392

XAYR-U SAXOVAT VA EZGULIK AYYOMI

SHUKRONA

Xalqimizning bayramlari ko‘p. Ular orasida ikki diniy bayram – Iyd al-fitr va Iyd al-adho ham alohida surur bilan nishonlanadi. Ramazon hayitini bir oylik ro‘za ibodatining shukronasi sifatida e’zozlaymiz. Bu muqaddas oyda kishi ruhi va tanasini poklaydi, irodasini chiniqtirish orqali imon-e’tiqodini yanada mustahkamlaydi. Shu tariqa Parvardigorning rahmatiga yo‘llar ochadi. Qurbon hayiti zulhijja oyining dastlabki o‘n kunligi yakuniga to‘g‘ri keladi. Islom mehr-muruvvat, saxovat, insonparvarlik, bag‘rikenglik, ma’rifat va tinchlikparvarlik dini sifatida silai rahm, kattaga hurmat, kichikka izzat, yetimlarga g‘amxo‘rlik va muhtojlarga yordamni ham ulug‘ ibodatlar qatoriga qo‘shgan.

Zulhijja oyining birinchi o‘n kunida bu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Odamlar ushbu g‘animat kunlarda zikr, namoz, ro‘za va ehsonga, harom amallardan saqlanishga, qalb pokligi va husni xulqqa yana ham ko‘proq e’tibor beradi. Gina-kuduratlar bo‘lsa, uzr-ma’zur qiladi. Imkon qadar o‘zgalarning og‘irini yengil qilishga shoshiladi. Haj ibodati ham ayni shu kunlarda ado etiladi. Shu bois, bu oy “zulhijja”, ya’ni “haj sohibi” deb ataladi.

Qurbon hayitining yana bir ulug‘ jihati bor. Bu kunlarda butun dunyo bo‘ylab millionlab yo‘qsillarning bahri dili ochiladi — ular anchadan buyon ko‘rmay-totmay kelayotgan ne’matlardan bahra oladi. Sir emaski, jahonda hayotida “ko‘rmoq” va “yemoq” so‘zlari uyg‘unlashmay kelayotgan millionlab odamlar bor. Xususan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti — FAO ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 828 milliondan ziyod inson ochlikdan aziyat chekmoqda. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, Iyd al-adhoning naqadar muazzam ayyom ekani yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bugun mamlakatimizda ana shu ulug‘ bayram shukuhi kezib yuribdi. Yurtdoshlarimiz bu kunlarda muttasil ravishda saxovat amallarini ado etmoqda. Ko‘pchilik bularni bajarish barobarida, dinimizdagi insonparvarlik g‘oyalarini tarannum etuvchi buyuk ibodat — qurbonlik amalini ham bajarmoqda.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (ularni qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zingiz ham yeyaveringiz, bechora-kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 27-28-oyatlar).

Mashhur tafsir ulamolari “ma’lum kunlar” jumlasini zulhijja oyining birinchi o‘n kunligi deb e’tirof etgan. Oyat va hadislarda kelgan dalillarga binoan, zulhijja oyining dastlabki o‘n kuni dinimizda hayoti dunyodagi eng afzal kunlar deb ta’riflanadi.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kunlarda qilingan yaxshi amallar Alloh taologa boshqa kunlardagidan ko‘ra suyukliroqdir”, deganlar.

Shu bois, zulhijjaning birinchi o‘n kunligida yurtimiz musulmonlari hamjihatlik bilan joylarda nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisiz qolganlar, kam ta’minlangan oilalar, mehnat faxriylarini yo‘qlab, holidan xabar olib, ko‘tarinki kayfiyat ulashadi. “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga ziyoratlar uyushtiriladi, xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.

Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tish lozimki, biz bilan bir zaminda yelkadosh bo‘lib yashab kelayotgan boshqa din vakillarining shu kunlarda yurtimiz musulmonlarini xayr-saxovat va ezgulik bayrami bo‘lmish Qurbon hayiti bilan muborakbod etishi asriy an’ana hisoblanadi. Bu go‘zal an’ana aziz Vatanimizda turli konfessiyalar vakillari bugun ham tinch-totuv, do‘st-birodar bo‘lib istiqomat qilib kelayotgani, jamiyatimizda amalda diniy bag‘rikenglik ruhi hukm surayotganining yana bir yorqin dalilidir.

Darhaqiqat, tinchlik, osoyishtalik va halovatdan azizroq ne’mat yo‘q bu dunyoda. Notinch yurtda to‘y-tomosha, xursandchilik, o‘yin-kulgi bo‘lmaydi, bo‘lganda ham tatimaydi. Urushning eng yaxshi kuni ham tinchlikning eng yomon kuniga teng kela olmaydi, deydilar. Urush halovatni olib ketadi, insonlar orasidan mehr-oqibatni aritadi, ulug‘, ezgu maqsadlar, xayrli rejalar, istiqbolli g‘oya va bunyodkorlik ishlarini butunlay xayoldan faromush qiladi, yurtdan xayr-barakani ketkazadi. Aytish mumkinki, turli millat va elat vakillaridan iborat yurtdoshlarimizning barchasi muborak ayyom nafasi barq urib turgan mana shu kunlarda buni qalban, dildan his qilishi, hushyorlik va ogohlikni qo‘ldan bermay, osuda va farovon hayotimizning har lahzasiga shukrona keltirishi zarurdir.

