“Buxoro deklaratsiyasi” bir ovozdan qabul qilindi
Shu yilning 16-mayida boshlangan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining yakuniy bosqichi Buxoroda boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSHning Global jalb qilish instituti va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda turli davlatlardan kelgan dinshunos olimlar, ulamo va huquqshunoslar ishtirok etdi.
Forum dasturi doirasida chet ellik qatnashchilar turli diniy hamjamiyatlar oʻrtasidagi tinchlik-totuvlikni mustahkamlash borasida mamlakatimiz, jumladan, Buxoroda toʻplangan boy tarixiy-madaniy va maʼnaviy meros bilan ham tanishyaptilar.
Aytish joizki, Buxoro viloyatida ayni paytda 4 ta diniy konfessiyaga mansub 120 ta diniy tashkilot emin-erkin faoliyat koʻrsatmoqda. Turli millatga mansub aholining oʻz diniy amallarini ado etishlari, diniy qadamjolarni ziyorat qilishlari, diniy ayyomlarni risoladagidek nishonlashlari uchun barcha qulaylik yaratilgan. Binobarin, Fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha Islom olami tashkiloti (ICESCO) tomonidan 2020-yilda Buxoro “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi ham bejiz emas. Xalqaro forumda soʻzga chiqqan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov yurtimizda qaror topgan diniy bagʻrikenglik ildizlari haqida atroflicha toʻxtalarkan, ana shularni alohida taʼkidladi.
— Xristianlar mana, 150-yildirki, bu yerda istiqomat qiluvchi oʻzbeklar, tojiklar, turkmanlar va boshqa millat va elat vakillari bilan hamjihatlikda, tinch-totuv yashab kelyaptilar, — deydi Buxoro shahridagi Arxangel Mixail sharafiga pravoslav xristian cherkovi ruhoniysi Leonid Petrov. — Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, yurtimizda har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va burchlari, jumladan, vijdon erkinligi kafolatlandi. 1994-yilda Yevropa usulida bunyod etilgan qadimiy binolardan biri xristian diniga eʼtiqod qiluvchilarga cherkov sifatida ajratib berildi. Ayni paytda viloyatning Kogon shahrida ham yana bir cherkov faoliyat koʻrsatmoqda. Shu bilan birga biz boshqa dinlar, jumladan, islom dini vakillari bilan doimiy aloqadamiz. Hayit ayyomlarida ularni bayram bilan qutlaymiz, ahli musulmonga ehtirom koʻrsatamiz. Oʻz navbatida ular ham Pasxa munosabati bilan bizga samimiy tilaklar izhor etishadi. Bagʻrikenglik, millatlararo ahillik - barchamiz uchun eng katta davlat. Bu borada Oʻzbekiston dunyoga namuna boʻla oladi.
Bevosita forumga kelsak, unda Butunjahon musulmonlar ligasi(KSA) Bosh kotibining maxsus elchisi Abdul Aziz Sarxon, Indoneziya Fanlar akademiyasi Madaniyat ishlari boʻyicha komissiyasi raisi Amin Abdulloh va boshqa bir qator xorijlik mehmonlar, ekspertlar, soha mutaxassislari tadbirning dastlabki ikki kunidagi seminarlar natijalari, shuningdek, ilgari Marokash, Jakarta, Potomak, Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalar qoidalarini muhokama etdilar.
Forum yakunida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. U dunyoning turli qitʼa va mintaqalaridan tashrif buyurgan tajribali huquqshunos, dinshunoslar muhokamasidan oʻtkazilganini taʼkidlamoqchimiz. Mazkur hujjat butun dunyoda maʼrifatparvarlik gʻoyalarini, bagʻrikenglik madaniyatini targʻib etish, millatlararo va dinlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Izoh qoldirish