399

Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama etildi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Yurtimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirmoqda. Bunday izchil, aniq va konstruktiv tashqi siyosatni xalqaro ekspertlar va kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy va siyosiy jihatlari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiya “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi tomonidan tashkil qilindi. Anjuman “Markaziy Osiyoda mintaqiy hamkorlikning rivojlanish tendensiyalari: ilmiy-nazariy yondashuvlar”, “Markaziy Osiyoda mamlakatlar hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy-falsafiy, madaniy-gumanitar masalalari”, “Markaziy Osiyo davlatlarining rivojlanishi tarixi masalalari”, “Markaziy Osiyo davlatlarining huquqiy tizimi xususiyatlari” hamda “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalari” kabi shoʻbalarga bo‘lindi.

Konferensiya ZOOM platformasi orqali tashkil etildi. Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Akademiya rektori o‘z nutqida so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatgani, xalqaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlanganini qayd etdi.

Tadbirda Muxtor Auezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Konferensiyada “Qozog‘iston va O‘zbekiston ilmiy hamkorligining buguni va istiqbollari”, “O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatidagi yangi tendensiyalar”, “XX asr Markaziy Osiyo ma’rifatparvarlari faoliyatining o‘zaro integratsiyaga ta’siri”, “Markaziy Osiyoda bioetikani rivojlantirish holati va istiqbollari”, “Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish jarayonlari” kabi mavzularda ma’ruza qilindi.

Darhaqiqat, yurtimiz azaldan mintaqa siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutishi haqida so‘z yuritishdi. Mintaqa mamlakatlarini o‘zaro uzviy tarix, madaniyat, din, an’ana va odatlari birlashtirib turadi. Ammo uzoq yillar davomida qo‘shnichilik munosabatlari pasaygani, buning natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi uchun jiddiy to‘siq bo‘lganini ta’kidlashdi. Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan maqsad ham, unda ko‘tarilgan masalalar ham mintaqa xalqlarining hozirgi faol munosabatlarining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shishini bildirishdi. 

Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblar tarzida o‘tgan anjuman ishtirokchilarda katta taaasurot qoldirdi. Yakunda konferensiya materiallari bo‘yicha to‘plam nashr etish rejalashtirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish