378

Din erkinligi dolzarb masala

Buxoroda o‘tkazilayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida jahon hamjamiyatining nufuzli tashkilotlari rahbarlari ishtirok etayotgani din erkinligi masalasi xalqaro miqyosda qanchalar dolzarb ekanligini yaqqol ko‘rsatadi.

Bugungi majlislar va sessiyalaridagi ma’ruza hamda muhokamalarga taniqli ekspertlar jalb qilingani ham anjumanimiz yuqori saviyada o‘tishidan dalolatdir. Ushbu anjumanda hammamiz uchun muhim bo‘lgan dolzarb fikrlar bildirilishiga va ular asosida biz hamkorligimizning yangi yo‘nalishlarini birgalikda belgilab olishimizga ishonchim komil. 

Mamlakatimizda diniy erkinlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda diniy erkinlik sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy islohotlarning asosiy qismidir. Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash Yangi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlarini biri sifatida belgilangan. Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, O‘zbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi hayotga tatbiq etilmoqda.

Jamiyatni ma’naviy-axloqiy yangilashning muhim omili diniy ta’lim va ma’rifatdir. Shu bilan birga ko‘p millatlilik sharoitida ma’naviy-diniy tiklanish sohasidagi eng muhim muammolardan biri diniy ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, imom-xatiblar va ruhoniylar malakasini oshirishdir. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi bir ovozdan qabul qilingani chinakam tarixiy voqea bo‘ldi. Hujjatni ishlab chiqish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2017-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida bildirilgan edi. O‘zbekiston mustaqilligi tarixida ilk bor BMTning diniy erkinlik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid mamlakatimizga tashrif buyurdi. Tashrifi yakunlari bo‘yicha din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha taqdim etilgan tavsiyalar to‘liq amalga oshirildi. 

Diniy e’tiqod erkinligini mustahkamlash sohasidagi xalqaro norma va talablarni milliy qonunchilikka tatbiq etish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini yangi tahrirda tayyorlashda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalari, shuningdek, umumiy sharhlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining fikrlari diqqat bilan o‘rganildi va hisobga olindi. 

Qonunni ekspertizasini o‘tkazishda bizlarga yordam bergan Elizabekt Krak xonimga, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik nafaqat xalqaro tashkilotlar, balki mamlakat miqyosida, jumladan, xorijiy davlat institutlari va fuqarolik jamiyati orqali ham amalga oshiriladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga qaramay, haligacha hal etilmagan yoki yetarlicha e’tibor qaratilmayotgan masalalar ko‘p. Amerikalik hamkorlarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman va biz diniy erkinlikning barcha jihatlari bo‘yicha konstruktiv muloqotga tayyorligimizni tasdiqlaymiz. 

Akmal Saidov, 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining 

birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, 

O‘zA

Izoh qoldirish