Diniy bagʻrikеnglik – tinchlik totuvlik, taraqqiyot kafolati
Oʻzbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari oʻzaro tinch-totuv yashab, oʻz diniy rasm-rusumlarini emin-erkin ado etib kelgan bagʻrikeng diyor sifatida qadrlanadi. Mamlakatimizning ushbu yoʻnalishda olib borayotgan izchil siyosati xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof etilmoqda.
Yurtimizda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi doirasida oʻtkazilgan koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalalarida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash boʻyicha ilgʻor amaliyot bilan tanishishga qaratilgan ilmiy-amaliy seminarda bunga yana bir karra guvoh boʻldik.
“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018-yili qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi boʻlib, 2020-yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar oʻrtasida samarali muloqot oʻrnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilgʻor xorijiy tajriba namoyish etildi. Mazkur xalqaro forum jahon hamjamiyatining eʼtiqod erkinligini taʼminlash va dinlararo muloqotni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatini birlashtirish jarayonining ajralmas qismi boʻlib, davlatimizning inson huquq va erkinligi boʻyicha xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligi, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida Oʻzbekistonning ayni yoʻnalishda eʼtirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targʻib qilishga tayyorligi ifodasidir.
Bu mamlakatimizda shu mavzuda tashkil etilgan ikkinchi xalqaro tadbir hisoblanadi. Forum maydonchasida 2019-yilda boʻlgani kabi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSHning yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari, rasmiylari toʻplandi. Anjuman kun tartibi bir necha bosqichdan iborat boʻldi. Dasturning birinchi qismiga koʻra, Toshkentda koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash boʻyicha ilgʻor amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar oʻtkazildi.
Dasturning ikkinchi qismida xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan biri boʻlgan Samarqandda boʻlib, bebaho madaniy merosimiz namunalari bilan tanishdi. Turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashdi.
Anjuman Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan oʻz ishini yakunladi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilindi, eʼtiqod erkinligi va dinlararo muloqotni taʼminlash masalasi boʻyicha fikr almashildi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilandi. Xalqaro uchrashuvning yakunida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Puntodel-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni toʻldiradigan ushbu hujjat Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik gʻoyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qoʻshgan muhim hissa boʻldi.
Forum orqali Oʻzbekiston bir qator vazifalarning uddasidan chiqdi. Avvalo, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida dinlararo bagʻrikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida xalqaro hamjamiyatga ishonchli va xolis maʼlumotni yetkaza oldik. Sir emas, yurtimizda jamiyat va davlat hayotining barcha yoʻnalishida, jumladan, din sohasida ham sezilarli ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Bundan hech kim koʻz yumolmaydi. Prezidentimiz rahbarligida din sohasini erkinlashtirish borasida izchil siyosat olib borilmoqda, aholining diniy ehtiyojlarini toʻgʻri qondirish, bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Oʻzbekistonning diniy sohadagi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan keng olqishlandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-maʼrifiy sohada olamshumul ishlar olib borilmoqda. Jumladan, dindorlarning “qora roʻyxati” bekor qilindi, oldin qamoqqa tashlangan koʻplab mahbuslar afv etildi, Qoraqalpogʻistondagi sharoiti oʻta ogʻir boʻlgan “Jasliq” qamoqxonasi yopildi. Ekstremizmda ayblangan 18 ming nafardan ziyod hamyurtlarimiz “qora roʻyxat”dan chiqarilganining oʻzi koʻp narsadan dalolat beradi. Mamlakat boʻylab birinchi marta barcha bosqichdagi Qurʼon musobaqalari oʻtkazildi. Toshkentda ilk marta Qurʼoni karimning xususiy nashriyotda chop etilishiga ruxsat berildi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2 ming 333 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta madrasa, jumladan, 2 ta ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar bilim yurti, Toshkent pravoslav diniy seminariyasi, Toshkent protestant seminariyasi kabi oʻquv muassasalari mavjud.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston toʻliq Injil xristianlari markazi, Oʻzbekiston Injil xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi faoliyat olib bormoqda.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dinshunoslik”, “Fiqh”, “Qurʼon”, “Hadis” kabi yangi diniy mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv rejasi joriy etildi. Akademiyada diniy taʼlim sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Qurʼonshunoslik va hadisshunoslik, Islom tarixi va manbashunoslik, Aqida kabi kafedralar ochildi.
Jamiyatda dinlar va millatlararo totuvlik hamda bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini bugun dunyo jamoatchiligi, xalqaro ekspert va mutaxassislar alohida eʼtirof etmoqda.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston bu sohada koʻp asrlik ijobiy tajribaga ega. Shu bilan birga, mamlakatimizda turli din tarafdorlarining diniy ehtiyojlarini qondirish uchun imkoniyatlar doimiy ravishda kengayib bormoqda. Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida dinlararo ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir vaziyatda koʻplab xorijiy ekspertlar xalqaro munosabatlarda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlashga asoslangan oʻzbek modelini oʻrganishga foydali va oʻrnak olsa arziydigan omil sifatida qaramoqda.
Forumning yana bir ahamiyati shunda-ki, uning doirasida koʻp millatli jamiyatlarda diniy erkinliklar va dinlararo totuvlikni taʼminlash boʻyicha fikr almashish, xalqaro tajribani muhokama qilish imkoniyati tugʻildi. Shu oʻrinda Oʻzbekistonda dinga munosabatidan qatʼi nazar, mamlakatning har bir fuqarosi vijdon va din erkinligiga, teng huquqliligini taʼminlashga qaratilgan mukammal qonunchilik bazasi mavjudligini alohida taʼkidlash joiz. Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy normalari fuqarolarning biror dinga eʼtiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlaydi. Shu bilan birga, bir din yoki mazhabning boshqalarga nisbatan har qanday koʻrinishdagi ustuvorligi yoki cheklovlarini oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Forum tufayli, yuqorida aytib oʻtganimizdek, maʼrifat va bagʻrikenglik madaniyati gʻoyalarini targʻib qilish, turli din tarafdorlarining milliy anʼanalariga hurmat hamda ularning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Ushbu deklaratsiya oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash va xalqaro hamjamiyatning dunyoda diniy erkinliklarni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Buxoro dunyoning eng koʻhna shaharlaridan biri ekanligi hammaga maʼlum. U bir necha tamaddunlar, diniy jamoalar, madaniyatlar va eʼtiqod tizimlarining chorrahasida joylashgan. Buxoro, shuningdek, ming yillar davomida atoqli olimu ulamolarning Vatani boʻlib kelgan. Bu yerdagi madrasalar bitiruvchilari islom ilohiyoti rivojiga benazir hissa qoʻshgan. Bu tabarruk zaminda islom dinining salmoqli intellektual salohiyati yaratilgan. Shuni inobatga olgan holda, forum ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatni dunyoning barcha mintaqasida millatlararo va fuqarolar totuvligining muhim sharti sifatida dinlararo muloqotni kengaytirishga yanada koʻproq eʼtibor qaratishga chaqirish maqsadida ushbu shaharda tegishli deklaratsiyani qabul qildi.
Adolat nuqtai nazaridan aytganda, Oʻzbekistonning nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilishi barchamizning koʻnglimizni togʻdek koʻtardi. Axir dinga va ilmga qiziqish kuchli boʻlgan Oʻzbekistonda dinga nisbatan oʻtmishda zugʻum va qatagʻonlar kam boʻldimi?! Shunday davrlar ham boʻldiki, din qatagʻonga uchradi. Ayniqsa, sobiq Ittifoq davrida odamlarning eʼtiqodi “boʻgʻib qoʻyilgan”, diniy ulamolar qatagʻon qilingan edi. Qatagʻon avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi. 1937 yilning dekabr oyida “uchlik” qarori bilan hukm qilingan 3 ming 644 kishidan 1 ming 464 nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi boʻlgan.
Xudosizlikka asoslangan tuzumning tazyiqlari oʻtgan asrning 80-yillarigacha davom etdi. Umuman, oʻsha yillarda ham diniy urf-odatlarni oshkora bajarish qiyin kechdi, hatto “xudojoʻyman”, deyishga ham botinolmasdi. Ziyolilar masjidga borgani, janoza namozlarida qatnashgani uchun kommunistik firqadan va egallab turgan lavozimidan haydalardi.
Mustaqillik eʼlon qilinib, mafkuraviy zanjirdan xalos boʻlingach, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi, respublikamizda koʻplab masjidlar qurilib, diniy tashkilotlar tuzishga ruxsat berildi.
Yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha diniy konfessiyalar vakillariga birdek imkoniyat berdi. Bu bilan dinning yuksak madaniyat va maʼnaviyat vositasi ekanligi, beqiyos axloqiy-tarbiyaviy qudrati, shuningdek, insonlarning kamtarlik, kamsuqumlik, halollik va poklikka undovchi qadriyatlari milliy qadriyatlar qatorida qonunan tan olindi.
Oʻzbekistonda dinga eʼtiqod qiluvchilar barcha diniy bayramlarni erkin nishonlamoqda. Yildan-yilga musulmonlarning Ramazon va Qurbon hayitlari, xristianlarning Pasxa va Rojdestvo, yahudiylarning Pasxa, Purim va Xanuka bayramlari keng koʻlamda nishonlanmoqda. Bundan tashqari, har yili mamlakatimiz hukumatining har tomonlama koʻmagi bilan musulmonlar Xaj va Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga, xristianlar Rossiya, Gretsiyaga, yahudiylar esa Isroilga ziyoratga yuborilmoqda. Avvallari fuqarolarimiz Umra safariga borish uchun yillab navbat kutishar, turli xil boshqa yoʻllar bilan borish imkoniyatlarini qidirishar edi.
Endi yurtimiz aholisi muqaddas ziyoratga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish maqsadida jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash boʻyicha (kvota) cheklovlar olib tashlandi. Ilgarigi tartibga koʻra, Umra safariga borishi mumkin boʻlgan ziyoratchilar kvotasi har yili oʻn ming kishi etib belgilangan edi.
Shuningdek, davlat tomonidan har bir konfessiya bilan oʻzaro munosabatlar diniy tuygʻularni hurmat qilish, diniy eʼtiqodni fuqarolarning shaxsiy ehtiyoji sifatida eʼtirof etish, dindan gʻayriqonuniy maqsadlarni amalga oshirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilishi yoki hech bir dinga eʼtiqod qilmasligidan qatʼi nazar, teng huquqliligini taʼminlash, ularni taʼqib qilishga yoʻl qoʻymaslik kabi tamoyillarga asoslanishi belgilangan.
Mazkur tamoyillar asosida esa davlat turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, har xil eʼtiqodlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashmoqda, shuningdek, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Oʻzbekiston hukumatining hozirgi kunda halok boʻlgan yoki Suriyada qochqinlar lagerlarida boʻlgan oʻzbek “jihodchilari”ning ayollari va farzandlarini Vatanga qaytarish borasidagi ishlari ommaviy qatagʻonlar qaytmasligining va inson huquqlariga qatʼiy rioya etayotganining isboti hisoblanadi. Bu insonparvarlik va ramziy belgi boʻlib, murosa davri kelganini hamda avvalgi zoʻravonliklarning tugaganini anglatadi.
Mamlakatimizda diniy erkinliklar berilganini xalqaro hamjamiyat ham tan oldi. Oʻzbekiston diniy erkinlik boʻyicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar safidan chiqarildi. Chunki oʻtgan bir necha yil mobaynida mamlakatda fuqarolarning eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha aniq va amaliy choralar koʻrildi.
Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq vijdon erkinligi kafolatlangan. Bunday sharoitda bagʻrikenglik, totuvlik, erkinlik haqida gapirmaslikning iloji ham yoʻq. Zotan, yuksak maʼnaviyat sari intilayotgan dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar oxirgi masala emas. Ularni hurmat qilish, toʻgʻri talqin etish, eʼtiborsiz qoldirmaslik, lekin bir vaqtning oʻzida dinga yondashuv huquqiy meʼyorlarini buzmaslik lozim. Bunday yondashuv ham mamlakat ichida, ham mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga yordam beradi.
Davlatimiz dinni hamisha ijtimoiy madaniyatning ajralmas va muhim boʻlagi sifatida qabul qilgan. Din xalq maʼnaviyatini oziqlantiruvchi chashmadir. Har kim xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Mazkur norma Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida ham aks etgan. Umuman olganda, diniy eʼtiqod erkinligi gumanistik madaniyatning eng buyuk yutugʻi hisoblanadi. Bu tushuncha inson dindan mutlaqo yuz oʻgirishi mumkinligini anglatmaydi. Hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqini biz “vijdon erkinligi” tushunchasi bilan ifodalaymiz. Hozir u barcha dunyoviy davlatlar, jumladan, Oʻzbekistonda ham amalda. Biroq vijdon erkinligi niqobi ostida terroristik yoki ekstremistik qarashlarni targʻib qilish hamisha qattiq qoralangan. Darvoqe, 2018 yilda yurtimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganini eslatmoqchiman. Hujjatda “ekstremizm”, “terrorizm”, “radikalizm” tushunchalariga taʼrif berilgan. Bu juda muhim. Sababi ularni farqlamaslik yoki turlicha talqin qilish global illatlarga qarshi kurashishni qiyinlashtiradi.
Biz azaldan bagʻrikeng xalqmiz. Tarixga nazar tashlang: qadimda Xitoy, Hindiston, Yevropa, Erondan keluvchi savdo karvonlari Buyuk Ipak yoʻli orqali yurtimiz hududini kesib oʻtgan. Oʻsha vaqtda karvon-saroylarimiz haqiqiy bagʻrikenglik oʻchoqlariga aylangandi. Hozir ham Oʻzbekistonda oʻnlab millat va elat vakillari bahamjihat yashamoqda. Boshqa mamlakatlardagi oʻzbek diasporalari bilan aloqalar mustahkamlanyapti. Xorijdagi vatandoshlarimiz ishtirokida turli xalqaro anjuman va simpoziumlar tashkil qilinmoqda. Oxirgi yillarda islom mamlakatlari bilan hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining maʼrifiy islomni tiklash va targʻib etish, bu boʻyicha bebaho ilmiy asarlar yaratgan buyuk mutafakkir bobolarimiz merosini oʻrganish hamda ommalashtirishga doir tashabbuslari xalqaro jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olingani behad quvonarli hol. Maʼrifiy islom boʻyicha Oʻzbekiston dunyoga ibrat boʻlmoqda.
Shu asosda jamiyatimizda diniy bagʻrikenglik ham chuqur qaror topgan. Oʻtgan qisqa davr ichida jamiyatimizning bosh mezoni — maʼnaviyat hamda muqaddas dinimizning insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish, “jaholatga qarshi — maʼrifat” tamoyili asosida beqiyos oʻzgarishlar boʻldi. Bu ijobiy oʻzgarishlar barcha jabhada, jumladan, dinimiz sohasida ham imkoniyatlarning tojiga aylandi. Xalqimizning boy diniy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va dunyoga targʻib etish, yosh avlodni milliy hamda umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yoshlarimizning yot oqimlar taʼsiriga tushishining oldini olish, ularni ilm-fanga ragʻbatlantirish, yuksak axloqiy qadriyatlar asosida tarbiyalash bundan keyin ham izchillik bilan olib borilishi bizni taraqqiyotga eltadi.
Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022-yil 2-iyun, 114-son
Izoh qoldirish