Mumtoz adabiyotda balog‘at ilmining o‘rni
Sharqda, xususan, arab tilida balog‘at ilmi nahv, sarf va lug‘atshunoslikdan so‘ng muhim mavqega ega bo‘lgan ilmlardan hisoblangan. Shu bois balog‘at ilmi qadimdan arab tilshunoslari, adabiyotshunoslarining diqqat markazida bo‘lgan. Olimlar bu ilmning rivojlanishi, o‘zlashtirilishiga katta e’tibor berganlar va unga bag‘ishlab asarlar yaratilgan.
Ma’lumki, balog‘at ilmini tarkib va tartib jihatdan bir asarga jamlanib, ilmiy jihatdan yetuk darajaga kelishi, dastlab Jurjoniy, so‘ngra Sakkokiyning benazir mehnatlari samarasidir. Dastlab balog‘at ilmiga oid mavjud nazariyalarni sistemalashtirishga bel bog‘lagan olim Imom Abdulqohir Jurjoniydir. Bu borada u “Asror-u-l-balog‘a” asarini yaratdi.
Abdulqohir Jurjoniydan so‘ng Abu Yoqub Yusuf as-Sakkokiy o‘zining “Miftoh-u-l-ulum” asarida o‘zigacha bayon etilgan, lekin tarqoq holda bo‘lgan ma’lumotlarni qayta ko‘rib chiqdi, takomillashtirdi va boblarni tartibga keltirdi hamda balog‘at ilmi uchta katta guruh, ya’ni ma’oniy, bayon va badi’ tarkiblaridan iborat bo‘ldi.
“Miftoh-u-l-ulum”ning balog‘at ilmiga doir qismiga dastlab arab tilida damashqlik xatib Jalol ad-din Muhammad Abd ar-Rahmon al-Qazvini ash-Shofiy “Talxis-u-l-Miftoh”, Mas’ud b. Umar at-Taftazoniy “Sharx-u Talxisi-l-Miftah” asarlarini yaratdilar.
Bu asarlar arab, fors, turkiy xalqlar orasida keng tarqaldi va shuhrat qozondi va bu forsiy va turkiyda ham balog‘at ilmiga doir ilmiy asarlar yaratilishiga asos bo‘ldi. Bular qatoriga Atoulloh Husayniyning “Badoyi’u-s-sanoyi’”, Umar Rodiyoniyning “Tarjimon-u-l-balog‘a”, Shayx Ahmad Taroziyning “Funun-u-l-balog‘a” asarlarini kiritish mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, bu asarlarning har biri tarkib va tartib jihatdan o‘ziga xos bo‘lib, mualliflar, albatta, Sakkokiy asariga qayta-qayta murojaat qiladilar, undagi ma’lumotlarga nisbatan ijodiy munosabatda bo‘ladilar.
Shulardan balog‘at ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan asar XV-XVI asrlarda Atoulloh Husayniy tomonidan fors tilida yaratilgan “Badoyi’u-s-sanoyi’”dir. Atoulloh Husayniy ko‘p hollarda, masalan, badi’ ilmi haqidagi bahsda faqat Sakkokiy emas, balki boshqa olimlarning ham asarlariga murojaat qiladi. Masalan, ishtiqoq haqida, “uni Ibn-u-l-Asir, “Tibyon” sohibi va Rashid-i Vatvot kabi ba’zilar tajnis turlari qatoriga kiritmaydilar, ammo “Miftoh” va “Izoh” sohibi kabilar tajnisga tobe tarmoq deb hisoblaydilar, degan fikrni bildiradi.
XV asrda yashagan Shayx Ahmad Taroziy badiiy san’atlarga bag‘ishlangan “Funun-u-l-balog‘a” asarida o‘zidan avvalgi olimlar bilan bahs yuritmasa-da, badiiy vositalar ta’rifi va ularning bir qanchasiga keltirilgan arabcha misollar uning arab tilida yozilgan balog‘atga oid asarlarga ham tayanganini ko‘rsatadi. Asarda keltirilgan arabcha misollar Qur’oni Karim va hadislardan bo‘lib, aynan shularning balog‘atga oid boshqa asarlarda, ayrimlarining “Miftoh-u-l-ulum”da ham uchrashi bu fikrni tasdiqlaydi.
Balog‘at ilmining rivoji sharq xalqlari, jumladan fors va turkiy xalqlar ijodiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va o‘rta asrlarda bu ilm qoidalariga asoslanib, uning san’atlarini mohirona qo‘llagan holda yaratilgan ko‘plab badiiy asarlar yozildi.
Bu asarlarda zukko adiblar so‘zdan foydalanishda uni suiste’mol qilmaslik uchun o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lganlar va so‘zni go‘zal tarzda iste’foda etish orqali uni san’at darajasiga ko‘targan. Bu san’at orqali insonlarga ilm-u ma’rifatni go‘zal tarzda taqdim eta olganlar. Bu haqida akademik A.Rustamov shunday deydi: “Adabiy asarning badiiyligi tabiat yaratgan mavjudot va mahluqotlardagi go‘zallik singaridir. Farq shundaki, badiiylik sun’iy, ya’ni inson yaratgan go‘zallikning bir turidir. Lekin sun’iy go‘zallik ham yetuk bo‘lishi uchun tabiiy go‘zallikka xos xossalarga ega bo‘lishi kerak”. O‘zlari yaratgan asarlarning ham shaklan, ham mazmunan go‘zal bo‘lishini ta’minlash maqsadini amalga oshirish adiblardan balog‘at ilmini chuqur o‘zlashtirishni talab qilgan.
Arab va fors tillaridagi kabi turkiyda ijod qilgan mumtoz adabiyot namoyondalarining badiiy asarlari orqali ularning ham balog‘at ilmini juda yaxshi o‘zlashtirganliklarini ko‘ramiz. Bu asarlarda balog‘at ilmining tarkibini tashkil qiluvchi til qoidalariga qat’iy rioya qilish bilan birga badiiy san’atlardan ham ustalik bilan foydalanilgan. Chunki balog‘at ilmi asarda til qoidalariga rioya qilingan badiiy vositalarning bir-biriga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini, so‘zlarni takrorlash, ortiqcha so‘z va gap bo‘laklarini tushirib qoldirish hisobiga moʻjazlikka erishishni, oz so‘z bilan ko‘p ma’no ifodalash yoki aksincha, ko‘p so‘z bilan oz ma’noni ifodalash salbiy munosabatlarni qo‘pol so‘zlar bilan ifodalamaslikni talab qiladi. Badiiy asarda haqiqat ham, uning ifoda vositalari ham badiiy tus oladi. Bu borada Alisher Navoiyning ham nasrda, ham nazmda yozilgan deyarli barcha asarlarini sanab o‘tish mumkin.
Jumladan, uning “Xamsa” asaridan saj san’atiga misol keltiramiz: “Saltanat sipehrining mehri rahshandasi va xilofat tojining la’li duraxshandasi jahonbonlig‘ jismining ruhi nozanini va kishvaristonlig‘ aynining mardumaki jahonbini olam xalqining rafi’i va zamon ahlining badi’i, ya’ni sulton Badiuzzamon Bahodir madhida: xallallohu mulkahu va abbada davlatahu”. Ushbu sarlavhada “saltanat” – “xilofat”, “nozanin” – “jahonbin”, “rafi’” – “badi’” so‘zlari mutavoziy saj’ni; “mehri” – “la’li”, “jism” – “ayn”, “olam” – “zamon”, “xalq” – “ahl” so‘zlari mutavozin sajni; “raxshanda” – “duraxshanda”, “jahonbon”– “kishvariston” so‘zlari mutarraf sajni hosil qilgan.
Yana bir misol: “So‘z ta’rifida bir necha so‘z surmak va so‘z ahlig‘a andin necha so‘z tegurmak va koinotqa taqaddumining sifoti, mumkinotqa taaxxurining isboti va oning pardasidin boshqa ma’niy bikri jilvadin oriy va ko‘ngul kunjida mutavoriy erkonining izhori”. Bu misolda “koinot” – “mumkinot”, “sifot” – “isbot” so‘zlari mutavoziy saj’ni; “sur”– “tugur”, “oriy” – “mutavoriy” so‘zlari mutarraf saj’ni; “taqaddum” – “taaxxur” so‘zlari mutavozin saj’ni hosil qiladi.
Mumtoz asarlarda tajnis, majoz, tashbih, istiora kabi san’atlar ham juda mohirona qo‘llanilgan. Shayx Ahmad Taroziy “Fununu-l-balog‘a” asarida turkiyda Mavlono Lutfiy, Mavlono Sakkokiy, Atoiy, Xo‘jandiy, Amir Sayyid Nasimiy, forsiyda Xoja Xofiz Sheroziy, Xoja Salmon, Xoja Kamol, Muizziy, Nosir, Sharaf Yazdiy, Firdavsiydan qator misollar keltiradi.
Tajnisga misollar:
Soldi kuygan ko‘nglima ul englari gulnori nor.
Bo‘lmadi hargiz manga ul dilbari ayyor yor.
Bu misolda “gulnori” bilan “nor” hamda “ayyor” bilan “yor” so‘zlari at-tajnis-u-l-mukarrar san’atini hosil qilgan.
Bizga bor javrung jafodin yaxshiroq.
Qilmag‘il, ey turk, bu odatni tark.
Bu misolda “turk” bilan “tark” so‘zlari at-tajnis-u-n-noqis san’atini hosil qilgan.
Tarse’ san’atiga misol:
Ey munavvar, ba tu nujumi jalol,
Ey muqarrar, ba tu rusumi kamol.
Tashbihga misollar:
Quyidagi baytda o‘xshatish shart qo‘yish orqali bo‘lgani uchun u at-tashbihu-l-mu’allaq san’atiga misol bo‘ladi:
Yuzungga o‘xshag‘ay bo‘ston, gulima ul mahi tobon.
Agar xud bo‘lsa gulda jon, oyda bo‘lmasa nuqson.
Quyidagi misolda avvalgi o‘xshatishdan qaytilgan va bu bilan at-tashbihu-t-tafze’ san’ati qo‘llangan:
Jamolingdur sening badri duraxshon.
Gʻalat qildim, erur xurshidi tobon.
Maqlubotga misollar:
Chaman ichinda qilur raqs sarv, har dam urar –
Chinor qarsu o‘qur andalib savtu g‘azal.
Bu misolda “raqs” bilan “qars” so‘zlari al-maqlub-u-l-ba’z san’atini hosil qilgan.
Ey yuzung ganji malohattur desam,
Ne uchun, ey mah, qilursan mayli jang.
Ushbu baytdagi “ganj” bilan “jang” so‘zlari al-maqlubu-l-kull san’atiga misol bo‘ladi.
Mumtoz badiiy adabiyot namunalaridan bu kabi go‘zal san’atlar va ularga xos satrlarni behisob keltirish mumkin. Bunday satrlarni jamlagan asarlar asrlar osha o‘zining ma’nan teran va shaklan maftunkor tarovati bilan ilm ahli va san’at shaydolarini maftun etib kelmoqda.
Salima RUSTAMIY,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti.
Izoh qoldirish