257

Akademiyaga Germaniyaning Xalqaro madaniy hamkorlik tashkiloti vakili tashrif buyurdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Germaniyaning Xalqaro madaniy hamkorlik tashkiloti vakili Kaslin Gyubel bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Dono Qalandarova hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xujayev ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Kaslin Gyubel Akademiya tomonidan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, bugungi kunda islomshunoslik va dinshunoslik yo‘nalishlarida ko‘plab ilmiy ishlar qilinayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Zohidjon Islomov yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan e’tibor, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Muloqot davomida Kaslin Gyubel “Allohning 99 ismi” nomli kitobni esdalik sifatida topshirdi. Bu kitob Allohning 99 ismiga bag‘ishlanganligini, shu sabab 99 ta mavzudan iborat ekanligini aytib o‘tdi. 

O‘z navbatida Zohidjon Islomov ushbu kitob ulkan mehnat evaziga yozilganini ta’kidlab, berilgan taklif yuzasidan rahbariyat bilan muvofiqlashtirishini qayd etarkan, mehmonga Rahmatulloh qori Obidovning “Alohning go‘zal ismlari va Ismi A’zam” kitobini esdalik uchun topshirdi.

Uchrashuv davomida  Dono Qalandarova K.Gyubel faoliyat yuritayotgan tashkilot bilan Akademiyaning magistratura va doktorantura talabalari uchun ilmiy rahbarlik qilish, ilmiy-tadqiqot ishlariga taqrizlar almashish, o‘zaro kelishuvga asosan ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Kaslin Gyubel mazkur takliflarga ijobiy fikr bildirib, ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi. 

Tashrif yakunida mehmon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyatiga yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish