QADRIYATLARI QADRLANGAN YURT
SHUKRONA
Yurt tinchligi va osoyishtaligi shu yerda yashayotgan xalqning sof niyati hamda o‘zaro hamjihatligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlarning farovon hayotini ta’minlashda davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro minbarlarda baralla yangragan “ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”ka chaqiriq butun dunyoda e’tirof etildi. Bu tashabbus Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini taqdim qilish, savodsizlik va bilimsizlikni bartaraf etishdan iborat.
Hujjatda “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni o‘rnatish, diniy erkinlikni ta’minlash, dindorlar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik”ka ham chaqirilgan. Mazkur takliflar asosida BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabrdagi yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi BMTga a’zo 50 dan ortiq davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Rezolyutsiyada ta’lim, tinchlik, inson huquqlari, bag‘rikenglik va do‘stlikning olg‘a surilishi muhim rol o‘ynashi ta’kidlanadi, shuningdek, dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bag‘rikenglik va o‘zaro tushunishning muhimligi tan olinishi belgilanadi.
“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etish maqsadida yana bir muhim hujjat – “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Joriy yil 16-20-may kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida bu hujjatning muhim ekani e’tirof etildi.
Forum ishtirokchilaridan biri, Brigam Yang universiteti professori Erik Jensen bunday dedi: “Qaysiki yurtda aholining har qanday toifasi o‘z dini, e’tiqodini erkin namoyon qilarkan, o‘sha zaminda fuqarolar o‘zlarini shu Vatanga daxldor, barcha jarayonlarga jalb etilganini his etadi. Shu o‘rinda ayni yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidlab o‘tishim kerak. Mamlakatingiz yildan yilga e’tiqod erkinligi va diniy qadriyatlarni tiklashda dadil qadamlar tashlamoqda. Hukumat din va e’tiqod sohasini milliy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi bilan uyg‘un muvofiqlashtirib boryapti”.
Bu e’tirof boshqa ishtirokchilar va xalqaro ekspertlar tomonidan ham alohida tilga olindi.
Diniy bag‘rikenglik hamda o‘zga millat va din vakillariga hurmat yurtimizda azaldan shakllangan ulug‘ fazilatlardan. Ko‘pgina mintaqalarda bir millat, bir din vakillari o‘rtasida turli kelishmovchilik va nizolar avj olgan davrlarda ham yurtimizda o‘zaro bag‘rikenglik, umuminsoniy odob-axloq normalariga amal qilingan. Bunga misol tariqasida Buxoroda dastlabki sinagoga VIII asrda qurilgani va yahudiylarga boshqa din vakillari bilan bir qatorda o‘z diniga erkin e’tiqod qilishi uchun o‘sha paytdayoq yetarli shart-sharoit yaratib berilganini keltirish mumkin.
Dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasi nafaqat dindorlarning, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikning muhim sharti hisoblanadi. Azal-azaldan yurtimizning yirik shaharlarida turli millat vakillari ibodatlarini emin-erkin ado etishiga alohida e’tibor qaratilgan, sharoitlar yaratilgan, tarixda diniy asosda mojarolar chiqmagani xalqimizning dinlararo bag‘rikenglik borasida ulkan tajribaga ega ekanidan dalolat beradi.
Jamiyatda muqaddas islom dinining buyuk insonparvarlik tamoyillarini asrash va keng targ‘ib etish dolzarb vazifaga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda keyingi paytda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ulug‘ allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va viloyatlarda kalom, aqoid, hadis, fiqh va tasavvuf ilmi maktablari tashkil etilib, islomning ezgu g‘oyalari keng targ‘ib qilinmoqda. Diniy ta’lim muassasalarida sof islom ta’limoti berilmoqda.
Prezidentimiz yoshlarni so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlaridan himoya qilish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratish kerakligini ta’kidlab, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif qilgan edi. Davlatimiz rahbari nutqida muqaddas kitoblarimiz va qadriyatlarimiz, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosida doimo halol mehnat bilan yashash, vatanparvarlik, mardlik, saxovat va kamtarlik ulug‘langani bildirilib, islom dinining insonparvarlik ahamiyatiga yana bir bor e’tibor qaratildi:
“Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.
Prezidentimizning Qurbon hayitini bu yil ham munosib o‘tkazish haqidagi farmonida ham o‘ziga xos qadriyatlarimizga aylanib ketgan ushbu bayram munosabati bilan xayr-saxovat, mehr ulashish, savobli amallarni keng tarzda amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan.
Yurtimizda muborak Qurbon hayitiga ezgulik, xayr-u saxovat va mehr-oqibat ko‘rsatiladigan kun sifatida katta e’tibor qaratib kelinadi. Bu kunda xursandchilik qilib, barcha mo‘min-musulmonlarda ko‘tarinki kayfiyat hukmron bo‘lishi, o‘zgalarga ham shu kayfiyatni ulashish lozim bo‘ladi.
Xalqimiz azaldan Hayit bayramlarida qarindosh-urug‘larni ziyorat qilish, keksalar holidan xabar olish, yor-do‘stlarga hadyalar ulashish, qo‘ni-qo‘shnilarga iltifot ko‘rsatish, bolalarga yangi kiyim-kechak va yoshlariga munosib sovg‘alar taqdim qilish kabi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlab, jamiyat vakillari o‘rtasida mehr-muhabbatni yoyishga intiladi.
Bu yilgi Qurbon hayitidagi imkoniyatlar hali O‘zbekiston tarixida bo‘lmagan yangiliklarga boyligi bilan ajralib turadi. 2022-yilning birinchi yarim yilida 35 mingdan ziyod yurtdoshimiz Umra amalini bajarib kelgani, ayni vaqtda 12 ming hojimiz Makka shahrida duoi ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lib turgani ham mamlakatimizda mavjud tinchlik va xotirjamlik hamda davlatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlarning yaqqol samarasidir.
Bu yil ziyoratga oshiqqan yurtdoshlarimizning Haj ziyoratlari yana bir ulug‘ ne’mat, ya’ni “Hajji akbar” – katta Haj yiliga to‘g‘ri kelayotganini ham alohida ta’kidlash joiz. Bugun dunyoda pandemiya holati hali ham davom etayotgan, ba’zi davlatlarda Haj safariga borishga ruxsat bo‘lmagan hamda barcha davlatlardan Haj kvotalari qisqartirilgan bir paytda yurtimizdan Haj safariga borganlar soni har yilgiga nisbatan yetmish foiz ko‘paygani va Umra ziyorati uchun cheklangan kvotalar olib tashlangani xalqimiz uchun ulug‘ tuhfa bo‘ldi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan bayram munosabati bilan dam olish kunlari ko‘paytirilgani yurtdoshlarimiz uchun yaqinlar, qarindoshlar, bemorlar holidan xabar olish, atrofdagilarga quvonch ulashish, xullas, savob amallarni ko‘paytirish uchun bir imkon bo‘ldi.
Hayit bayrami Allohning bir ne’mati bo‘lishi bilan birga, milliy birligimiz va hamjihatlikni ustahkamlash uchun ham e’tiborga molik fursatdir. Bayram arafasida barchamiz mehrga to‘lamiz, xursandchilik ulashamiz, hamjihatlik tuyg‘ularimiz ufuradi, agar oramizda adovat va qayg‘ular bo‘lsa, barham topadi.
Bu bayramning yana bir ulug‘ fazilati duolarning qabul bo‘lishidadir. Yurtimizdan Haj safariga borgan o‘n ikki ming hojimiz ulug‘ makonlardan turib yurtimiz, xalqimiz, kelajagimiz va yoshlarimiz haqqiga duolar qilishadi. Zero, bu fursat duo qilib, duolari ijobatini yaratgan Zotdan so‘rash vaqtidir.
Shukurillo UMAROV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 2-iyul, 131-son
Izoh qoldirish