454

OBOD VA TINCH YURTNING FARZANDLARI baxtli, qudratli hamda oqibatli bo‘lib voyaga yetadi

1-IYUN – XALQARO BOLALARNI HIMOYA QILISH KUNI

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘p narsa o‘zgardi. Odamlar hayotida tom ma’noda yangi davr boshlandi. Jadal o‘zgarishlar barcha sohalarni qamrab oldi. Jumladan, yosh avlod salomatligiga, ta’lim-tarbiyasiga e’tibor kuchayib, bolalar huquq va manfaatlari borasida necha yillardan buyon yechimini kutib turgan muammolarga barham berildi.

Sog‘lom kelajakka sog‘lom avlod bilan

Insonning yaralishi – moʻjiza. To‘qqiz oy davomida moʻjiza shakllanishi va dunyoga kelishi o‘ziga xos jarayon bo‘lib, bu davrda bo‘lajak onaning ham ruhiy, ham jismoniy salomatligi jiddiy e’tibor talab etadi. Chunki sog‘lom ona jamiyatga sog‘lom avlodni yetkazib beradi. Xalqlar va mamlakatlar kelajagi o‘z taraqqiyotiga, tabiiyki, sog‘lom avlod bilan erishadi. Shunday ekan, yosh avlod salomatligini ta’minlash, ularga zamon talabidan kelib chiqqan holda ta’lim-tarbiya berish, dunyoqarashi keng insonlar qilib tarbiyalash muhim masala sanaladi. 

Yangi O‘zbekistonga tamal toshi qo‘yilgan ilk kunlardan mamlakatimizda onalik va bolalikni himoya qilish, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar hamda bolalar uchun yuqori tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Millat genofondini yaxshilash, bu borada aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, oilada sog‘lom avlod tug‘ilishi va ular ta’lim-tarbiyasi uchun zarur shart-sharoit, imkoniyat yaratishga oid davlat dasturlari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotir.

Amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat onalik va bolalikni tizimli ravishda muhofaza qilish imkonini yaratdi. Natijada onalar va go‘daklar o‘limi kamayishiga erishildi. Bundan tashqari, yurtimizning olis hududlarida tibbiy yordamni maqsadli yo‘naltirish tizimini yuqori darajada tashkil etish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish, ambulator yordamni yanada yaxshilash, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiy genetika hamda zamonaviy skrining dasturlarini sifatli joriy etishga e’tibor qaratilmoqda. Albatta, bu borada davlat byudjetidan zarur mablag‘ ajratilmoqda.

Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, perinatal markazlarni malakali kadrlar va zarur tibbiy texnika hamda buyumlar bilan ta’minlash vazifasi, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Davlatimiz rahbari ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor jamiyatga, kelajakka e’tibor darajasida muhimligini ta’kidlaydi. Shunga muvofiq, 2021-yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori-darmon bepul tarqatila boshlandi. Bu jarayon bilan 2021-yilda 11 million aholi qamrab olingan bo‘lsa, 2022-yilda 17 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan. Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foiz kamayadi. 

Maktabgacha ta’lim – inson hayotining muhim bo‘g‘ini

Davlatimiz rahbari yig‘ilishlarda, aholi bilan uchrashuvlarda inson kapitaliga e’tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish shartligiga urg‘u berib keladi. Farzandlar tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

Darhaqiqat, maktabgacha yosh inson hayotining eng muhim davri sanalib, bu paytda o‘zlashtirilgan bilim va tafakkur kelajak uchun poydevor vazifasini o‘taydi. Davlatimiz rahbari yurtimizdagi 5-6 yoshdagi barcha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olishga erishish shartligini aytgan edi. Bu borada tegishli hujjatlar imzolandi. Maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, tizimlar tarmog‘ini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish, o‘g‘il-qizlarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida salmoqli ishlar boshlandi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish va navbatga qo‘yish bo‘yicha elektron dastur joriy etildi. Bolalarni bog‘chalarga joylashtirish navbat asosida tashkil etiladigan bo‘ldi. Endi bola tug‘ilganlik haqida guvohnoma olgan kunidan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotiga borish uchun navbatga yozdirilsa bo‘ladi. Bu yangilik bilan raqamli tizim orqali inson omili aralashuvining oldi olindi.

Ilgari ota-onalar o‘z farzandini bog‘chaga berishga oshiqavermasdi. Bugun islohotlar samarasi o‘laroq, odamlarning fikri o‘zgardi, farzandi uyda emas, zamonaviy bog‘chada ta’limtarbiya olishini istaydi. Bolaligidan sport bilan shug‘ullanishi, til o‘rganishi uchun sharoit yaratib berilyapti. Bog‘chaga boradigan bolaning vaqti taqsimli: me’yorida uxlaydi, o‘ynaydi, ovqatlanadi, o‘z vaqtida mashg‘ulot bilan band bo‘ladi. Eng muhimi, bola ertadan kechgacha televizor qarshisida vaqt o‘tkazganidan yoki ko‘cha changitganidan ko‘ra, malakali mutaxassislar nazoratida tarbiyalangani ma’qul. Hozir “bog‘cha uzoq-da, kim olib keladi”, degan savollar ham tug‘ilmaydi. Chunki har bir qishloqda 2-3 tadan turli ko‘rinishdagi bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimiz poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan birinchi xalqaro investitsiya forumida biz islohotlarimizning birinchi kunidan boshlab ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelmoqdamiz, deya alohida ta’kidladi. 

Haqiqatan, so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularda tarbiya olayotgan bolalar qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi.

Davlatimiz rahbari yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, sog‘lom voyaga yetishi haqida doim qayg‘urib keladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, umumta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun keytering tizimini joriy etish borasidagi ko‘rsatmasi esa ana shu g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida tahsinga loyiq. Gap shu haqda ketganida ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligiga e’tibor yanada kuchaydi. Xususan, sog‘lom turmush tarzi, maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom ovqatlanishiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zotan, hammamiz farzandlarimizning jismoniy va aqliy jihatdan sog‘lom bo‘lishini istaymiz. Albatta, bu maqsadga erishish uchun qator omillar muhim rol o‘ynaydi. Shunday bo‘lsa-da, ularning aqliy va jismoniy rivojlanishida hamda moddalar almashinuvi jarayonining bir tekis ta’minlanib turishida aynan sog‘lom ovqatlanish yetakchi ahamiyatga ega. Keytering usulida ovqatlanishni tashkil etishda, avvalo, bolalarni kunlik ratsionlarda talab qilinadigan kaloriyaga ega ovqat, tabiiy sharbat va mevalar bilan ta’minlashga e’tibor qaratiladi. Ayni paytda yurtimizdagi ayrim bog‘chalarda bu borada tajribasinov ishlari ketmoqda.

Tarbiyachilar, mutaxassislar, shifokor va tibbiyot hamshiralari, oshpazlar malakasini oshirishga alohida yondashuv boshlandi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerakli dori-darmon, sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlanmoqda. Bularning bari yurtimiz ertasi – yosh avlodning barkamol ulg‘ayishi uchun amalga oshirilayotir.

Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi

Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqshga qiyoslanadi. Naqsh mahorat bilan ishlanishi yoki aksincha ham bo‘lishi mumkin. Shu bois, oilada farzand dunyoga kelishi hamonoq uning ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Dastlab ota-ona, mahalla-ko‘y, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari, maktabga chiqqach esa o‘qituvchilar zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklanadi. Mamlakat kelajagining bunyodkori sanalmish yoshlarning ta’lim olishida darsliklarning xizmati beqiyos. O‘quvchilarning risoladagidek bilim olishi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, bilim samaradorligini oshirishda maktab darsliklari asosiy vositalardan biridir. O‘quvchi darslikdan bilim oladi, tajriba to‘playdi va uni o‘z hayotida qo‘llashni o‘rganadi. Shunday ekan, darsliklar mukammalligi har makonda, har zamonda muhim ahamiyat kasb etadi. E’tiborsizlik tufayli unda yo‘l qo‘yilgan birgina xato ham ulg‘ayib kelayotgan o‘quvchi hayotida muammoga aylanishi mumkin.

Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ulug‘vor g‘oya asosida maktab ta’limini umummilliy harakatga aylantirish bo‘yicha islohotlar boshlangach, eng avvalo, davlatimiz rahbari ta’lim sifatiga e’tibor qaratdi. Amaldagi o‘quv dasturlari talabga javob bermasligini, milliy o‘quv dasturi yaratish zarurligini ta’kidladi. Amaldagi ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlari, asosan, o‘quvchini ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularni erkin fikrlash va mustaqil hayotga tayyorlash masalasi e’tibordan chetda qolayotgan edi. 

Shundan so‘ng tizimli ishlar boshlandi. Darsliklar tubdan o‘zgardi. Yangi “Tarbiya” fani joriy etildi. Milliy o‘quv dasturi asosida 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ona tili va o‘qish fani birlashtirilib, ona tili va o‘qish savodxonligi fani joriy etildi. Mazkur ikki fan birlashuviga asosiy sabab ona tilni o‘qitishdagi yondashuvning o‘zgarishi bo‘ldi. Ona tili fani asosida o‘quvchida shakllantiriladigan ko‘nikmalardan biri – o‘qib tushunish. Avval ona tilini o‘qitishdan asosiy maqsad til grammatikasini o‘rgatish, til tuzilmasiga oid qoidalarni yod oldirish bo‘lib kelgan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yilidan o‘qitishda asosiy e’tibor so‘z, uning ma’nolari, o‘rindoshlari, qo‘llanish o‘rinlari, lug‘at boyligi kabilarga qaratila boshlandi. Natijada o‘quvchi darslikda qoidalar o‘rniga ko‘proq matnlar bilan ishlaydi, shunda o‘qib tushunish ko‘nikmasi rivojlanadi. Maktablar faqatgina ta’lim maskani emas, barchamiz uchun yuksak ma’naviyat beshigiga, farzandlarimizni bolalikdan boshlab kasbga o‘rgatuvchi dargohga aylanishi uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bolalarning ta’lim olishida zamonaviy binolar, sinfxonalar muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda 200 ga yaqin yangi maktab barpo etilib, mavjud 3 mingdan ortig‘i rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi.

Bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi

Dunyoda eng mudhish manzara bolaligi boy berilgan o‘g‘il-qizlardir. Dunyoning ayrim burchaklari urush o‘chog‘iga aylangan, ayrim nuqtalarda bolalarning huquq va manfaatlari, degan tushuncha yo‘q: ochlik va noilojlik girdobidagi bolalar qorni to‘yganiga shod. Bu kabi voqealar tinch kunlarning qadriga yetishga undaydi. Bag‘rimizda bolalarimiz hech narsani o‘ylamay uyquga ketadi. Tongni shodumon kutib oladi. Bugun ular bir-biridan shirin orzular qiladi, kelajak uchun rejalar tuzadi, maqsadlar qo‘yadi. Biroq bir zamonlar ular ham mehnat ostida ezildi, erta tongdan yuvinibtaranib otlangani maktab emas, paxta dalasi bo‘ldi. Kelajakka maktab partasidan emas, egat oralaridan boqdi. Yorug‘ kunlarga kuch yoki bilim bilan emas, charchoq, tushkun kayfiyat ila intildi. Ruchka tutishi lozim bo‘lgan qo‘lchalarni paxta chanoqlari tildi.

Shukrki, necha yillar davomida yechimini topmay kelayotgan bu muammo barham topdi. Bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishda davlatimizda eng katta qadam tashlandi: Shavkat Mirziyoyevning qator tashabbuslari, sa’y-harakatlari bilan ko‘p yillar davomida mamlakatimizni turli “qora ro‘yxat”larga kiritilishi uchun sabab bo‘lgan majburiy, jumladan, bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. 

Buning e’tirofi sifatida yaqinda xalqaro “Cotton Campaign” koalitsiyasi hamda jahondagi mashhur brendlar tomonidan O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan o‘rnatilgan boykot bekor qilindi. 

Bugun bolalar maktab va ta’limdan boshqa narsani o‘ylamaydi. “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda” chorlovi ota-onalarni uyg‘otdi. Har birimiz yorug‘ kelajak faqat ilm orqali qo‘lga kiritilishini tushunib yetyapmiz.

Endi xasta bolalar ham ta’limni davom ettiradi

2021-yil may oyida Respublika bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etilgan edi. Onkologiya va gemotologiya xastaliklaridan davolanayotgan bolalarda o‘qishini davom ettirishi imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Markaz huzuridagi “Mehrli maktab” bolalarning o‘qishini davom ettirish imkoniyatini berdi. Og‘ir xastaliklardan davolanayotgan bolaning ta’lim olishi qiyinlashishi tayin, unga bu jarayonlarni osonlashtirish ehtiyoji yuzaga keladi. Shuning uchun “Mehrli maktab”da uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalarga individual ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishga imkon beruvchi qulay muhitni yaratish maqsad qilingan. 

Bolalardagi immunitet tanqisligini hisobga olib, maktab o‘ziga xos tibbiy talablarga muvofiq jihozlangan, gipoallergen materiallar bilan ta’minlangan. O‘quv jarayonida faqatgina elektron darsliklar va har bir o‘quvchiga alohida biriktirilgan kitoblardan foydalanilmoqda.

Maktabda “Zamin Creative” ijod studiyasi ham ochilgan. Unda bolalar musiqa, tasviriy san’at va mediadan saboq olmoqda. IT laboratoriya va sensorli xona ham bor. 

Besh yil tarix uchun qisqa muddat. Biroq mana shu qisqa davr mobaynida mamlakatimizda bolalar salomatligi, ta’lim-tarbiyasi, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida samarali ishlar amalga oshirildi. Buni har birimiz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz, hayotimizda yashayapmiz. Biz esa maqolamizda ayrim nuqtalarga to‘xtaldik, xolos.

Bashorat YUNUSOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 1-iyun, 108-son

Izoh qoldirish