444

Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi

MA’RIFAT BESHIGI

Mamlakatimiz dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurtidir. Ajdodlarimiz bebaho merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shunday ezgu ishlar doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zFA Sharqshunoslik instituti, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi tub islohotlar mazmun-mohiyatini keng yoritish, qadim va boy ilmiy-tarixiy merosimizni chuqur o‘rganish asosida xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot va buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish konferensiyaning ustuvor maqsadlaridan etib belgilandi.

—  Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati ko‘hna va boy tarixga ega. Buni, eng avvalo, ushbu zaminda eramizdan avvalgi davrlardayoq qadimgi baqtriya, so‘g‘d, o‘rxun, xorazm yozuvlari ixtiro qilingani isbotlaydi, — deyiladi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida. — Miloddan avvalgi II asrdan milodiy XV asrga qadar Buyuk ipak yo‘li aynan Markaziy Osiyoning bir necha shaharlaridan o‘tgani esa ushbu yurtda nafaqat savdo-sotiq, balki ilm-fan va madaniyat taraqqiy etishiga zamin hozirladi. Tinchlik-totuvlik muhiti hamda sivilizatsiyalararo do‘stona muloqot esa ilk davlatchilikning qaror topishi va taraqqiy etishiga ham sharoit yaratgan. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini namoyon qilish bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davriga poydevor ilm-ma’rifat maskanlari bo‘lishi, shubhasiz.

Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO) rahbari doktor Salim al-Malik esa o‘z tabrik so‘zida islom tarixida sivilizatsiya markazlaridan ko‘plab olim-u ulamolar yetishib chiqqanini aytar ekan, misol sifatida tibbiyotda Abu Ali ibn Sino, falsafada Abu Nasr Forobiy, matematikada al-Xorazmiy kabilarning ismlarini eslatib o‘tdi.

Konferensiyada Peshovar universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqot markazi direktori Xon Shobir Ahmad, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy, “Nur Muborak” Misr islom madaniyati universiteti huzuridagi Abu Xanifa ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shamshadin Kerim, Turkiya Anqara universiteti ilohiyot fakulteti professori So‘nmaz Qutlu, Gyote nomidagi Frankfurt universitetining Islom dini va madaniyatini o‘rganish instituti direktori Umar O‘zsoy hamda 200 dan ortiq mahalliy, xorijiy olimlar, taniqli ekspert va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjuman “Sharq allomalari merosida islom ilmlarining o‘rganilishi”, “Movarounnahrda ijtimoiy, tabiiy va aniq fanlar rivoji”, “Musulmon olimlarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga ta’siri” hamda “Musulmon allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” kabi shoʻba yig‘ilishlariga bo‘lindi.

Ilm mashvaratida “Markaziy Osiyo allomalarining san’at, gumanitar fanlar, dinshunoslik, ijtimoiy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Musulmon Sharqi olimlarining islom sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni: Imom Dorimiy”, “Somoniylar davrida ilmiy hayot ko‘rinishlari va Movarounnahr olimlarining ilm-fanga qo‘shgan hissasi”, “Sahihi Buxoriyda fitrat tushunchasi va hadislar sharhi”, “Uyg‘onish davri Markaziy Osiyo mutafakkirlari dunyoqarashida bag‘rikenglik g‘oyalari” va boshqa shu kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Xalqaro anjumanda O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lib, diyorimizda kamol topgan buyuk mutafakkirlar islom ilmlari bilan bir qatorda dunyoviy fanlar rivojiga ham ulkan hissa qo‘shgani, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosi o‘z ahamiyati bilan hozirgi davrda ham xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari yangi O‘zbekistonda allomalar ilmiy-ma’rifiy, madaniy-ma’rifiy merosini tiklash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatib berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimiz nomi bilan atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga asos solinishini yuqori baholadi.

Bahodir JOVLIYEV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot kotibi.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 24-may, 102-son.

Izoh qoldirish