TARAQQIYOTGA TAYANCH, ERTANGI KUNGA ISHONCH
30-IYUN – YOSHLAR KUNI
Aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladigan yurtimizda ertangi kun egalarining hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tibor dunyo davlatlari uchun namuna darajasiga ko‘tarildi. Bu – mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro forumlarda qatnashgan chet ellik mutaxassislarning samimiy e’tirofi.
Intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldor, serg‘ayrat, vatanparvar yigit-qizlar mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Yurtimizda bu yil beshinchi marta nishonlanadigan Yoshlar kuni mana shunday navqiron avlod vakillarining tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda o‘ziga xos rag‘batlantiruvchi mexanizm vazifasini o‘tayapti.
Nazarimda, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining mohiyati ham yoshlar bilan ishlash borasida yaratilgan yangi tizimda yorqin namoyon bo‘ladi. Eng avvalo, shaxsan davlatimiz rahbari, qolaversa, vazirlar va hokimlardan mahalla raisigacha – hammaning faoliyati mehvarida yoshlar bilan ishlash asosiy o‘rin tutyapti. Har bir mutasaddi rahbar o‘z oldiga “Bugun yoshlar uchun nima ish qildim? Yana nima qila olaman?” degan savollarni qo‘yib yashamoqda, ishlamoqda.
Yangicha yondashuv, o‘ziga xos uslub
Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni imzolanganidan bugunga qadar mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash tizimi ko‘plab bosqichlardan o‘tdi. Eng muhimi, bu yo‘lda jarangdor, havoyi shiorlardan voz kechilib, yoshlarning o‘zi bilan bevosita muloqot qilish, muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish bo‘yicha salmoqli ishlar bajarildi.
Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘ziga xos burilish yasab, yagona vertikal tizimni yaratishda mustahkam asos bo‘ldi. Har bitta mahallaga tengdoshlarining dard-u tashvishini yaxshi tushunadigan, muammosini hal etishga ko‘maklashadigan, yutuqlarini rag‘batlantirishga layoqatli, yosh va intiluvchan kadrlar orasidan tanlangan yoshlar yetakchilari tayinlandi.
Ular orqali mahallalardagi yoshlar muammolari to‘rt bosqichda – mahalla, tuman, hudud, mamlakat darajasida o‘rganilib, hal etiladigan yaxlit tizim yaratildi. Bu tizim orqali yuz minglab yoshlarni bilim olish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qiziqtirish, bandligini ta’minlash ko‘zda tutildi va o‘tgan davrda muayyan natijaga erishildi ham.
Bundan tashqari, yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida hukumatning 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan alohida dasturi qabul qilindi. “Eng faol mahalla yetakchisi” ko‘rik-tanlovi tashkil etilib, yuqori natijaga erishgan yoshlar yetakchisiga Prezident sovg‘asi sifatida avtomashina berildi. Bu yil mazkur mukofot bilan Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi “Sharqobod” mahallasining yoshlar yetakchisi Shohjahon Rahimberdiyev taqdirlandi.
Mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan hamma yoshlar teng foydalanishi uchun “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturi” amalga oshirilyapti. Mazkur daftar orqali ko‘rsatiladigan yordam turi 11 tadan 25 taga yetkazildi. O‘n uch yo‘nalishdagi imtiyozlar yoshlar yetakchilarining tavsiyasi asosida yigit-qizlarga taqdim etilmoqda.
Tizimni raqamlashtirish, imtiyozlarning shaffofligini ta’minlash, joylarda bajarilayotgan ishlarni uch bosqichda monitoring qilish imkonini beruvchi “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasi ishga tushirilib, “Yoshlar daftari”ni yuritish jarayoni to‘liq elektronlashtirildi.
Shu yil boshidagi xatlov va o‘rganishlar natijasida “Yoshlar daftari”ga 182 ming 620 nafar yosh kiritildi. Kasb-hunar o‘rgatish, imtiyozli kreditlar, yer va subsidiyalar ajratish hamda ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash natijasida joriy yil boshidan buyon 135 ming 470 nafar yigit-qizga ko‘mak berildi. Imkoniyati cheklangan va tibbiy yordamga muhtoj 47 ming 150 nafar yoshlar doimiy nazoratga olindi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir tuman (shahar)da moliyaviy manbalari aniq belgilangan alohida jamg‘armalar tashkil etildi hamda yil boshidan jamg‘armalarda 278,9 milliard so‘m mablag‘ shakllantirildi. Ushbu mablag‘ hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 38 ming ishsiz yigit-qizga uskuna, mehnat qurollari, urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiyalar ajratish, noturar joylar ijarasi kabilar uchun 195,4 milliard so‘mlik amaliy yordam ko‘rsatildi.
Yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, “yoshlardaftari.uz” elektron platformasi yoki “1093” qisqa raqami orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida ko‘plab yigit-qizlarning muammosi ijobiy hal etilib, tashkiliy, moddiy jihatdan ko‘mak berildi.
Ehtiyojga munosib daromad kerak. Buning uchun esa...
Bugun yoshlarning bandligini ta’minlash nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda dolzarb masala. Aksiga olib, bu qatlamning kuch-g‘ayrati va shijoatiga mutanosib tarzda moddiy ehtiyoji ham yuqori. Shaxsiy hayotini noldan boshlashi kerak. Oldida uylanish, boshpanali bo‘lish, ro‘zg‘or tebratish va boshqa masalalar turadi. Bu muammolarni yechish uchun munosib ish o‘rniga ega bo‘lish kerak. Yaxshi maosh to‘laydigan tashkilotlar kasbi, hunari bor odamni ishga oladi. Shu bois, bu yo‘nalishda ham muayyan natijalarga erishildi. Joylarda monomarkazlar tashkil qilinib, eng ko‘p qiziqish bildirilgan tikuvchilik, qandolatchilik, buxgalteriya, ayollar sartaroshi, elektr ustasi, ingliz tili mutaxassisligi, veb-dasturlash kabi sohalar bo‘yicha 834 nafar tinglovchi kasb-hunarli bo‘ldi. Shu yilning 31-may holatiga ko‘ra, ayni paytda o‘quv jarayoni davom etayotgan yo‘nalishlarda 525 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. Demak, yana shuncha yurtdoshimiz ishli bo‘lish imkoniga ega.
Esingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari qishloq joylardagi ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilib, daromad topishi uchun yer ajratish to‘g‘risida topshiriq bergandi. O‘tgan yillar davomida bu tajriba o‘zini oqladi. Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish imkoniyati yetarli bo‘lmagan hududda yashovchi yigit-qizlar o‘zlariga biriktirilgan tomorqadan unumli foydalanib, moddiy sharoitini yaxshilab oldi. Ezgu tashabbus davom ettirilib, bu yil ham dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagidagi 132 mingga yaqin yoshga 27,5 ming gektar ekin maydoni ajratildi. Yana 42,1 ming nafar yigit-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun 1 trillion 88,3 milliard so‘m imtiyozli kredit berildi.
Xususiy korxona va tashkilotlarda 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlarni ishga qabul qilishni rag‘batlantirish maqsadida 3,5 mingta korxonaga 50 milliard 63 million so‘m ijtimoiy soliq summasi byudjetdan to‘liq qaytarib berildi. Natijada yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 3 foiz qisqardi, yosh tadbirkorlar soni 180 ming nafarga ko‘paydi.
Prezidentimiz yaqinda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani asosiy qonun bilan mustahkamlash taklifini ilgari surdi. Bu g‘oya zamirida inson qadrini ulug‘lash turganini barcha teran his etadi. Zotan aholining barcha qatlamini, xususan, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosatining uzviy qismidir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 30-iyuldagi “Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Temir daftar”ga kiritilgan 90,8 ming oilaning 18 yoshga to‘lmagan 195,3 ming nafar farzandini qishki kiyim-kechak va o‘quv qurollari bilan ta’minlash uchun 97,6 milliard so‘m tarqatildi.
Yangi ovoz, yangi iqtidor
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan. Shunga monand bu yil har bir mahallada kitobxonlik, madaniyat va san’at, intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari bo‘yicha keng ko‘lamli “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘tkazildi. Musobaqalarga 6,2 million yosh qamrab olindi. Olimpiada doirasida tashkil etiladigan 8 ta yirik tanlov va musobaqa mahalla, sektorlar, tuman (shahar), hududiy, respublika miqyosida tashkil etildi. “Besh tashabbus olimpiadasi”ga 5 ta muhim tashabbusdagi barcha yo‘nalishlar qamrab olingan. Misol uchun, yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida aprel-may oylarida “Yoshlar ovozi” hamda aprel-iyun oylarida “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovlari o‘tkazildi.
Yangi shirali ovoz egalarini kashf etishga xizmat qilayotgan “Yoshlar ovozi” tanlovining mamlakat bosqichi Bo‘zatov tumani hamda Nukus shahrida o‘tkazildi. “Bo‘zatov FEST” – “Yoshlar ovozi” tanlovida 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 238 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz uch yosh toifasida o‘z iste’dodini namoyish etdi. Gʻoliblarga uchta o‘rin bo‘yicha 50, 30, 20 million so‘mdan pul mukofoti topshirildi. Bundan tashqari, respublika bosqichida ishtirok etgan barcha (g‘oliblardan tashqari) ishtirokchilar kafolatlangan 10 million so‘m bilan rag‘batlantirildi.
Jismoniy chiniqtirish, sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish, ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mahallalardagi yoshlar o‘rtasida futbol, mini futbol, voleybol, yengil atletika, stritbol, shaxmat-shashka, stol tennisi va “Street workout” bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Musobaqalar 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida besh bosqichda, 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida esa mahalla, tuman-shahar bosqichida tashkil etildi. Quvonarlisi, davlatimiz rahbarining shu yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ushbu sport turlari joriy yildan boshlab, har yili an’anaviy tarzda 30-iyun – Yoshlar kuni hamda dekabr oyidagi “Yoshlar forumi” doirasida besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari tarzida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Mazkur qaror bilan 2023-yil 1-martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi ham joriy qilinadi.
Aql gimnastikasida ham faolmiz
Shaxmat aqliy faoliyatni yaxshilaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yoshlar orasida ushbu sport turiga qiziqish tobora ortyapti. Ayni paytda Yoshlar ishlari agentligi bu sport turi bo‘yicha ham qator tanlovlar o‘tkazib kelmoqda. Xususan, agentlik hamda “Sky Chess” shaxmat maktabi hamkorligida “Chess club” loyihasi doirasida ilk marotaba “Black and white” (Qora va oq) turniri tashkil etildi. 25-26-iyun kunlari Yoshlar ishlari agentligining yana bir yirik loyihasi – sovrin jamg‘armasi 880 million so‘m bo‘lgan “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” respublika shaxmat turniri final bosqichi Qiziltepa tumanida joylashgan To‘dako‘l majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda turnirning mahalla, sektor, tuman va viloyat bosqichlarida saralangan 56 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bundan tashqari, may oyida yurtimizda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” doirasida xalqaro yosh shaxmatchilar turniri tashkil qilindi. Mukofot jamg‘armasi 110 million so‘m bo‘lgan turnirda 33 nafar shaxmatchi kuch sinashdi.
Bu yil hisobida shaxmat bo‘yicha yutuqlarimiz bisyor. Jumladan 21-29-may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida bo‘lib o‘tgan “5th Sharjah Masters International Chess Championship – 2022” xalqaro shaxmat turnirida Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Humoyun Bekmurodov kabi bir qancha yosh shaxmatchilar yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. 31 davlatdan 100 ga yaqin shaxmatchi dona surgan musobaqa natijalariga ko‘ra, 9 imkoniyatdan 7 ochko to‘plagan Nodirbek Abdusattorov chempionlar safidan joy oldi.
Nodirbek Abdusattorov o‘tgan yili ham FIDE jahon chempionatida shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lib, shaxmat tojini yurtimizga olib kelgandi. Yaqinda esa, Maldiv davlatining Ukulxas orolida 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida nufuzli Gʻarbiy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda 19 nafar yosh shaxmatchimiz yurtimiz sharafini himoya qildi. O‘zbekistonlik shaxmatchilar 10 ta oltin, 8 ta kumush va 5 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi. Mazkur turnirda 170 ga yaqin shaxmatchi qatnashgan. Quvonarlisi, shaxmatchi qizlarimiz Umida Omonova hamda Afruza Hamdamova Gʻarbiy Osiyo chempionatidagi barcha yo‘nalishda oltin medallarni qo‘lga kiritib, Gʻarbiy Osiyo chempionati mutlaq g‘olibi bo‘ldi.
Kitobxonlik eskirmaydi
Kitob insoniyat tafakkurining durdonasidir. U bobolarning aql-zakovati mahsulini avlodlarga tashiydi. Shu bois, yoshlar orasida mutolaa madaniyatini shakllantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish ommaviy tus olyapti. Jumladan, “Zukko kitobxon” intellektual o‘yini, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” hamda “Mushoira” tanlovlari o‘tkazilyapti. “Yosh kitobxon” respublika tanlovi boshlangan 2017-yildan bugunga qadar 3 million nafardan ortiq yoshni qamrab oldi. 2017-yilda bellashuvda qatnashish uchun arizalar soni 240 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 555 mingdan ortdi. Shu raqamning o‘ziyoq o‘g‘il-qizlarning kitob mutolaasiga qiziqishi, tanlovga ishonchi yildan-yilga oshayotganini ko‘rsatadi.
Mahalladagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ham “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida bu yil birinchi bor o‘tkazildi. Bahslar besh bosqichda tashkil etildi. Toshkent shahri final bahsiga mezbonlik qildi. Unda 14 ta hududdan 42 ta jamoa ishtirok etdi. Sovrin jamg‘armasi 200 million so‘mlik bellashuvlarda o‘z hududining zakovatlilari murosasiz kurashdi. Yakunda esa, Payariq tumanining “Sorisuv” mahallasi g‘olib bo‘lib, 100 million so‘mni qo‘lga kiritdi.
Ko‘rinib turibdiki, yoshlarni rag‘batlantirish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar soni va sifati yil sayin ortib bormoqda. Xususan, bu yil barcha tanlov va musobaqalarimizning sovrin jamg‘armalari sezilarli darajada oshgan. Bu esa yoshlarni mutolaaga yanada ko‘proq kirishishga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga undamoqda. Eng muhimi, ana shunday amaliy ishlarimiz tufayli yuzlab yoshlar ko‘plab jabhada yuqori marralarni zabt etib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratishda munosib hissa qo‘shmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugun Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulkan marralarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bunday yuksak maqsad yo‘lida yoshlar mamlakatning mustahkam tayanchi, po‘lat qanotiga aylanishi zarur.
Alisher SA’DULLAYEV,
Yoshlar ishlari agentligi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 30-iyun, 129-son
Izoh qoldirish