Yaxshidan bog‘ qolur
MUNOSABAT
Har qanday davr hamda makonda tozalik va ko‘rkamlik inson hayotining mazmunini belgilovchi muhim omil bo‘lib kelgan. Inson bor ekan, mudom yaxshilikka, bunyodkorlikka, obodonlashtirishga intilib yashaydi. Ayniqsa, bu kabi fazilatlar bugungi jadal taraqqiyot bilan hamohang ravishda yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni hal qilishda ustuvor sanaladi. Aynan shu kabi muammolarning oldini olish, aholi farovonligini ta’minlash, tabiatni asrab-avaylash kabi yuksak maqsadlarni ko‘zlagan “Yashil makon” umummilliy loyihasi keng targ‘ib etilishi esa quvonarli holat.
Chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektorda mazkur loyiha uzoq yillarga mo‘ljallangani alohida ta’kidlab o‘tildi. Loyiha doirasida yurtimizdagi qarovsiz yerlarni o‘zlashtirish, millionlab ko‘chat o‘tqazish, hududlarni obodonlashtirish kabi maqtovga sazovor va savobli ishlar rejalashtirilgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, katta yoshli qarag‘ay bir soatda 40 kishi havoga chiqaradigan karbonat angidridni 1 soatda kislorodga aylantiradi. 1 gektarlik qarag‘ay o‘rmoni yiliga 30 tonna kislorod ishlab chiqaradi. Shuningdek, daraxtzorlar nafaqat kislorod manbai, balki ildizi bilan suvni ushlab, qurg‘oqchilik yoki toshqinlarning oldini oladi, tabiiy ovoz izolyatsiyasini ta’minlash orqali shovqinni kamaytiradi hamda jismoniy va ruhiy salomatligimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu ilmiy haqiqatlar mazkur loyihaning qay darajada ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi.
Dinimiz ta’limotida ham ko‘chat ekishga targ‘ib etilgan bir necha hadislar rivoyat qilingan. Agar barchamiz ularga amal qilsak, yurtimizning har bir go‘shasi hozirda alohida tashkil etilayotgan ekopark yoxud istirohat bog‘lari kabi so‘lim maskanlarga aylanadi. Jumladan, Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: “Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tqazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa bo‘ladi”.
Ko‘kalamzorlashtirishga oid ishlar nafaqat bugungi kunimiz, balki kelajakdagi farovon hayot omillaridan. Shu ma’noni ta’kidlovchi hikmatda bunday deyiladi: “Bizlardan oldin o‘tganlar ko‘chat ekishdi, biz undan yedik. Endi esa biz ekamiz, uni keyingi avlodlar yeydi”. Naqadar purma’no va bugun ilgari surilayotgan “Yashil makon” loyihasini to‘la qo‘llab-quvvatlovchi hikmat. Zero, ko‘chatni tuproqqa olib, undirib-o‘stirish o‘zingiz va farzandlaringiz kelajagi uchun qiladigan eng muhim sarmoyalardan biridir.
Muqaddas islom dinimiz ta’limotida ham botiniy va zohiriy poklikka juda katta urg‘u berilgan. Xususan, hadisi shariflarda yo‘lda odamlarga ozor beradigan narsani chetga olib qo‘yish imon alomatlaridan hamda kishining jannatga kirishiga sabab bo‘luvchi vositalardan ekani ta’kidlanadi. Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan amalga yo‘llab qo‘ying”, dedim. Shunda u zot dedilar: “Odamlarning yo‘lidan ozor beruvchi narsani olib tashla”.
Odatda ko‘pchiligimiz boshqalardan andisha qilib yoki o‘zimizni urintirishni xushlamay bu ishga e’tibor bermaymiz. Lekin Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishning mukofoti ulkan ekani haqida aytmoqdalar. Birgina mana shu hadisning o‘zi ham davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbusning nechog‘liq savobli loyiha ekanidan darak beradi.
Hadislarda atrof-muhitni obodonlashtirish va xalq manfaatiga xizmat qiluvchi ishlarga insonlarni targ‘ib etish bilan cheklanib qolinmay, balki odamlarga ozor beradigan ishlar, Alloh taolo in’om etgan tabiat ne’matlarini zoye qilishdan ham qaytarilgan. Xususan, dinimizda daraxtlarni zaruratsiz kesishdan, turg‘un suvga chiqindi tashlashdan, hatto urush holatida ham daraxtlarni kesishdan tiyilish buyurilgan.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, nafaqat yurtning buguni, balki kelajagi uchun ham muhim bo‘lgan, odamlar manfaatiga xizmat qiluvchi loyihalarning targ‘ib etilishi maqtovga sazovor. Shu bilan birga, bu kabi loyihalar faqatgina taklif va targ‘ibotdangina iborat bo‘lmay, har bir vatandoshimiz ularni qo‘llab-quvvatlashi, mohiyatini his etib, amaliy faoliyat orqali hissa qo‘shish bilangina o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishi mumkin bo‘ladi.
Jamoliddin KARIMOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 18-may, 98-son
Izoh qoldirish