Shukronalik va mehr-muruvvat bayrami
Jonajon Vatanimiz mustaqillikka erishgach, xalqimizga milliy udumlarimiz bilan bir qatorda ota-bobolarimiz azal-azaldan e’tiqod qilib kelgan diniy qadriyatlarimiz ham qaytdi. Sir emaski, muborak islom dinining an’analari asrlar davomida ona xalqimiz milliy qadriyatlariga uyg‘unlashib, uning ajralmas qismiga aylanib bo‘lgan. E’tirof etish kerakki, sobiq mustabid tuzumda ham xalqimiz o‘zining milliy va diniy qadriyatlariga sodiq qolib yashadi, ularni asrab-avayladi va qalbining to‘rida mana shunday hurriyat zamoniga yetkazib berdi.
Tasavvur qiling, bugungi kunda ham milliy, ham diniy bayramlarimizni keng miqyosda, bayram darajasida nishonlash uchun davlat hukumatimiz tomonidan maxsus qarorlarning chiqishini bundan 35 yil avval hayolga keltirish ham amrimahol edi. Ha, aziz yurtdoshlar! Biz mana shunday beg‘ubor, tinch, osuda mamlakatda, dorilomon zamonda umrguzaronlik qilmoqdamiz. Buning uchun Yaratgan Robbimizga cheksiz shukronalar aytib, bunday ulug‘ ne’matning haqqini ado etishimiz ham farz, ham qarzdir.
Bugun butun dunyo musulmonlari keng nishonlaydigan ulug‘ bayram – “Iyd ul Adho”, ya’ni Qurbon hayiti haqida suhbatlashamiz. Zero, ushbu mavzuda qo‘lga qalam olishimizga kuni kecha, ya’ni 2022-yil 1-iyul kuni muhtaram Yurtboshimizning xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo‘lgan muborak Qurbon hayiti mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash, keng targ‘ib etish, ushbu ulug‘ bayramning mamlakatimizda munosib nishonlanishi hamda barcha yurtdoshlarimiz to‘rt kun dam olishlari haqidagi qarorlari turtki bo‘ldi.
Haqiqatan, kirib kelayotgan azmi bayram – Qurbon hayiti mehr-muhabbat, muruvvat, shukronalik bayrami ekaniga kishi qalbida hech bir shubha qoldirmaydi. Yurtimizda muborak dinimizga e’tiqod qilishimiz uchun kundan kun yanada keng eshiklar ochilmoqda, imkoniyatlar kengaymoqda. Ayni damda Makka mukarramada o‘n ikki minga yaqin hoji vatandoshlarimiz qo‘llarini ochib yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun Allohga duolar qilib turibdilar. Yurtimiz tarixida shu kunga qadar bunday hajmda yurtdoshlarimiz haj ziyoratiga bormaganlar. Bu ham qalblarimizda mana shunday farovon yurtimizga, hukumatimizga nisbatan shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi, Allohga behisob hamdlar aytamiz.
Aziz yurtdoshlar! Hammamizga ma’lumki, Islom dinida ikkita buyuk bayram bizga Alloh tomonidan ne’mat qilib berilgan: birinchisi – “Iydul fitr” (Ramazon hayiti) bo‘lsa, ikkinchisi – “Iyd ul Adho” (Qurbon hayiti)dir. Mazkur ikki bayramning tarixi haqida ko‘plab hadislar bor:
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida, madinaliklarning ko‘ngilochar ikki kunlari bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu qanday kunlar?” deb so‘radilar. Ular: “Johiliyatda bu kunlari ko‘ngillarimizni xush qilardik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu ikki kunni ulardan ham yaxshi qurbonlik va fitr kunlariga almashtirdi”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).
Darhaqiqat, islom tarixiga nazar tashlasak, Madina ahli Islomdan oldin yilning ikkita kunini – bahorda shamsiy yilning boshlanishini va kuzda Mehrijon kunini bayram qilishar edi. O‘sha kunlarni ular turli o‘yin-kulgilar bilan o‘tkazishar edi. Yuqoridagi hadisga muvofiq, Alloh taolo ularga o‘sha ikki kunning o‘rniga boshqa ikki kunni bayram qilib nishonlashni Islom shariatida joriy qilib berdi. Shunday qilib, Islom arkon-asoslaridan hisoblangan ikki buyuk ibodat – ro‘za va haj ibodatlarining yakuni musulmonlar uchun eng ulug‘ bayram etib tayinlandi.
Hayit so‘zi arabchada “Iyd” deb ataladi. “Iyd” so‘zi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat” ma’nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va unda Allohning ne’matlari bandalariga serob bo‘lgani uchun uni “iyd” deb nomlaganlar. Aslida, turkiy tilidagi “hayit” kalimasi etimologiyasi arabcha “iyd” so‘ziga borib taqalishi manbalarda zikr qilingan. Ushbu ma’lumotlarni Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asarida uchratishimiz mumkin. Unda ta’kidlanishicha, o‘g‘uzlar (qadimgi turklar) ayrim hollarda so‘z boshidagi unli oldiga “h” harfini qo‘shib talaffuz qilishgan ekan. Buning natijasida “iyd” so‘zi turkiy qavmlarda bora-bora “hayit” shakliga aylanib ketgan ekan.
Musulmonlarning ushbu bayramlarini o‘z nomiga yarasha bayram, o‘yin-kulgu, ko‘tarinki kayfiyatda nishonlashlari shariatimiz tomonidan o‘z tasdig‘ini topganini alohida qayd etmoq lozim. Bunga bobomiz Imom Buxoriyning “Sahih”larida kelgan quyidagi hadisi sharifni misol keltirish mumkin:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Abu Bakr kirganida oldimda ansoriylarning qizlaridan ikki qizcha Buos kuni ansorlar aytishgan narsani qo‘shiq qilib aytayotgan edilar. Ikkovlari qo‘shiqchi emasdilar. Shunda Abu Bakr: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida shaytonning nag‘masi bo‘layaptimi?!”, – dedi. Bu, iyd kuni bo‘lgandi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakrga shunday javob berdilar: “Ey Abu Bakr, har bir qavmning bayrami bor. Bu bizning bayramimizdir”.
Yana bir hadisga ko‘ra: Abu Bakr u (Oisha)ning oldiga Mino kunlarida kirganida uning huzurida ikki qizcha qo‘shiq aytar va duff (doira) chalar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa kiyimlariga burkanib yotar edilar. Abu Bakr ikkovi(qiz)ni jerkib to‘xtatdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini ochib: “Tinch qo‘y ularni, ey Abu Bakr, bu kunlar iyd (bayram) kunlaridir”, – dedilar (Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Shunday ekan, biz hayit bayramlarini o‘yin kulgu va odob-axloq qoidalari asosida ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishimiz lozim bo‘ladi. Afsuski, sobiq sho‘rolar tuzimida mazkur ikki moʻtabar bayramni atayin azaga aylantirish maqsadida turli hunuk shakllar, urflar singdirilgan. Oramizda hanuzgacha hayit bayramini azaga aylantirib, fotihagarchilik qilayotgan yurtdoshlarimiz ham uchrab turishi achinarli holatdir. Ta’kidlash joizki, dinimizda Hayit kunlari fotihagarchilik qilish haqida bironta ko‘rsatma yo‘q. Shunday ekan, ushbu odatdan bugun voz kechish vaqti keldi. Chunki ushbu bayramni biz haqiqiy bayram sifatida kutib olishimizni yuqoridagi ikki hadis orqali asoslab berdik.
Endi yana bir masala borki, u ham bo‘lsa kirib kelayotgan Qurbon hayiti bayramida biz nimalarga e’tibor qaratishimiz va qanday tarzda nishonlashimiz kerak bo‘ladi, degan savollarga javob topish kerak. Qurbon hayitining eng asosiy fazilati va majburiyati bu – imkoni, qurbi yetgan odamning Alloh yo‘lida jonliq (qo‘y, tuya, mol) so‘yib qurbonlik qilishidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi shariflarida shunday marhamat qilganlar: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratdagi ofatlardan ozod etadi. Hayit namozini o‘qib, qurbonlik so‘ygan mo‘minlar mening ummatimdandir” (Imom Muslim rivoyati).
Musulmon kishining bu bayramda qurbonlik qilishi mo‘l-ko‘lchilikning ramzi hamda yurt va oilasining osoyishtaligi, barakasini ifodalaydi. Qurbonlik qilingan go‘shtlardan kam ta’minlangan insonlar, yetimlar, beva-bechoralarga tarqatiladi. Qurbonlikka noil bo‘lgan insonlar Yaratgandan qurbonlik sohibi haqqiga duoi xayrlar qiladilar. Natijada, o‘rtada mehr-muhabbat, sadoqat rishtalari mustahkamlanadi.
O‘zini musulmon hisoblaydigan har bir inson hayit bayramida quyidagi insoniy fazilatlarga rioya qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi:
O‘z oilasi, ahliga to‘kin-sochinlik sharoitini yaratib berishi kerak bo‘ladi. Bunda xonadon sohibi va a’zolari hayit kunlari oila ichida haqiqiy bayram kayfiyatini tiklashlari, dasturxonni odatdagidan yaxshiroq bezatishlari darkor. Imkoni bo‘lsa, bir-birlari bilan o‘zaro hadiyalar almashishlari ham nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Bu uni har bir musulmon o‘z qo‘ni-qo‘shnisidan xabar olishi, hayit bilan tabriklab, ularga ham sovg‘alar ulashishi bayram shukuhiga yana shukuh qo‘shadi va sohibi ehson ulkan savobga sazovor bo‘ladi. Bunga misol tariqasida quyidagi hadisni keltirishimiz mumkin:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Bir-birlaringga o‘zaro hadyalar berib turinglar, shunda bir-biringizga muhabbatingiz ziyoda bo‘ladi” (Imom Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilgan).
Shuningdek, ushbu kunda qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, bemorlarni ziyorat qilish, beva-bechoralarning holidan xabar olish, ularga xursandchilik ulashish ajoyib fazilat hisoblanadi. Chunki hayit kunlari silai rahm qilib qarindosh-urug‘, quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham ko‘ra darajasi yuqori bo‘ladi. Ushbu fikrimizga mazkur hadis dalil bo‘ladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kimni rizqini kengaytirilishi va ajalini ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai rahm qilsin” (Uchovlari rivoyat qilishgan).
Hayit bayramida bordi-keldi uzilib ketgan uzoq qarindoshlar bilan aloqani tiklash, bir-biri bilan xusumatlashib qolgan do‘stlarning hayit bahonasida yarashib olishlari zarur bo‘ladi. Bunday holda o‘rtadagi adovat, ginani birinchi ko‘targan insonga ko‘proq savob tegadi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam bir hadislarida shunday marhamat qilganlar:
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bir-birlaringizga o‘zaro hadyalar berishib turinglar, chunki hadya oz yo ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar, o‘rtadagi kek va adovatni ketkazadi va oralaringizda mehr uyg‘otadi”.
Yana shuni unutmaslik kerakki, hayit bayrami farzandlarimiz, nabiralarimizning ko‘ngillarini ko‘tarish uchun eng katta imkoniyatdir. Hayit namozidan qaytgach, bolalarga hayitlik, sovg‘alar berish orqali biz ularning ko‘nglini chog‘ etamiz. Ularning qalbida islom dinining ezgulik, mehr-muruvvat dini ekani muhrlanib qoladi.
So‘ng so‘z o‘rnida, aziz yurtdoshlarimizni kirib kelgan muborak Qurbon hayiti bayrami bilan chin qalbimizdan muborak etamiz. Qalblarimiz doimo imon nuri bilan munavvar hamda ezgulik, mehr-muhabbat, saxovat kabi oliy fazilatlarga oshno bo‘lsin! Musaffo osmon ostidagi osuda Vatanimiz zaminida yana ko‘plab hayit bayramlarini nishonlashni Alloh barchamizga nasib etsin!
Saidmuxtor OQILOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti,
tarix fanlari nomzodi.
Izoh qoldirish