edi...
Muhiddin Tursunxo‘jayev tashqi ishlar bo‘yicha vazir lavozimida ishlagan birinchi o‘zbek diplomati hisoblanadi. Bu kishining qizi Humayra Tursunxo‘jayeva hozir ham hayot – 97 yoshda. Otasining qamoqqa olinishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu ayolning xotiralarini tinglar ekansiz, mustabid tuzumdan nafratlanib ketasiz. Bu ayol Beriya, Jdanov kabi mustabidlarni ko‘rgan, ularning ko‘p qilmishiga guvoh bo‘lgan. Ushbu film muzeyga tashrif buyurgan barcha yurtdoshlarimiz e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
– Tariximizga nisbatan noxolislik ko‘plab yurtdoshlarimizni haligacha iztirobga solib keladi. Davlatimiz rahbari ham o‘z nutqida hamma davrning o‘z fojialari va muvaffaqiyatlari bo‘lishini hisobga olgan holda, tarixni boricha yoritish zarurligini ta’kidladi. Sizningcha, xolis munosabat to‘la shakllanishi uchun yana nimalar qilish zarur?
– Aytaylik, men sovet davrini ko‘rganman, ko‘p jihatlarini yaxshi bilaman. Agar hozir o‘sha davr bilan bog‘liq maqolalarni o‘qishga to‘g‘ri kelsa va to‘g‘ri yoritilmagan joylariga ko‘zim tushsa, darhol o‘sha joyini tuzatishga harakat qilaman. Tariximizni yoritadigan, uning sahifalariga bir oz bo‘lsa-da adolatli yangilik olib kiradigan kichik ma’lumot, tarixiy hujjat bo‘lsa ham, qayerda bo‘lmasin olib kelish, tadqiq etish, yosh avlodga haqiqiy manbalarni qoldirish kerak, deb bilaman. Shukrki, keyingi paytlarda yangi ma’lumotlar juda ko‘paydi. Ularning barchasini havola etish uchun yana 2-3 ta muzey kerak bo‘ladi. Mana shu muzeyimizning o‘zida 1000 dan ortiq eksponat bor. Bundan tashqari, bino yerto‘lasida 17 mingga yaqin eksponat va hujjatlar mavjud. Navbati bilan ularni elektron axborot bazasi orqali namoyish etishga harakat qil yapmiz. Masalan, “Tiklangan adolat” nomli bo‘limda nomlari oqlangan 235 inson hayoti va faoliyati bilan bog‘liq suratlar, ma’lumotlar kiritilgan. Nosirxon Kamolxon to‘ra 2021-yil 25-avgustda birinchilardan bo‘lib oqlandi. Uni “bosmachilarning rahnamosi” deb ayblashgan. Bolsheviklar u bilan birga tashkilotning 91 a’zosini 1931-yilda Toshkentda otib tashlagan. Otilgan shaxslarning hammasini oqladik. Hatto ularni otib o‘ldirishdan oldin rasmga ham olishgan ekan. Arxivlardan izlab topdik. Biz bu ma’lumot va suratlarni misqollab, nina bilan quduq azigandek mashaqqat chekib topganmiz. Suratda tashkilot a’zolari hammasi tetik kayfiyatda tasvirlangan. Maxfiy manbalarda qayd etilishicha, ularga juda qattiq azob berilgan. Urib, tepib, sutkalab tik turishga majbur qilishgan. Oyoqqo‘llarini sindirib, bir buyumdek kameralarga irg‘itib yuborishgan.
Yoki bo‘lmasa Ibrohim Cho‘qaboyevni olaylik. U O‘rta Osiyo bosqinchilariga qarshi kurashda yetakchilardan bo‘lgan. Bu insonni “Turkiston Bonaparti” deb ham atashgan. Buxoroda O‘rta Osiyodagi zulm va zo‘ravonlikka qarshi qurolli qarshiliklar qilgan. 18-25 yoshli yigitlar jonini o‘rtaga qo‘yib, Vatan ozodligi uchun shu inson boshchiligida kurash olib borgan. Ularni shu paytgacha bosmachi, ya’ni bosqinchi deb kelganmiz. Biz bu kabi ozodlik uchun kurashganlar bilan bog‘liq manbalarni o‘rganyapmiz.
– Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan yana bir jarayon haqida aytib o‘tmoqchi edim. “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” ruknida e’lon qilingan har bir xabar va ma’lumot yurtdoshlarimizda juda katta qiziqish uyg‘otdi...
– Muzeyimizning 2-zalida o‘sha davrda Germaniyada o‘qigan talabalarning qatag‘on qilinishiga bag‘ishlangan ekspozisiya joylashtirilgan. Ularning qatag‘on qilinishi bilan bog‘liq juda katta axborotni sig‘dira oladigan elektron baza ham bor. Muzey katta ilmiy xodimi Sherali Turdiyev ushbu ruknni boshlab bergan edi. Tadqiqotchi “Ular Germaniyada o‘qigan edilar” degan kitobida qatag‘on qilingan 70 dan ortiq yurtdoshimiz hayoti va faoliyatini jamlagan. Ayni paytda aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra bildikki, 70 emas, 100 dan ortiq talaba Germaniyada o‘qigan ekan. Xorazmlik Maryam Sultonmurodovaga tegishli ma’lumotga ko‘ra, Germaniyada o‘qigan talabalar ichida faqat u omon qolgan. Lekin 20-30 yillar davomida qamoqxonada saqlangan.
Shunday talabalardan yana biri – toshkentlik Xayriniso Majidxonova. U 1922-yilda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan. O‘sha yillarda ayollarning bilim olishiga qarshilik qiladiganlar juda ko‘p edi. Bu ayol shifokorlik bo‘yicha ta’lim olgan... Shunday ma’lumotlarni topishga muvaffaq bo‘ldikki, Germaniyada Xayriniso juda yaxshi o‘qishi bilan birga, nemis tilida namoyish etilgan “Makr va muhabbat” spektaklida Luiza obrazini yaratadi. Bu qiz Germaniyadan fotoapparat olib kelib, oila a’zolarini ham suratga tushirgan ekan. O‘sha rasmlarni ham topdik. Yana bir suratda esa Xayriniso Majidxonovaning olis qishloqlardan birida bolalarni ilk bor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilgani aks etgan.
Germaniyada o‘qib kelgan yoshlarni bolsheviklar “nemis ayg‘oqchilari”, “inqilobchilar” deb yo‘q qilib yuborgan. Agar o‘sha paytda xorijda o‘qib kelgan iqtidorli yoshlarimizni jismonan yo‘q qilib yuborishmaganida ularning safi yanada kengaygan, eng muhimi, yurtimiz taraqqiyotida qanchalar o‘zgarish bo‘lishi mumkinligini tasavvur etish qiyin emas...
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida faqat tarixiy manbalar, fotolar, ma’lumotlargina jamlangan emas. Muzeyda o‘sha davrda bag‘ri kuyuk bobolarimiz va momolarimiz tomonidan kuylangan xalq qo‘shiqlari, ashulalarni ham to‘plaganmiz. Aytaylik, “Poyizingni jildirgan...” nomli mashhur xalq qo‘shig‘ini Xudoyberdi Devonov filmidan yozib olganmiz. Bir eshitib ko‘ring-a...
Poyizingni jildirgan
O‘txonasi bilan do‘ngalagi.
Dvinskaga ketgan qo‘qonlik
Mard yigitning eng saragi...
– Bu ashula mening ham ko‘p xotiralarimni yodga soladi. Rahmatli Tursunoy buvim bolaligimda uni doimo xirgoyi qilib yurardi. “Quloqlashtirish” davrida buvimning oilasini Ukrainaga surgun qilishgan. O‘sha paytda u 4 yoshda bo‘lgan ekan. Otasi bedarak ketgani, onasi esa og‘ir kasal bo‘lib vafot etgani haqida yig‘lab-yig‘lab hikoya qilib berardi...
Demak, har birimizning ildizlarimizni bu tabarruk go‘sha bilan bog‘lab turadigan sabab va rishtalar bor. Shu bois, bu muzeyga o‘zligini izlagan, kimligini anglamoqchi bo‘lgan insonlar ziyoratga keladi. Yoshlarimiz ushbu dargohga kelib, ajdodlarimiz, yurtimiz tarixining hali ochilmagan sahifalarini o‘qishi, ota-bobolari qanday ma’rifatli va erkparvar bo‘lganini bilishi, ularning muqaddas xotiralarini ko‘ngillarida ehtirom bilan asrashiga ishonamiz.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 31-avgust, 178-son
Izoh qoldirish