226

O‘zbekiston diniy erkinliklar taʼminlanishi mavzusiga bag‘ishlab Londonda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyaga taklif etildi

Buyuk Britaniya Bosh vazirining din va eʼtiqod erkinligi bo‘yicha maxsus vakili Fiona Bryus o‘zining “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida O‘zbekistonni joriy yil 5–6-iyul kunlari diniy erkinliklar taʼminlanishi mavzusiga bag‘ishlab Londonda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyaga taklif etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

- Tarixiy Buxoro Deklaratsiyasi qabul qilinganligi bilan tabriklayman, - dedi Fiona Bryus. – Ushbu forumning muhimligi haqida gapirar ekanman, diniy tolerantlik va ko‘p millatli hamjihatlikning taʼminlanishi borasidagi O‘zbekistonning madaniy merosini eʼtirof etishdan boshlashni istar edim.

Sizning mamlakatingiz so‘nggi 4-5 yil ichida diniy erkinlik va eʼtiqod masalasida favqulodda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganligi hamda odamlar o‘z dinlarini ifoda etadigan yoki amalda ro‘yobga chiqaradigan ko‘plab maskanlarni yaratganligi bilan faxrlanishga haqlidir. Men chin dildan umid qilamanki, bu ijobiy o‘zgarishlar davom etadi va bu erkinliklar kelajak avlodlar uchun asrab qolinadi.

Men va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari sizni bu izchil jarayonda qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Birlashgan Qirollik 5-6-iyul kunlari Londonda diniy va eʼtiqod erkinliklari taʼminlanishiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi. Umid qilamizki, ushbu anjumanda 50 dan ortiq mamlakatdan hukumat vakillari, diniy yetakchilar va fuqarolik jamiyati faollari to‘planadi. Ular nafaqat diniy erkinliklar sohasidagi global muammolarni muhokama qilish, balki ularni hal qilish bo‘yicha ham haqqoniy va amaliy qadamlarni tashlash yuzasidan kelishib olish uchun ham yig‘ilishadi.

O‘zbekiston delegatsiyasini Londonda qutlayman, deb umid qilaman.

dunyo.info

Izoh qoldirish