409

KOMILLIK QOMUSI

Insoniyatni haq yo‘lga boshlash, botil va gumrohlik chohidan qaytarish, pirovardida, Alloh taoloni, uning qudratini anglatib, bandalik a’molining asl mohiyatini bizlarga yetkazishdek mashaqqatli va sharafli vazifa – Allohning so‘nggi dini Islomga targ‘ib etish janobi payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning zimmasida bo‘ldi. Ming yillar davomida Allohning kalomi bo‘lmish Qur’oni Karim mazmun-mohiyatini, olamning so‘nggi payg‘ambarining qutlug‘ ta’limotini bashariyatga yetkazish borasida yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ zotlarning ham cho‘ng xizmatlari borkim, buni butun dunyo ilm ahli biladi, e’tirof etadi. 

Ana shu an’ananing davomi o‘laroq, yurtimizda yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Hukumatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi sabab O‘zbekiston qomuschiligida ilk marotaba ko‘p jildlik Islom ensiklopediyasini yaratish imkoni paydo bo‘ldi. Nashrning birinchi jildi o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. 

Shu munosabat bilan mazkur nashr bosh muharriri, professor Nurislom To‘xliyevni suhbatga tortdik.

– Muhtaram domla, avvalo, ushbu muhtasham nashr bilan sizni va zahmatkash jamoangizni qutlaymiz! Muborak bo‘lsin! Bilamizki, bunday nashr bir ijodkorning shaxsiy qo‘lyozmasi emas, bu jarayonda ish ham silliqqina hal bo‘lmaydi. Nashrning ilk kitobi qo‘lga yetib kelguncha bo‘lgan jarayon o‘zi katta bir bosqich, shunday emasmi?

Shu asnoda ushbu qutlug‘ nashrni boshlash tarixi va sabablari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Darhaqiqat, har bir yirik va muhim ishning o‘ziga yarasha tarixi va unga turtki bo‘ladigan voqea va hodisalar, uning orqasida turadigan shaxslar bo‘ladi. Islom tarixi va madaniyati, uning aqidaviy ustunlari va g‘oyaviy manbalari hamda u bilan bog‘liq zamonaviy jarayonlarni o‘rganishga dunyo miqyosida katta ahamiyat berilmoqda. Aslida, Yevropa va Osiyoda bunday an’ana bir asrdan ziyod tarixga ega. Bu boradagi ilk ensiklopediya nemis tilida tuzilib, keyinchalik ingliz, fransuz, arab, urdu va turk tillariga tarjima qilingan. Islom ensiklopediyasining to‘ldirilgan va qayta ishlangan keyingi nashrlari ham dunyo yuzini ko‘rmoqda. Jumladan, Turkiya Diyonat vaqfi tomonidan 1988–2014-yillar mobaynida turk tilida 40 jilddan ziyod “Islom ensiklopediyasi” nashr etildi. O‘zbekistonda ham Islom ma’lumotnomasi va bir jildli “Islom ensiklopediyasi” chop etilgan. Shularning oqibati o‘laroq, o‘zbek tilidagi ko‘p jildli mukammal “Islom ensiklopediyasi”ni yaratish zarurati yetilib kelayotgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 15-dekabrdagi “O‘zbekiston islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori va 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroridan keyin bunday dolzarb va mas’uliyatli loyihani amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

– Bunday jiddiy loyihani amalga oshirish oson yumushlardan bo‘lmasa kerak. Katta tashkiliy, ilmiy-tadqiqot ishlari va albatta katta mablag‘ bilan bog‘liq bo‘lishi tayin..?

– Ha shunday. Biz, eng avvalo, bu ulug‘ loyihani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Bosh tahrir kengashini, sakkizta yo‘nalish – Qur’on va hadis, aqoid, fiqh, islom tarixi, islom adabiyoti, islom san’ati, tasavvuf, bag‘rikenglik masalalari bo‘yicha ilmiy maslahat kengashlarini shakllantirishdan boshladik. Ularga jamoatchilik asosida ishlash uchun mamlakatimizning yetuk islomshunos, sharqshunos, adabiyotshunos, faylasuf, tarixchi va siyosatshunos olimlari jalb etildi. Nashrning ilmiy konsepsiyasi va dastlabki jildlarining so‘zligi tuzilib, ilmiy jamoatchilik o‘rtasida muhokama etildi, tegishli maslahat va takliflar olindi.

