Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qo‘mita a’zolari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– O‘tgan vaqt mobaynida diniy-ma’rifiy soha xodimlari tomonidan 23124 ta kam ta’minlangan oilalar, 8565 nafar yetim bolalar holidan xabar olindi, – deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov. – Shuningdek, 6596 nafar moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga homiylarni jalb etgan holda 725 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ushbu maqsadlarga jami 1,896 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
E’tiborli jihati, 2020 va 202-yillar davomida koronavirus kasalligi tufayli to‘xtab qolgan umra ziyorati 2022-yilning 22-yanvar kunidan qayta tiklanib, bugungi kunga qadar jami 33 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimizning Saudiya Arabistoniga ziyoratlarini tashkil etishga imkon yaratildi. Hozirga kelib umra uchun kvotalar olib tashlandi, bu yilgi haj amallarini tashkil etish bo‘yicha Saudiya tomoni bilan kelishuvlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ham belgilangan vazifalardan kelib chiqib samarali faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda markazlar tomonidan buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosiga oid 100 dan ziyod asarlar tarjima qilinib, nashr etildi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga ko‘plab yangiliklar tatbiq etilmoqda, – deydi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shavkat Mavlanov. – Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari kengaydi. Akademiya professor-o‘qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro konferensiya, ilmiy seminarlar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashdi.
2022-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy salohiyatini oshirish milliy reytingida 63 foiz ko‘rsatkich bilan respublika oliy ta’lim muassasalari orasida 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda akademiyada Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Afg‘oniston davlatlaridan jami 39 nafar (33 nafar bakalavr, 2 nafar magistrant, 4 nafar doktorant) xorijiy talaba tahsil oladi.
Akademiya Yevropa, Afrika va Osiyodagi 14 mamlakatning 37 ta nufuzli oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshiryapti. Xususan, o‘tgan qisqa vaqtda Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari ilmiy-tadqiqot instituti, Rossiya islom instituti, Qozon Federal universiteti xalqaro munosabatlar instituti, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi Islomshunoslik tadqiqotlar markazi, Bolgar islom akademiyasi, Myunster universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij Markaziy Osiyo forumi, Saudiya Arabistonidagi Islom tadqiqot va ta’lim instituti (IRTI), Yaponiyaning Aichi san’at universiteti, shuningdek, Turkiya davlatining 5 ta, Indoneziyaning 3 ta, Malayziyaning 4 ta, Qozog‘istonning 3 ta dunyo reytingida yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan mustahkam ilmiy-pedagogik hamkorlik o‘rnatildi.
Shuningdek, tadbirda mutasaddilar tomonidan bugungi kunda Ozarbayjon ilohiyot instituti, Bolgar islom akademiyasi (Rossiya), Saljuq, Istanbul va Anqara (Turkiya), Malayziya islom ilmlari (Malayziya), Aichi san’at (Yaponiya), Nur Muborak Misr madaniyati, Sulton Sharif Qosim RIAU (Qozog‘iston), Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA), Islom taraqqiyot banki, ICESCO, UNESCO, TIKA, KOIKA, JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani ta’kidlandi.
Anjuman so‘nggida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar javob berdi.
Toshtemir Xudoyqulov,
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.
Manba: “O‘zbekiston ovozi” gazetasi 2022-yil 10-may, 18-19-son.
Izoh qoldirish