Mehr-muruvvat va xayr-saxovat bayrami
Xalqimizning muqaddas e’tiqodi – islom dini tinchlik, ma’rifat va mehr-muruvvat dini sifatida barcha insonlarni ezgulikka, yaxshilikka da’vat qilib kelmoqda. Ayniqsa, uning qadriyatlari va fazilatlari hayit kunlarida o‘zgacha fayz bilan qalblarimizni munavvar etadi. Zero, iyd Qurbon kunlarida kasalmand, muhtoj kishilar, keksalar holidan xabar olib, ularning ko‘nglini ko‘tarish, yoru birodarlar, qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish, hayitliklar ulashish ulug‘ savobli amallardan hisoblanadi.
Prezidentimizning 2022-yil 1-iyul kuni Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingani ushbu ayyomning xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyati naqadar yuksakligidan dalolat beradi.
Mazkur qarorda “Xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri bo‘lgan muborak Qurbon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, ushbu ulug‘ bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining 2022-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9-iyul – shanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2022-yil 9-iyul kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin ”, deb ta’kidlangan.
Ushbu hayitning yana bir yaxshi tomoni shundaki, bunda qurbonlik qilinadi. Diniy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Allohning payg‘ambarlaridan Ibrohim alayhissalom suyukli farzandlari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini tushlarida ko‘radi. Sahobalardan Abdulloh ibn Abbosning aytishicha, barcha payg‘ambarlarning ko‘rgan tushlari vahiydir. Shuning uchun ham Ibrohim alayhissalom tushlaridagi belgiga ko‘ra, istamasa-da Allohning amriga bo‘ysundi... Bu haqida Qur’oni karimdagi “Soffot” surasining 101 – 110 oyatlarida batafsil bayon etilgan.
Muhimi, Ibrohim va Ismoil payg‘ambarlar Allohning amriga itoat etib, ko‘p ajr-u savobga hamda beqiyos mukofotga sazovor bo‘lishdi. Ular bu sinovdan keyin mehr-oqibat va imon-ishonchda yanada sobitqadam bo‘ldilar. Alloh taolo Ismoil alayhissalom evaziga katta bir qurbonlikni baxshida etdi. Shundan keyin Qurbon hayiti kunlarida yaxshi niyatlar bilan qo‘y, echki, tuya yoki mol so‘yib bajariladigan qurbonlik xayrli amallardan biriga aylandi.
Ibrohim va Ismoil alayhissalom qissalarida ota va bola, umuman, insonlar o‘rtasidagi nozik rishta hisoblanmish mehr-oqibat to‘g‘risida so‘z yuritilgan. INSON deya atalmish xilqatni aziz-mukarram qilib yaratgan Parvardigori olam uning qalbiga, avvalo, mehrni solgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislarida “Rahmdillarga Rahmon rahm qiladi. Siz Yerdagilarga mehribon bo‘lsangiz, sizga Osmondagi mehribon bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar. Rasuli akram Rahmon va Rahim kabi Allohning ulug‘ sifatlari nafaqat insoniyatga, balki butun mavjudotga qaratilganini ta’kidlaganlar.
Qurbon hayitida nafaqat mehr-muruvvat, balki xayr-saxovat ham ko‘rsatiladi. O‘ziga to‘q, zakot berishga qodir bo‘lgan kishilar qurbonlik so‘yish bilan Alloh oldidagi ibodatlarini bajaradilar. Muhtojlarga tarqatilgan qurbonlik go‘shtlari insonning moli va umriga baraka beradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Inson uchun Qurbon hayiti kuni Alloh yo‘lida qon chiqarish (qurbonlik qilish)dan ham sevimli va maqbulroq amal yo‘qdir. Qurbonlikning qoni yerga tushmasdan oldin (bu ibodat) Alloh dargohida qabul bo‘ladi. Bas, shunday ekan, qurbonlik qilish bilan dillaringizni xushnud eting”, deb marhamat qilganlar.
Bunday muborak kunlarda yetimlar, nogironlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga xayr-saxovat ko‘rsatish katta savobli amallardan sanaladi. Bu borada Navoiy hazratlarining shunday misralari bor:
Har kishi ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.
Hayit kunlarida har qanday urush-janjallar to‘xtatilgan. Insonlar o‘rtasidagi adovat, araz, gina-quduratlar unutilgan. Bu esa kishilar qalbida bir-biriga nisbatan mehr, muruvvat, oqibat kabi fazilatlarning jo‘sh urishiga sabab bo‘lgan. Fikrimizni quyidagi rivoyat bilan muxtasar qilmoqchimiz.
Payg‘ambarimiz davrlarida sahobalardan biri nihoyatda kambag‘al, muhtoj holda yashardi. Hattoki, biron bir kimsaga xayr-saxovat ko‘rsatishdan ojiz edi. Bir kuni kechqurun haligi sahoba: “Parvardigorim, menga zulm qilgan kishilarni kechirdim, ularga hech qanday gina-kuduratim yo‘q, mana shuni xayr-ehson sifatida qabul qilishingni so‘rayman”, debdi. Ertasiga esa payg‘ambarimiz o‘sha sahobaga “Qilgan ehsoning Allohning huzurida qabul bo‘libdi”, deya xushxabarni yetkazibdilar”.
Ko‘rinib turibdiki, Qurbon hayiti insonlar orasini isloh etish, ular o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini bog‘lash bilan bir qatorda xayr-saxovat mehr-muruvvat ko‘rsatishga chorlovchi ulug‘ bayramlardan biri sanaladi.
Ne’matullo MUHAMMEDOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi mudiri,
tarix fanlari doktori, dotsent.
Izoh qoldirish