260

“Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishi Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatning xalqaro hamjamiyat tomondan yana bir karra e’tirof etilgani isbotidir” – Eldor Aripov

Buxoroda xalqaro konferensiya – “Deklaratsiyalar muloqoti” forumining yakuniy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda Shimoliy Amerika, Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan turli din vakillari, taniqli dinshunoslar, din ulamolari, huquqshunoslar ishtirok etdi.

Mazkur forum Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” Rezolyutsiyasida belgilangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar doirasida o‘tkazildi.

Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning qayd etishicha, Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishi O‘zbekiston ilgari Marrakesh, Makka, Jakarta, Vashington, Punto-del-Esteda qabul qilingan deklatrasiyalarda o‘z ifodasini topgan tamoyillarga to‘liq qo‘shilishi va amalga oshirilayotganining yorqin dalilidir.

“Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishi O‘zbekistonning Marokash, Makka, Jakarta, Vashington, Punto-del-Esteda kabi shaharlarida qabul qilingan deklaratsiyalarda o‘z ifodasini topgan tamoyillarga to‘liq qo‘shilayotganligi va haqiqiy amalga oshirilayotganining yaqqol dalilidir”, dedi Eldor Aripov.

“Buxoro deklaratsiyasi” nafaqat barcha boshqa deklaratsiyalarning asosiy tamoyillari, balki O‘zbekistonning boy siyosiy-huquqiy tajribasi, o‘zbek xalqining diniy-falsafiy merosi bilan birgalikda o‘z ifodasini topgan.

Eldor Aripov mazkur hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Buxoro deklaratsiyasini tayyorlashda barcha mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikr-mulohazalari inobatga olinganini eslatdi. Xususan, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari, jumladan, Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Termiziy, Moturudiy markazlari mutaxassislari ishga jalb etilgan.

Rivojlanish jarayoniga Markaziy va Janubiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va Amerikadan mutaxassislar jalb qilindi.

Aripovning qo‘shimcha qilishicha, Buxoro deklaratsiyasini tayyorlashda dunyoning turli davlatlaridan keng doiradagi vakillarning ishtirok etishi, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan siyosat samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilganining yana bir karra isbotidir.

Bundan tashqari, ushbu harakatlar O‘zbekistonning diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash shuningdek, mamlakatning diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini jahon miqyosida targ‘ib etishga qo‘shgan muhim hissasi hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro islom akademiyasi ko‘magida ISMI va Global hamkorlik instituti (AQSH) bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Tashkilotchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyati hokimliklari bo‘lib, forumda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va AQSHdan taniqli din ulamolari, ilohiyotshunoslar, huquqshunoslar va rasmiylar ishtirok etdi.

Tadbir yakunida butun jahon hamjamiyati uchun muhim hujjatga aylanadigan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi. Ta’kidlanishicha, deklaratsiya ma’rifat va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalarini ilgari surish, turli din vakillarining milliy an’analarini hurmat qilish va ularning huquqlarini ta’minlash, jahon miqyosida konstruktiv muloqotni mustahkamlashga qaratilgan.

Izoh qoldirish