Ma’rifat va bag‘rikenglik – tinchlik va taraqqiyot kaliti
O‘zbekiston tashabbuslari — amalda
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishning eng muhim tamoyillaridan biri ijtimoiy va diniy bag‘rikenglikdir. Yurtimizda turli konfessiyalar vakillari yagona oila bo‘lib, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashayotgani, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani bizning eng katta boyligimizdir.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sharq sivilizatsiyasining ko‘hna beshiklaridan biri — Ona-Vatanimiz O‘zbekistonda ko‘plab mutafakkirlar, allomalar, muhaddis-u murshidlar, faqihlar va mutasavvuflar kamol topgan. Ota-bobolarimiz Buxorodagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi peshtoqiga “Ilm egallash har bir muslim va muslima uchun farzdir” yoki Navoiy viloyatida joylashgan Shohimardon me’moriy majmuasi devoriga “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, degan hadislarni bitgan davrlardayoq yurtimizda ilm-fan va ma’rifat ravnaq topgan.
Buyuk faylasuf Abu Nasr Forobiy “Agar inson ezgulikka intilib yashasa, uning umri quvonchli va go‘zal kechadi, go‘zal hayot esa xalq nazarida ham, Alloh taolo nazdida ham yuksakdir”, deya ta’lim bergan bo‘lsa, kalom ilmining yetuk namoyandasi Abu Muin Nasafiy “Ilm insonni hech vaqt gunohga undamaydi”, degan g‘oyani targ‘ib qilgan.
Ma’naviyat va ma’rifat, din-u diyonat va ilm-u urfon o‘chog‘i bo‘lgan diyorimizda istiqlol sharofati bilan milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi, xalqimiz o‘zligini tanidi. Islom dinining insonlarni ezgulik, ma’rifat va poklikka yo‘llovchi asl mohiyatini tadqiq va targ‘ib qilish, ulug‘ ajdodlarimizning boy va Benazir ma’naviy merosini o‘rganish, yosh avlodga o‘rgatish uchun keng yo‘l ochildi.
Ayniqsa, Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini qaror toptirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasini rivojlantirishdagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Hadis ilmi va Kalom ilmi, Qashqadaryoda Aqida ilmi, Buxoroda Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmi hamda Islom huquqi maktablari tashkil etildi. Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ezgu sa’y-harakatlar “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mamlakatimizda e’tiqod va diniy erkinlikni ta’minlashda amalga oshirilayotgan ishlar Buxoroi sharifda yakuniga yetgan “Deklaratsiyatlar muloqoti” xalqaro forumida ham e’tirof etildi.
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan qator davlat organlari va milliy tashkilotlar, shuningdek, AQSHning Global hamkorlik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida jahon hamjamiyatining nufuzli tashkilotlari rahbarlari, AQSH, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Avstriya, Pokiston, Gana, Nigeriya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan taniqli ekspertlar ishtirok etgani ham din erkinligi masalasining xalqaro miqyosda naqadar dolzarbligini anglatadi.
“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi jahon hamjamiyatiga xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy-madaniy, diniy-ma’rifiy va tarixiy-falsafiy merosi, shuningdek, O‘zbekistonning dinlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bo‘yicha to‘plagan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy tajribasi bilan tanishish imkonini beruvchi muhim voqea bo‘ldi.
Xalqaro forumning yakuniy anjumani uchun ko‘hna va navqiron Buxoro shahri tanlanganida ham ramziy ma’no bor. Buxoro — islom olamida Qur’ondan keyingi eng moʻtabar manba hisoblanadigan “Sahihi Buxoriy”ni yozgan muhaddislar sultoni Imom Buxoriy tavallud topgan zamin, ko‘plab aziz-avliyolar va pirlar yurti. Buxoroda azal-azaldan turli din va millat vakillari do‘stlik va birdamlikda yashab kelgan. Tarixdan bu fikrni isbotlovchi ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
Buxoroi sharifda o‘tkazilgan xalqaro forumda mamlakatimiz va jahon hamjamiyati uchun dolzarb bo‘lgan fikrlar bildirildi hamda ular asosida o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari birgalikda belgilab olindi.
“So‘nggi uch yilda O‘zbekiston har tomonlama o‘zgardi, mamlakat rahbari esa jahon darajasidagi islohotchi hisoblanadi, — dedi xalqaro forum ishtirokchisi, Global hamkorlik instituti faxriy prezidenti Kris Saypl. — Bugungi kunda O‘zbekistonda fikr erkinligi, vijdon erkinligi, iqtisodiyot erkinligi amalda to‘liq ta’minlangan. Respublikada barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, eng muhimi, barcha diniy tashkilotlarga teng imkoniyatlar taqdim etilgan. Bularning barchasi konfessiyalararo ishonchni va hamjihatlikni mustahkamlashga yordam beradi”.
Shimoliy Amerika musulmonlari jamiyatining taniqli arboblaridan biri imom Muhammad Majidning fikrlari ham diqqatga sazovor: “Musulmon olami turli millat va din vakillari bir-birlarini hurmat qilib, qadrlab va qo‘llab-quvvatlab yashayotgan O‘zbekistondan ibrat olib, bag‘rikenglik muhitini yaratishi zarur. Payg‘ambarimiz aytganlaridek, “Musulmonlarning eng yaxshisi — tili va qo‘li bilan birovga ziyon yetkazmaydiganidir”.
Xalqaro forumda ishtirok etish uchun AQSHdan tashrif buyurgan cherkov rohibi Bob Roberts esa, “O‘zbekiston — turli din vakillari tinchlik va hamjihatlikda yashayotganining yorqin namunasidir”, deya ta’kidladi.
Anjuman orqali qator e’tiborli va ahamiyatli natijalarga erishildi.
• Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirildi.
• Jamiyatda dinlar va millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglikni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda to‘plangan uzoq yillik samarali tajriba targ‘ib qilindi.
• Forum ko‘p millatli jamiyatlarda diniy erkinliklar va dinlararo totuvlikni ta’minlash bo‘yicha fikr almashish hamda xalqaro tajribani muhokama qilish maydoni bo‘la oldi.
• Xalqaro forum yakunida ma’rifat va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalarini targ‘ib etish, turli din vakillarining qadriyat, an’ana va nuqtai nazarlarini hurmat qilish, ularning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi.
Ushbu hujjat Marokash (2016-yil), Jakarta (2017-yil), Potomak (2018-yil), Punto-delEste (2018-yil) hamda Makkada (2019-yil) qabul qilingan deklaratsiyalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Shuningdek, “Buxoro deklaratsiyasi” O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro miqyosda qaror toptirishga qo‘shgan muhim hissasidan ham dalolat beradi.
“Buxoro deklaratsiyasi”da:
birinchidan, mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar e’tirof etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuvlikda va birdamlikda yashab kelmoqda;
ikkinchidan, e’tiqod erkinligi, diniy va milliy bag‘rikenglikka doir xalqaro hujjatlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyaning ahamiyati alohida qayd etildi;
uchinchidan, jahon hamjamiyati har bir insonning eng asosiy huquqlaridan biri — vijdon erkinligi huquqini hurmat qilishga va himoya qilishga chaqirildi;
to‘rtinchidan, diniy bag‘rikenglik va millatlararo do‘stlik mavzusidagi muloqotlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish tavsiya etildi.
Albatta, bugungi kunda diniy erkinlik sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning tarkibiy qismini tashkil etadi.
Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining inson huquqlari sohasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bugungi kunda inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, O‘zbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi hayotga tatbiq etilmoqda.
Jamiyatni ma’naviy-axloqiy yangilashning muhim omili — diniy ta’lim va ma’rifat. Shu bilan birga, ko‘p millatlilik sharoitida ma’naviy-diniy tiklanish sohasidagi eng muhim muammolardan biri diniy ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, imom-xatiblar va diniy soha vakillari malakasini oshirishdan iborat.
Mamlakatimizning diniy-ma’rifiy sohada erishayotgan salmoqli yutuqlari, bir tomondan, xalqimizni mamnun qilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda. Dunyo aholisining 83 foizi e’tiqod erkinligi cheklanayotgan yoki xavf ostida qolgan mamlakatlarda istiqomat qilayotgan hozirgi qaltis zamonda davlatimiz rahbarining ma’rifatli islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasidagi tashab buslari jahon hamjamiyati tomonidan qizg‘in kutib olinmoqda.
Xususan, 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiyaning asosiy maqsadi — barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat.
Diniy e’tiqod erkinligini mustahkamlash sohasidagi xalqaro norma va talablarni milliy qonunchilikka tatbiq etish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunini tayyorlashda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalari, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining fikrlari diqqat bilan o‘rganildi va hisobga olindi.
Qonun ekspertizasini o‘tkazishda BMT va uning tuzilmalari, Yevropa Kengashining Venesiya komissiyasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kabi xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilindi.
Ayonki, XXI asr — turli g‘oyalar kurashi o‘ta faollashgan globallashuv asri. Hozirda jahonda tinchlik o‘rnatishning eng muhim tamoyillaridan biri, shubhasiz, diniy bag‘rikenglikdir. Bu, o‘z navbatida, har bir insondan e’tiqodida mustahkam bo‘lgan holda boshqa dinlar, e’tiqod va an’analarni ham o‘rganishni taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan, inson ongi va qalbi uchun kurash keskin tus olayotgan bir paytda, dindan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan turli oqimlar faoliyatiga munosib baho berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi.
Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda, Imom Buxoriy to‘plagan sahih hadislar, Naqshbandiya ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy va Zangi ota hikmatlari, Imom Moturidiy va Imom Abu Muin Nasafiy aqoidlari asosida tarbiyalasak, ularning bilimi o‘tkir, diyonati mustahkam, axloqi go‘zal bo‘ladi. Zero, mamlakatimiz istiqbolini tinchlik, insonparvarlik va barqaror taraqqiyot sari yetaklovchi yo‘lning darvozasini ma’rifat va bag‘rikenglik kaliti bilan ocha olamiz.
Akmal saidov,
Akademik.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2022-yil 21-may, 101-son.
Izoh qoldirish