360

Vatan mehrin dilga jo qilib...

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mavzusi hech bir davrda o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmaydigan masaladir. Unga davlatning muhim, dolzarb ijtimoiy masalasi, deb qaraladi. 

29-yanvar kuni “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” qabul etilgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Hujjatning 70-maqsadi: “Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish” etib belgilangan. Xususan, bunda “Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash” mas’uliyati yuklatilgan. 

Demak, davlat rahbari takroran bundan buyon ham yoshlarning harbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish ishlarini jadal davom ettirilishini urg‘ulamoqda.

Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi umumiy tarbiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, yoshlarda Vatanni sevish, uni fidokorona himoya qilishga tayyorgarlik va bunga qodirlikni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Uning ma’naviy-ma’rifiy va nazariy asosi Vatanni himoya qilish to‘g‘risidagi zamonaviy tegishli ilm-fan sohalarining xulosalari, xalqimizning Vatan va uni himoya qilish haqidagi tarixiy va zamonaviy amaliy tajribasi, ilmiy merosi hamda mazkur masala bilan bog‘liq umuminsoniy qadriyatlar va zamonaviy talablar hisoblanadi.

  Yoshlarni turli yot g‘oya va tahdidlardan asrash, o‘z mustaqil fikriga ega, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash eng asosiy maqsadlardan biriga aylanmog‘i lozim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlanganidek, “tarbiya va ta’limni bir-biridan alohida ajratib bo‘lmaydi, bu ikki jarayon o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etilgandagina odobli, yuksak ma’naviyatli, shu bilan birga, bilimdon, zukko, ruhan va jismonan sog‘lom, keng dunyoqarash, tafakkur va zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lgan vatanparvar yoshlarni yetishtirib beradi”. 

Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish barcha vatandoshlarimizning ezgu orzu umidlaridan biriga aylanmog‘i kerak. Darhaqiqat, “Yangi O‘zbekiston – barchamizning ezgu orzuimiz, mehnatkash, tinchliksevar xalqimizning orzusi. Unda xalqimizning azaliy umid-niyatlari, yuksalish sari intilishlari o‘ziga xos tarzda aks etmoqda. Uzoq o‘tmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli g‘oya va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi O‘zbekiston tushunchasiga jamuljam bo‘ldi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan mehnat qilsak, albatta hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi”, deydi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.

Jamiyatdagi barqarorlikni mustahkamlash va davlatning xavfsizligini ta’minlash barcha zamonaviy davlatlari qatori O‘zbekiston uchun ham hayotiy zaruratdir. Shularni nazarda tutib, O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat va xalqaro munosabatlarning sub’yekti sifatida o‘zining mudofaa siyosatini barcha mamlakatlarning tinch-totuv yashashi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ularning mustaqilligini, shuningdek, davlatlararo tarkib topgan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini hurmat qilish prinsiplariga asoslaydi. 

Men Afg‘onistonda diplomat bo‘lib xizmat qilib yurgan paytimda elchixonamizning yoshi ulug‘ xodimlari orasida Ikkinchi jahon urushi yillari aynan bu o‘lkada bir vatandoshimiz vatanparvarlik va mardlik namunasini ko‘rsatgani to‘g‘risida suhbat ochiladi. Zamona zayliga ko‘ra, uning ism-familiyasi aytilmaydi, qanday fidokorlik ko‘rsatgani uzuq-yuluq hikoyalar bilan chegaralanadi. 

Mustaqillik yillari ilgari oshkora gapirish mumkin bo‘lmagan mavzularning ta’qiq pardasi ko‘tarila boshlaydi. Ana shunday “yopiq” shaxslardan biri Bahrom Ibrohimov haqida ma’lumotlar e’lon qilish boshlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faxriylari birinchi o‘zbek razvedkachisi haqida ommaviy axborot vositalarida maqolalar yozadilar.

 ...Asli Jizzax viloyati Baxmalining Oyqorli qishlog‘idan bo‘lgan Bahrom o‘rta maktabni bitirib, Samarqand institutida oliy ta’lim oladi. O‘sha kezlari Fitrat, Cho‘lpon, Munavvar Abdurashidov singari ma’rifatparvarlar bilan tanishadi, ular bilan hamkorlik qiladi. She’rlar yozadi, ijodidan namunalar gazeta va jurnallarda bosiladi.

Harbiy xizmatga moyilligi tufayli qo‘shni mamlakatda malakasini oshirib qaytgach, 24 yoshli Bahrom Eron davlatiga xizmatga yuboriladi. Chet elda sovet hukumatining ta’qibidan qochgan “Mahmud Oyqorli” va “Yazuchi” singari to‘qima nomlar hamda tarjimai hollar bilan ishga kirishadi.

1932-yilda Mashhadda u Turkiston muxtoriyati xalq majlisi deputati bo‘lgan, muftiy Sadriddinxon Maxsum Sharifxo‘jayev va Buyuk Britaniyaning Markaziy razvedka xizmati rezidenti Xamber Lyanselo Georg bilan munosabatlar o‘rnatadi. Bir yillardan so‘ng chet el rezidentining bevosita yordami bilan “Oyqorli” va muftiy Afg‘onistonga ko‘chib o‘tadilar. 

O‘zbek razvedkachisi Qobuldagi Turkiyaning Afg‘onistondagi elchisi Esendal bilan hamkorlikka kirishadi, Germaniya va Yaponiya elchixonalari xodimlari bilan ishonchli aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi.

Nemis, fors, yapon va arab tillarida bemalol gaplasha olgan. Bekorga “til bilgan dunyo tanir”, deyilmagan. Shuncha til bilishi unga razvedka ishida ancha qo‘l keladi.

Aynan nemis tilida erkin muloqot qila olgani uchun ham “Oyqorli” Abverning Afg‘onistondagi rezidenti Rasmus va nemis razvedkachisi, mayor Shenklarning hurmatini qozonadi, ular bilan “do‘stona” aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi. Bora-bora fashistlarning rejalari to‘g‘risida xabardor bo‘lib turadi. 

Gitler Germaniyasi Ikkinchi jahon urushida tub burilish yasashni xomhayol qilib, O‘rta Osiyo hududidan Sovet Ittifoqiga bostirib kirishni mo‘ljallaydi. Shunga yarasha qurol-yarog‘, mablag‘larni to‘plash ishlari boshlanadi va Afg‘oniston hududidan O‘zbekiston va Turkmaniston chegaralarini kesib o‘tish rejasi ishlab chiqiladi. “Uchinchi front”, deb nomlangan oliy reja o‘zbek razvedkachisining say’i-harakat bilan barbod bo‘ladi.     

Yuqorida qayd etilganidek, “Oyqorli” chet davlatlarning vakillari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Moskva mulozimlari 1941-yil 22-iyunda nemis fashistlarining Sovet Ittifoqiga bostirib kirishi xabarini oladi. Tarix kitoblarida bu ma’lumotni Yaponiyada faoliyat yuritayotgan sovet razvedkasi Rixard Zorge yetkazgani e’tirof etiladi. Bahrom Ibrohimov ham markazga shunga yaqin xabarni yuboradi... 

“Oyqorli”ning nemis ayg‘oqchilaridan olgan ma’lumotlari bizning rezidenturaning diqqatidan qochmasdi. Ayniqsa, afg‘on-sovet chegarasidan O‘rta Osiyo respublikalariga yuborilayotgan josuslar va qo‘poruvchilar to‘g‘risida ma’lumot juda muhim hisoblanardi. Mamlakatda esa ular esa tezkor harakatlar bilan  qo‘lga olinib, qamoqqa tashlanar edi.

Shu o‘rinda arxiv hujjatlaridan olingan bir misol keltiraman. 1942-yilning 13-oktabr kuni Termiz shahridan 50 kilometr sharqda joylashgan chegara yo‘lagidan 8-10 ming nafar qilich va Angliyaning vintovkalari bilan qurollangan muhojirlar qo‘shini Amudaryodan kechib o‘tishi to‘g‘risida Markazga xabar beriladi.

Yoki boshqa misol. Afg‘onistondagi vaziyat diplomatik choralar ko‘rishni taqazo qilar edi. Bahrom Ibrohimovdan olinayotgan ma’lumotlar shu darajada dolzarb ediki, Sovet hukumatining topshirig‘iga binoan elchi K.A.Mixaylov podshoh Muhammad Zohirshoh bilan uchrashadi. Bu uchrashuv natijasida 1942-yilning 13-oktabr kuni Karl Rasmus Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga fashistlar Germaniyasining maxsus xizmatlari Afg‘oniston hududida qo‘poruvchilik faoliyati olib borayotgani to‘g‘risida nota taqdim qilinadi.

Keyingi yilning mart oyida Afg‘oniston xavfsizlik idoralari maxsus amaliyot o‘tkazib, 100 ga yaqin jinoyatchini asirga oladi. Ular orasida “turkistonlik muhojirlarning ko‘zga ko‘ringan taniqli vakili”, Germaniyaning Qobuldagi missiyasi bilan aloqada bo‘lib turgan Mahmud “Oyqorli” – Bahrom Ibrahimovning o‘zi ham bor edi.

U besh yildan keyin ozod etiladi. Jami 20 yildan oshiq chet ellarda razvedka xizmatining mas’uliyatli vazifalarini bajarib, 1955-yilda jonajon vataniga qaytib keladi. Jangovor Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlanadi.

Bahrom Ibrohimov Vatanga qaytgach, sevgan kasbi – jurnalistika sohasida ishlaydi. “O‘zbekistoni surx” gazetasida madaniyat va Davlat siyosiy nashriyotida sharq bo‘limlarini boshqaradi. “Intilish”, “Mirzoda ishqi” kitoblarini chop ettirdi. “Yo‘qsil” taxallusi bilan she’rlar bitadi. To‘rt chet tilini bilmasmidi, bu xorij tillardan tarjimalar qiladi. Jami 50 dan oshiq kitoblarni o‘zbek tiliga o‘girdi. 

1963-1975-yillarda Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy ish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlanganidek, “Bugungi kunda bizning harbiylarimiz o‘zlarining professional tayyorgarlik darajasi bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini so‘zda emas, amalda isbotlamoqda. Xalqaro harbiy o‘quv musobaqalarida, armiyalar o‘rtasidagi va sport bellashuvlarida O‘zbekiston vakillari o‘zlarining mahorati, ruhan baqquvvatligi, g‘alabaga bo‘lgan irodasini namoyon etmoqda, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanliklarini yaqqol ko‘rsatmoqda. Hech shubhasiz, bularning barchasi butun O‘zbekiston xalqida, ayniqsa, yoshlarimizda milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usini, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uyg‘otmoqda”.

Yangi O‘zbekiston shakllanayotgan bir davrda ajab emaski, harbiy darsliklar bilan bir qatorda o‘rta maktablarimizda Vatanni sevish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish namunasi sifatida Bahrom Ibrohimovning ham nomi zikr o‘tilsa, uning xizmatlari ibrat sifatida o‘qitilsa, badiiy filmlar yaratilsa... 

 

Shoislom Akmalov,

tadqiqotchi.

Izoh qoldirish