Ensiklopediyamizga kiritiladigan maqolalarning yozilishida birlamchi manbalarga tayanish, ilmiylik va xolislik asosiy mezon qilib olindi. Ularning bayon uslubida Islomdagi barcha huquqiy maktab va mazhablarga nisbatan hurmat odobiga rioya qilish belgilandi.

Ensiklopediya necha jilddan iborat bo‘lishidan qat’i nazar, u yagona nashr hisoblanadi. Shunga binoan, uning biron jildiga kiritiladigan maqola boshqa jildlardagi mavzular bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi lozim. Yirik va munozarali maqolalarga bibliografiya ilova etiladi, mualliflarning ismi sharifi ko‘rsatilmoqda.

– Yangi “Islom ensiklopediyasi”ni yaratishda jahon tajribasidan qay darajada foydalanildi? 

– O‘zbek tilidagi ushbu “Islom ensiklopediyasi”ning mazmun-mundarijasini belgilashda jahon qomuschiligi an’analaridan, mazkur sohadagi milliy tajribadan, mavjud nazariy materiallardan ijodiy foydalanishga harakat qilinmoqda. Biroq ushbu nashr o‘zining mazmun-mohiyati hamda xususiyatlari bilan oldin yaratilgan ensiklopediyalardan tubdan farq qiladi. U, ma’lum ma’noda, Islom qomusshunosligining o‘ziga xos kvintessensiyasi bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Zero, ensiklopediyadan dunyoga mashhur islomshunoslar, jumladan, Gʻarb olimlarining tadqiqotlari, hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar ham joy olmoqda. Islom dini tarqalgan mamlakatlar, xususan, aholisining ko‘pchiligini musulmonlar tashkil etadigan o‘lkalar, musulmon anklavlari haqidagi maqolalarga ham keng o‘rin ajratiladi. Ularning yozilishiga, mahalliy olimlar bilan birga, chet ellik yetuk tadqiqotchilar ham jalb etilmoqda. Ular orasida rossiyalik, turkiyalik, misrlik, saudiyalik olim-u mutaxassislar bor.

Ayni chog‘da biz Islom tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan Markaziy Osiyolik, jumladan o‘lkamizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalarning hayoti va ilmiy merosiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu biz uchun ham farz, ham qarz. Buxoriylar, Termiziylar soyasida qolib ketgan, hali o‘rganilmagan qanchadan-qancha mashhur zotlar bor. Birgina Shahrisabz va yo Ishtixonning o‘zidan o‘nlab muhaddislar yetishib chiqqani ma’lum. Lekin bugungi avlod ularning ko‘pchiligidan bexabar, hayoti va faoliyati ilmiy muomalaga tortilmagan.

– 50 mingdan ziyod material jamlanadigan bu nashr bundan ko‘proq jildda nashr etilsa, material yetishmasmidi?

– Albatta, Islom ta’limotini o‘nlab, hatto yuzlab jildlarga ham sig‘dirib bo‘lmaydi. Islom bu katta bir ummon, bizning ishlarimiz esa shu ummondan bir qatra xolos. Biz eng asosiy atamalar, voqea va hodisalar, yirik shaxslarni olyapmiz. Unda dinimiz arkonlari, shar’iy qonun-qoidalar, muqaddas qadamjo va maskanlar, yirik masjid va madrasalar, Islomning tarqalishi va ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxslar, sahoba va tobe’inlar, muhaddis, faqih, mufassir, mutasavviflar, aziz-avliyolar, Qur’on va hadis hofizlari, taniqli ulamolar haqida alifbo tartibida tizimli maqolalar berishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Qolaversa, Islom doimiy taraqqiyotdagi ta’limot, u qotib qolgan dogma emas. Shuning uchun ham u bezavol. Islom – 1,7 milliarddan ortiq kishi e’tiqod qiladigan muqaddas din. Bu raqam kundan-kunga o‘smoqda. Bu din insoniyatning bezavol ma’naviy qo‘rg‘onidir. 

Islom yuksak ma’rifatga asoslangan millatlararo va dinlararo munosabatlarni qaror toptirishga xizmat qilayotgani bilan ham olamshumul ahamiyatga ega. Bu esa yangi-yangi tadqiqotlar zaruratini kun tartibiga qo‘yadi.

– O‘zbekistonning bugungi yangi taraqqiyoti bosqichida Islom ma’naviyati rivojiga har qachongidan-da ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Mir Arab oliy madrasasi kabi o‘quv-tadqiqot hamda ilmiy-ma’rifiy muassasalar ta’sis etildi, hadis, kalom, fiqh va tasavvuf maktablariga asos solindi. Mana ular barobarida ko‘p jildli “Islom ensiklopediyasi” ham yaratilmoqda. Ushbu nashrning zarurati va ahamiyatini qanday baholaysiz?

– Ha, bu keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos madaniy-ma’rifiy ishlar silsilasidagi bir bo‘g‘in. Mening nazarimda bu nashrning, nokamtarlikka yo‘ymangu, ikkita asosiy ahamiyati bor. Birinchisi, bu Islom tamadduniga mislsiz hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizga qo‘yilgan yana bir munosib yodgorlik bo‘ladi. 

Islom nafaqat diniy ilmlar, balki dunyoviy fanlar rivojiga ham kuchli turtki berdi. Ilk o‘rta asrlardagi Sharq uyg‘onish davrida aniq va tabiiy fanlar, jumladan, matematika, astronomiya, fizika, tibbiyot, geologiya, mineralogiya, botanika, kimyo va boshqa yo‘nalishlar jadal rivojlandi. Bu davrda yurtimizdan Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon al-Beruniy, Ibn Sino kabi jahonga mashhur ko‘plab qomusiy allomalar yetishib chiqdi. Imom al-Buxoriyning “Al-Jāmi’ as-sahӣh” hadislar to‘plami Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi moʻtabar manba sifatida e’tirof etildi. U Islom olamida mashhur “as-Sihāh as-sitta” (“Olti ishonchli to‘plam”)ning avvalgisi bo‘lsa, Imom at-Termiziyning “Sunan at-Termizӣ” kitobi ham oltilikning biri sifatida e’tibor qozondi. Shuningdek, Islom huquqshunosligi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Burhonuddin al-Marg‘inoniy, kalom ilmida alohida maktab yaratgan Imom al-Moturidiy, buyuk faqih Abu-l-Lays as-Samarqandiy, tafsir, adab va tilshunoslik ilmlarining peshqadami Mahmud az-Zamaxshariy, tasavvufda yuksak martabalarga erishgan Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Maxdumi A’zam va So‘fi Allohyor o‘zlarining metin e’tiqodi, qimmatli asarlari va ibratli ma’rifiy qarashlari bilan Islom ta’limoti ravnaqiga ulkan hissa qo‘shganliklari jahonda tan olingan.

Ikkinchidan, globallashuv jarayonlari ilmiy-texnologik taraqqiyotda misli ko‘rilmagan darajalarga ko‘tarilish imkoniyatini berishi barobarida, ming yillar davomida shakllangan va hayot mazmuniga aylangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimiz qirg‘oqlarini yuvib yubormoqda. Shu munosabat bilan bu nashr kadrlar tayyorlash sifatini oshirishdan tashqari, Islomning asl mohiyatini anglash, turli ekstremistik oqimlarga qarshi kurashning ilmiy bazasini kuchaytirish, keng omma, ayniqsa, yosh avlodni buzg‘unchi mafkuralar ta’siridan himoyalashga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘z e’tiqodiga ega avlodlargina shu vatanni seva oladi, uning qadriga yeta biladi. Shu zaminga o‘z onasiga qaragandek ko‘z bilan qaraydi. Bu yo‘lda Islom dini va uning ta’limotlari shubhasiz, katta bir dargoh vazifasini o‘taydi.

 

Shodmonqul SALOM suhbatlashdi.

“Ma’naviy hayot” jurnalining 2022-yil 1-sonidan olindi.

Izoh qoldirish