317

Renata UITS: O‘zbekiston forumi nafaqat kelajak, balki bugungi kun uchun ham juda muhim

Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi doirasidagi voqealar bugun ko‘hna Samarqandga ko‘chadi. O‘zA taniqli xalqaro ekspertlarning anjuman to‘g‘risidagi fikrlarini chop etishda davom etadi.

Venadagi Markaziy-Yevropa universiteti Yuridik tadqiqotlar departamenti qiyosiy konstitutsion huquq bo‘yicha professori Doktor Renata Uits (Avstriya):

— Forum doirasidagi sessiya yig‘ilishlari, kutilganidek, juda qizg‘in, munozaraga boy kechyapti. Guruhimizda davlat xizmatchilari bilan din va qonun ustuvorligi haqida suhbatlashdik. Tinglovchilar xorijlik ekspertlar tomonidan taqdim etilgan taqdimotlarga katta qiziqish bildirishdi, bu juda yaxshi belgi. 

Men yirik konferensiyalar deklaratsiyalarini tayyorlashda ko‘p qatnashganman. Demak, bunday bayonotni birinchi marta ko‘rishim emas. Hujjat avval tuziladi, muhokama qilinadi va keyin qabul qilinadi. Toshkentda ko‘plab davlatlardan hukumat mutasaddilari, turli diniy, dunyoviy qarashga ega mutaxassislar, fuqarolik jamiyati vakillari dolzarb masalalarni muhokama qilishyapti. Aynan mana shu holat deklaratsiya qabul qilinishi jarayonining jiddiy muvaffaqiyati.

To‘g‘ri, men O‘zbekiston bo‘yicha mutaxassis emasman, ammo aksar chet ellik mutaxassislar yurtingiz haqida qanday fikrda ekanini bilaman. AQSH O‘zbekistonni diniy jihatdan eng tashvishli davlatlar ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilgani, haqiqatan ham, yuqori baho. Umid qilamanki, O‘zbekiston diniy guruhlar va dindor shaxslar mamlakatda o‘z e’tiqodini erkin ifoda etishini osonlashtirish uchun ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatni davom ettiradi.

Forum muvaffaqiyatli uchrashuvlar tashkil etish maqsadiga ega. Shu bilan birga haqiqiy muvaffaqiyatga uzoq muddatli jarayon orqali erishilishini ham bilamiz.

Toshkentda ko‘p ma’ruza eshitdik. Tajriba almashish va shu tajriba asosida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga harakat qildik. Bu anjuman nafaqat kelajak, balki bugungi kun uchun ham juda muhim.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonning sohaga aloqador barcha tuzilmalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hozirgi to‘g‘ri tanlangan yo‘ldan chekinmay, ilg‘or tajribaga tayanishda davom etadilar. Toki bu uchrashuvlar izchil va davomli hamkorlik jarayoni uchun boshlang‘ich nuqta vazifasini o‘tasin.

Avvalgi forumlar, qabul qilingan deklaratsiyalar muayyan muvaffaqiyatlarni ta’minlagan. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan ketayotganini ko‘rib, rosti, xursandman. Umid qilamanki, tez orada imzolanajak “Buxoro deklaratsiyasi” ham hammamizni yangi yutuqlar, natijalar sari yetaklaydi.

Ulug‘bek MAHMIRZAEV yozib oldi.

O‘zA

Izoh qoldirish