254

Akademiya vakillarining Turkiyadagi tashrifi mazmunli o‘tmoqda

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professor-o‘qituvchilari va “Islomshunoslik” mutaxassisligi magistrantlaridan iborat delegatsiya Istanbuldagi IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markaziga tashrif buyurdi. U yerda “Islomshunoslik sohasida tadqiqotlar olib borishda Sharq qo‘lyozmalarining ahamiyati” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Professor Sadik Unay va professor Ashirbek Mo‘minov moderatorlik qilgan ushbu seminar-treningda IRCICA kutubxona va arxivlar direktori Didar Bayir tinglovchilarga kitob fondlari, arxivlar va dasturlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, mashg‘ulotlar davomida professor Fazil Bayat “Usmonlilar arxivlarida tadqiqot olib borish”, Mehmet Serdar Bekar esa “Imom at-Termiziyning “Shamoil an-Nabiy” qo‘lyozmalari” mavzularida ma’ruzalar qildi. 

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Sulaymoniya kutubxonasi qo‘lyozma va toshbosma manbalari fondlari bilan tanishishdi. Kutubxona mas’ul xodimlari bu yerdagi manbalarni zamonaviy usulda qanday saqlash, tadqiqotchilarga yetkazib berish bo‘yicha mehmonlarga batafsil ma’lumot berishdi.

Rasmiy tadbirlardan so‘ng delegatsiya a’zolari Istanbul shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish