343

Xalqimizga xos yuksak fazilatlar namoyon bo‘ldi

EZGU QADRIYAT

Jannatmonand diyor, musaffo osmon ostida tinch-osoyishta va sog‘lom hayot kechirish barcha insonlar uchun buyuk ne’matdir. Zero, hadisi shariflarda keltirilishicha, “ikki ne’mat bor, undan ko‘p insonlar beparvo bo‘ladilar. Ular sog‘lik va tinchlikdir”.

Bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha fayzli va xalqimiz uchun faraxbaxsh bo‘ldi. Ramazon oyining boshlanishi munosabati bilan ushbu muborak oyni munosib kutib olish va o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentimiz qarori qabul qilingani bu oyda xayr-saxovat, mehr-muruvvat ishlarini yanada ko‘paytirish uchun rag‘bat bo‘ldi, deyish mumkin.

Ramazon kunlari muhtojlarga mehr-oqibat, xayr-saxovat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilat bo‘lib, bu insoniylik dono xalqimiz tomonidan azaldan amalga oshirib kelinayotgan o‘ziga xos go‘zal urf-odat va nodir qadriyatlarda o‘z ifodasini topgan. Bu qadriyatlar aslida muqaddas islom dini ta’limotlarining asl maqsad-muddaolarini tashkil etadi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda “Bir-biringizga hadya (sovg‘a) berib turing. Bu o‘rtangizda muhabbatga sabab bo‘ladi”, deyilgan bo‘lsa, Imom Termiziy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda “Birodaringiz yuziga tabassum bilan boqishingiz ham siz uchun sadaqadir”, deya ta’kidlangan.

Albatta, Ramazonning, hayit kunlarining shukuhi, lazzati tinchlik va osoyishtalik bilan fayzli bo‘ladi. Tinchlik bo‘lmagan joyda boshqa biror ne’matning qadri bo‘lmaydi. Dunyoning turli hududlarida sodir bo‘layotgan xunrezliklar, birodarkushliklardan har bir yurtdoshimiz xulosa chiqarishi, qiyos qilishi lozim.

Yurtimizda qaror topgan tinchlikning qadriga yetib, shukronasini ado etish bu yilgi Ramazonning o‘ziga xos jihatlaridan biri bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Xalqimiz to‘xtovsiz duolar qildi, savob amallar bilan band bo‘ldi. Butun oy davomida keksalarga hurmat, yoshlarga izzat ko‘rsatildi, yetimlar, kam ta’minlangan va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, yaxshi qo‘shnichilik haqiga rioya etish kabi yuksak fazilatlar namoyon bo‘ldi.

Prezidentimizning “Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham rozi bo‘ladi”, degan so‘zlari xalqimizning, ayniqsa, mas’ul kishilarning hayotiy shioriga aylandi. Zero, maqsadi xalqni – odamlarni rozi qilish bo‘lgan saxovatli insonlar savob amallari barobarida Allohning roziligini ham topadilar.

Ezgu amal – muqaddas islom ta’limoti. Dinimiz ko‘rsatmasi shu. Moʻtabar manbalarda keltirilishicha, eng go‘zal amal mo‘minlar qalbiga xursandchilik kiritish, ularga taom berish, ehtiyoji bo‘lsa, kiyintirish va muhtojlarning hojatini chiqarishdir. Shuning uchun insonlar savob ishlarda hamkorlik va hatto raqobat qilishga chaqiriladi.

Ramazon – ulug‘ va tabarruk oy. Unda urushlar harom qilingan. Bu oyda arazlashganlar yarashadi, o‘zaro yordam, eng muhimi, ilm yuksak darajada qo‘llab-quvvatlanadi. Prezidentimiz Ramazon hayiti munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrikda, xususan, shunday jumlalar keltirilgan: “Hech qachon unutmaylik, dunyodagi o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan eng katta boylik bu – bilim va tarbiyadir”.

Bu Imom Buxoriyning “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va hech qachon bo‘lmagay”, degan so‘zlariga hamohangdir. Haqiqatan, ilm yonmaydigan, cho‘kmaydigan boylik – qiyomatga qadar do‘st-u hamroh, chin ma’nodagi najotdir. 

Tarixda ko‘plab buyuk ajdodlarimizning hayot yo‘llari va ma’naviy merosiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning ilm olishi, biron asarni boshlash yoki tugatishi aynan Ramazon oyiga muvofiq kelganini ko‘ramiz. Ular bu oyning barokatidan keng foydalanib, manfaatli umr kechirishgan, ilm-ma’rifat bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zlaridan ma’naviy xazina qoldirishgan.

Ilm-ma’rifat bilan mashg‘ul bo‘lgan yoshlarimiz bugungi kunda ham ayni fazilatli fursatlar va ular uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanishlari zarur. Buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lish, ular zabt etgan ulug‘ maqomlarga yetish va xayrli amallarni davom ettirish lozim. Shundagina, ko‘zlangan oliy maqsad – Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor qo‘yiladi.

Ramazon oyida ilm-ma’rifatli, ezgu amal va mehr-saxovat har qachongidan ham ko‘ra, ko‘proq amalga oshiriladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ikki iyd kunlari har bir kishining qalbiga xursandlik kiritish, ularga hadyalar berishga katta e’tibor qaratganlar. Ayniqsa, yoshlar va yetim bolalarga alohida e’tibor qaratib, bu ishga barchani targ‘ib etganlar. Chunki bu ishlar Ramazon oyida yanada ko‘proq amalga oshirilishi ham behikmat emas. Zero, mazkur oyda amallarning savobi bir necha barobar ko‘paytirib berilishi muqaddas manbalarimizda zikr etilgan.

Bu yilgi Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda dam olish kunlari uzaytirildi. Bu esa ichki, xususan, ziyorat turizmi uchun ulkan imkoniyatdir. Binobarin, yurtdoshlarimizga buning uchun imtiyozli chegirmalar joriy etilgani ham bayramga alohida fayz va tarovat bag‘ishladi.

Bu bayram sabab barchamiz mehrga to‘lamiz, xursandchilik ulashamiz, hamjihatlik tuyg‘usi ufuradi va oramizdagi nafrat va qayg‘u barham topadi. Zero, sabr-qanoat va ma’naviy poklanish oyidan chiqib hayit kunida bir-birimizga kechirimlilik, ehson, rahm-shafqat va oqibat ulashamiz. Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilamiz!

Zero, bu fursat duolar qabul bo‘lib, mukofotlar ziyodasi bilan beriladigan vaqt, har bir yaxshilik uchun katta mukofot olinadigan, ehsonning mukofoti faqat ehson bo‘lgan fursatdir. 

Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “pok niyat, ezgu amallar bilan yashaydigan bandalarga albatta yuksak ajr-u mukofotlar ato etiladi”.

Yurtimiz tinchligi bardavom va xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lsin!

Shukurillo UMAROV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 12-may, 93-son

Izoh qoldirish