Indoneziyalik olimlar Akademiyada
Xabar berganimizdek, yurtimizda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Ayni shu kunlarda ushbu nufuzli anjumanga kelgan xorijlik mehmonlar — turli din vakillari, taniqli dinshunoslar, din ulamolari, huquqshunoslar, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, olimlar zaminimizning diqqatga sazovor joylari, tashkilotlar hamda ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishmoqda.
Bugun, shu maqsadda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Indoneziyaning Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshligi Bahodir Xujayev, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova, kafedra o‘qituvchisi Odiljon Ernazarov kutib oldi.
Dastlab mehmonlarga “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir toshbosma asarlar, ilmiy xodimlar tomonidan ularning tadqiqi borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. “Manbalar xazinasi” bo‘limi mudiri Mahammadsidiq Usmonov bu borada batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Indoneziyaning Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho hamda Indoneziya Islom universiteti professori Amin Abdullah “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi faxriy va hurmatli mehmonlar uchun ajratilgan – Esdalik kitobiga o‘zining samimiy tilaklari, dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
Shundan so‘ng, Akademiya majlislar zalida tor doiradagi uchrashuv tashkil etildi. Unda Indoneziya hamda yurtimiz vakillari ishtirok etdi.
Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov tomonidan delegatlarga yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, buyuk ajdodlarimiz nomi bilan faoliyat olib borayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, sohadagi ta’lim muassasalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va uning huzuridagi tashkilotlar, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot, Malaka oshirish, “Ziyo” media markazlari, Akademik litsey, “Ziyo-zukko” maktabi faoliyati mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.
Akademiyada ilmiy yo‘nalishdagi ishlar, doktorantura bosqichida izlanish olib borayotgan yosh olimlar, Malaka oshirish markazi delegatlar diqqat markazida bo‘ldi.
Matius Ho O‘zbekistonga ilk bor kelganini bildirib, o‘z taassurotlari haqida gapirib berdi.
— O‘zbekiston zaminida o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” forumida mamlakatimiz vakili sifatida ishtirok etdim, — deydi u. — Forum doirasida yurtingizdagi ko‘plab tarixiy qadamjolarni, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi islohotlarning guvohi bo‘ldim. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi safarlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Jumladan, bugungi uchrashuv ham Xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga bo‘lgan qiziqishlarimni oshirdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p ekan. O‘ylaymanki, uchrashuv mobaynida har ikki tomonlarning fikr va takliflari asosida kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlaymiz.
Do‘stona o‘tgan muloqot davomida mehmonlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan markaz va ta’lim muassasalari faoliyati, maqsad, vazifalari bo‘yicha ma’lumot berishdi. “Deklaratsiyalar muloqoti” forumidan olgan yangiliklari, yangi hamkorlar bilan tajriba almashilgani borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi. Mehmonlarga Akademiya rahbariyatining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Uchrashuvdan so‘ng delegatlar Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralarini ziyorat qildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish