391

Qurbon hayiti – inson qadri ulug‘lanadigan ayyom

2022-yil 1-iyulda Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari e’lon qilindi. Qurbon hayiti munosabati bilan 9-12 -iyul kunlari mamlakatimizda dam olish kunlari, deb e’lon qilindi. Bu ham yangi O‘zbekistonda inson qadriga bo‘lgan e’tiborning yorqin ifodasidir. Bayram kunlarida oila davrasida, yaqinlar, yoru do‘stlar, qarindosh-urug‘lar bilan huzur qilib, ulug‘ ayyomni nishonlash uchun ajoyib imkoniyat. Nuroniylarning ko‘ngliga yo‘l topish, shirindan shakar bolajonlarimizga hayitliklar ulashish, bayram ne’matlari bilan qo‘ni-qo‘shni, miskin-u faqirlarni yo‘qlash insonni qadrlashning aynan o‘zidir. 

Islom dini ta’limoti inson qadriga alohida e’tibor qaratadi. Alloh taolo “Isro” surasining 70 oyatida “Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda ot-ulov va kemalarga mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”, deydi. Ya’ni islom dini insonni aziz-u mukarramligini e’lon qildi. Inson boshqa jonzotlardan afzaldir. Har bir insonning qadri bor, maqomi bor, qimmati bor. 

Bu mukarramlik nimada? 

Bu mukarramlik koinotdagi barcha narsalar inson uchun yaratilganida namoyon. Bu mukarramlik  — Yer-u osmon, Oy va Quyosh, sayyora-yu yulduzlar, tuproq, suv, olov, havo kabi unsurlar, hayvonlar, o‘simliklar, qattiq jismlar, tog‘-u toshlar, daryo-dengizlar INSONGA XIZMAT qilishida namoyon. Qur’on karimdagi boshqa oyatda koinotdagi barcha mavjudotlar insonga bo‘ysundirilgani ta’kidlanadi. Demak, inson o‘ziga berilgan barcha ne’matlarni qadrlashi va shu bilan birga Alloh aziz qilgan boshqa insonlarning ham e’zozlashi kerak. Saodat yo‘li shudir. 

Islom dinining muqaddas bayramlari ham aynan inson qadrini ta’minlashga qaratilgan. Qurbon hayitining mohiyatida inson qadrini ulug‘lash mujassam. Qurbonlik — ibodat. Hayit namozi — ibodat. Bu ikki ulug‘ ibodat tarbiyasining mohiyati boshqa insonlarga ezgulik sog‘inish, tanigan va  tanimaganga salom berish ezgulik sog‘inish, tanigan va tanimagan miskinni, faqirni yo‘qlash, tanigan va tanimagan bemorning holidan xabar olish, tanish va notanish keksaning duosini olish, tanish va notanish yetimning ko‘nglini shod etishdir. Bayram mazmunida insoniyatga xayrixohlik, barcha bilan hamjihatlik, mehr-oqibat, mehr-muruvvat, mehr-muhabbat bor.

Qurbonlik bayramining tarixida ham inson qadri ulug‘lanishi qayd etilgan. Ibrohim alayhis-salomga farzandi Ismoil alayhis-salomni qurbonlikka buyurilishi va oqibatda Ismoil alayhis-salom o‘rniga jannatdan yuborilgan qo‘chqorning qurbonlik qilinishi inson zoti aziz-u mukarramligini bildirdi. Inson Alloh ato qilgan aziz umrni, aziz jonning evaziga qurbonlik ibodatini bajarishi belgilandi. 

Muqaddas dinimiz inson sha’ni va qadrining daxlsizligini e’tirof etgan. Qur’oni karimga ko‘ra, Bani Odam mukarramdir. U go‘zal suratda yaratilgandir. Hadisi shariflarga ko‘ra, har bir insonning moli, joni va obro‘si (qadr-qimmati) daxlsiz qadriyatdir va unga tajovuz qilish og‘ir gunohdir. Insonlarni yarashtirish, murosai madoraga keltirish, bir so‘z bilan aytganda, buning maqomoti tunlari nafl namoz o‘qish, kunduzlari nafl ro‘za tutish va nafl ehsonlari, xayr xudoyilarini amalga oshirishdan afzaldir. Barcha insonlarga birdek rahmli bo‘lish, shafqat ko‘rsatish Allohning marhamatiga noil etuvchi ezgu amallardandir. 

Qurbon hayiti – inson sha’ni va qadrining nechog‘liq yuksakligini ko‘rsatuvchi xayr-saxovat, mehr-muruvvat ayyomi, dillardagi gina-kuduratlar zavolga ketib, o‘rnini unsu-ulfat, do‘stlik va hamjihatlik egallovchi, hazrat Alisher Navoiy ta’rifidagi kabi so‘z va ko‘z ozodaligi, til va dil pokligi bayramidir. 

Hayit so‘zi istilohda bayram ma’nosini anglatadi. Uning lug‘aviy ma’nosi “foyda”, “manfaatdir”. Shuning o‘zi ham hayit ayyomida faqat foydali, manfaatli va savob ishlarga mashg‘ul bo‘lishga undaydi. 

Qurbonlik qilish Kavsar surasi 2-oyati bilan sobit bo‘ldi. 1-oyatda Yaratgan o‘z habibiga Kavsarni ato etganini bayon qiladi. Kavsar Payg‘ambar alayhis-salomga qiyomat kuni beriladigan suvi sutdan oq, asaldanda totli hovuz. Ammo ba’zi mufassirlar Kavsarni – xoyri kasiyr, ya’ni ko‘p yaxshilik deya sharhlaydilar. Demak, juda ko‘p yaxshilik ato qilindi. Endi bu yaxshiliklar shukronasi uchun hayit namozini o‘qish va qodir bo‘lgan kimsa qurbonlik qilish lozim bo‘ladi. Shu jihatdan Qurbon hayiti shukronalik bayrami sifatida nishonlanadi. 

Qurbon hayiti hijriy-qamariy taqvimga ko‘ra, zulhijja oyining o‘ninchi kunida nishonlanadi. Ayni paytda zulhijja oyi kirdi va uning dastlabki o‘n kunining o‘zi alohida fazilatlarga boy. E’tibor bersangiz, bu oy kirib kelishi bilan tabiatda, atrof-muhitda o‘ziga xos sokinlik, fayz-futuh sezila boshladi. Qadim qadimdan bu oy tinchlik va sulhparvarlik oyi hisoblanib, bu oyda ixtilof, ziddiyat va har xil to‘qnashuvlar to‘xtatilgan. Shu jihatdan bu oyning dastlabki to‘qqiz kunidagi ezgu amallar bilan o‘ninchi kuni nishonlanadigan hayitga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra, zulhijja kirgandan so‘ngi inson savobli va ezgu ishlarga ko‘proq ahamiyat berishi lozim. Bu kunlarda minglab yurtdoshlarimiz ulug‘ haj ibodatini amalga oshiradilar. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va farzandlarimiz kamolini so‘rab, duolar qiladilar. 

Hayit bayramiga xos go‘zal an’analar mavjud. Hayit o‘tar kechani ezgu amallar bilan o‘tkazish savobdir. Dinimiz ta’limotida kishilar to‘planadigan joylarga borishdan ilgari yuvinib, poklanish sunnat, ya’ni savobi ulug‘ amallar qatorida zikr qilingan. Mantiq oddiy: musulmon kishi nafaqat tili va qo‘li, hatto noxush hid bilan bo‘lsa-da o‘zgalarga zarar yetkazishi mumkin emas. Shu jihatdan hayit uchun g‘usl qilish, tishlarni misvok qilish (tozalash) va xushbo‘ylanish, o‘zidan xush ifor taratish, eng yaxshi liboslarini kiyib yasanish fazilatlidir. 

Qurboni hayitining asosiy ikki jihati: bu — Iyd namozi va qurbonlik qilishdir. Qurbonlik, albatta, iyd namozidan keyin amalga oshirilishi kerak. Shu o‘rinda bir nuqtaga alohida e’tibor qaratish zarurdir. Ko‘pchilik ongida qurbonlikni so‘yib, bir qismini tarqatish kerak, degan qarash hukmron. Qurbonlikni uchdan birini tarqatish bu moddiy jihatdan juda to‘q, badavlat kimsalarga xosdir. Agar o‘rtahol, ko‘pchilik bilan istiqomat qilinadigan oila egasi qurbonlik qilsa, u oila a’zolari bilan qurbonlikni iste’mol qilishi ham  savobdir. Ya’ni qurbonlik mohiyatida avvalo, oilaviy bayram mujassam. 

Ba’zi insonlar qo‘y so‘yish deganda yoniga xudoyi qilishni qo‘shib ishlatadilar. Bu doim ham to‘g‘ri emas. Oila o‘rtahol. Lekin bir qo‘y so‘yishga bemalol qurbi yetadi. Qurbonlikni so‘yib, avvalo, oilasini, farzandlarini, ota-onasini xursand qilsin. Uning bir qismini tarqatish, asosan, kunda bo‘lmasa-da, haftada, oyda tez-tez qo‘y so‘yib turadigan, zakot berish imkoniyatiga ega bo‘lgan badavlat kimsalar uchun mustahab, savoblidir. Shu jihatdan, boy-badavlat kimsalar ehtiyojmandlar holidan xabar olishlari, ularga qurbonlik va hayitliklardan ulashishlari jamiyatdagi tenglik va hamjihatlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Qurbon hayitida qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘larni yo‘qlash, keksalar va bemorlar holidan xabar olish, ularga hadyalar ulashish fazilatlidir. Bolajonlarimiz bu kunlarda hayitlik sovg‘alardan masrur bo‘ladilar. 

Shuningdek, Qurbon hayitida ro‘za tutgan, gunoh ishlarni qilgan, uni azaga aylantirgan kimsalar bu ulug‘ ayyom fazilatlaridan mahrum bo‘ladilar. Ginalar unutiladigan, yurakda ezgu niyatlar porlaydigan Qurbon hayitini munosib o‘tkazish har bir imonli insonning muhim vazifasidir. 

Bugun yurtimiz bo‘ylab inson sha’ni va qadr-qimmati ulug‘lanayotgan, odamlarimiz qalbida rizolik va shukronalik tuyg‘ulari tobora yuksalib borayotgan ekan, Qurbon hayiti bu fazilatlarni yanada ziyoda bo‘lishiga, oilalarimiz totuvligi, dasturxonlarimiz to‘kinligi, turmushimiz totliligini ko‘proq his qilishga undaydigan savobli, fayzli, barakotli ulug‘ ayyomdir. Bu kunlarni faqat ezgu amallar bilan o‘tkazish, ota-onalarimizning ezgu duolarini olish, umr yo‘ldoshimiz, farzandlarimiz, aka-singil, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, yoru do‘stlarimizga imkon darajasida hayitliklar ulashish muhim. Hayitlik faqat moddiy ko‘rinishda emas, balki xushkalom, xushkayfiyat bilan bo‘lsa-da ularni xursand qilish ham ulkan hayitlikdir. Zero, o‘zganing yuziga kulib, tabassum bilan boqish ham ehsondir.

Inson qadri ulug‘lanayotgan dorulomon davrda Qurbon hayitini munosib nishonlash, mahalla ishlarida faollik bilan Vatan ravnaqi, xalqimiz hamjihatligi, yurtimiz farovonligi  yo‘lida xizmat qilish burchimizdir. 

Saidafzal SAIDJALOLOV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi, 

Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi. 

Izoh qoldirish