Biz xalqimizga xos bo‘lgan fazilatlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Bular orasida eng qiyin vaziyatlarda ham kuch-qudratimiz, nimalarga qodirligimizni namoyon etadigani, shak-shubhasiz, birdamlik, ahillik, bag‘rikenglikdir. Shu sababli ham “Kuch — birlikda!” degan naql azaldan qon-qonimizga singib ketgan. Hech bir xavf yo tahdidni aslo yolg‘iz holda daf etib bo‘lmaydi, uni faqat birgalikda, hamjihatlik bilan, jipslashib yengish mumkin. Buyuk tarixga ega, dunyo tamaddunining har bir jabhasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarga avlod bo‘lgan xalqimizning hikmat va donolik bilan tinchlikni mudom qadrlab, muqaddas bayramlarni viqor va shukuh bilan tantana qilib kelayotgani tahsinga sazovordir.

Ming shukrki, haj amali farz bo‘lgan musulmonlar uchun Makka yana o‘z bag‘rini ochdi. Butun bashariyat boshiga tushgan og‘ir sinov — COVID-19 pandemiyasi sababli ushbu ibodat vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan edi. To‘g‘ri-da, inson salomat bo‘lsagina, sog‘lig‘iga xavf tahdid solmasagina ibodatni mukammal ado eta oladi. Tana sog‘lom bo‘lmasa, hech narsa ko‘ngilga sig‘maydi, hech narsaga qo‘l bormaydi.

Shu kunlarda butun dunyo musulmonlari qatori minglab yurtdoshlarimiz ham haj ziyoratini ado etmoqda. Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq, joriy yilda O‘zbekistondan muborak haj safari uchun ajratilgan kvotalar soni sezilarli darajada oshirilgani ham bayram ustiga bayram bo‘lib, barchamizning quvonchimizga quvonch qo‘shdi.

Yana bir tomoni borki, buni alohida qayd etmasa bo‘lmas — bu yil ziyoratchilar Hajji akbar sohibi maqomini olish sharafiga muyassar bo‘lmoqda. Hajji akbar — eng ulug‘ haj.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Kunlarning eng afzali arafa kunidir. Agar u juma kuniga to‘g‘ri kelsa, jumadan boshqa kunga to‘g‘ri kelgan yetmishta hajdan afzaldir!” Ha, ayni paytda hojilarimiz ajri va fazilati eng ulug‘ bo‘lgan hajni ado etmoqda. Bu ham muqaddas ayyom — Qurbon hayiti bayramiga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi, albatta.

Fursatdan foydalanib, bayram kunlarida yurtdoshlarimiz uchun yana bir xushxabarni mamnuniyat bilan yetkazishni joiz topdik. Ma’lumki, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari buyuk vatandoshimiz Imom Abu Mansur Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilotul Qur’on” asarining 30-juzini o‘zbek tiliga o‘girgan edi. Ulug‘ ayyom arafasida bu tarjima “Hilol Nashr” nashriyot-matbaa uyida bosmadan chiqarilib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.

Aytish kerakki, Markaz jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, dinimizni sof holatda saqlab, kelgusi avlodlarga buyuk ajdodlarimizning durdona asarlari orqali bus-butun yetkazishga xizmat qiluvchi muassasa sifatida xalqimiz tarixida birinchi bo‘lib shunday yirik ilmiy ishga qo‘l urdi. Endilikda hamyurtlarimiz tarixning barcha bo‘hronli bosqichlarida aqidaviy zarbalarga munosib qarshi tura olgan va muqaddas dinimizning mohiyati va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yaqqol namoyon qilishga qodir bo‘lgan bu nodir asardan bahramand bo‘lmoqda.

Qo‘shaloq xursandlik, chuqur masrurlik ruhi ufurib turgan shunday fayzli kunlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi ochiqko‘ngil xalqimizni Qurbon hayiti bilan qizg‘in muborakbod etib, Yaratgandan yurtimizda tinchlik va farovonlik barqaror bo‘lishini, oilalarimizdan qut-baraka arimasligini tilab qoladi.

Alloh taolo barcha ibodatlarimizni qabul aylab, duolarimizni ijobat etib, xayrli ishlarimizda madadkor bo‘lsin!

Qurbon hayitining qut-barakasi va barcha fazilati dillarimiz va go‘shalarimizni charog‘on qilsin!

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 9-iyul, 138-son

Izoh qoldirish