261

Diniy bag‘rikenglik – mamlakat barqarorligi garovi

Insonning tug‘ilib o‘sgan uyi, mahallasi, qishlog‘i, yaqinlari – Vatan tushunchasida mujassam.

Shu bois Vatanga muhabbat, avvalo, ota-ona, aka-uka, yor-birodarga hurmat, ehtiromda namoyon bo‘ladi. O‘zi tug‘ilib, voyaga yetgan zaminga mehr berish, yurt tuprog‘ini muqaddas bilish, shu zaminga bir umr farzandlik sadoqati bilan yashash har bir inson uchun ham farz, ham qarz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida ikki yuzga yaqin davlatda 7000 til va lahjada so‘zlashuvchi 7,7 milliard aholi istiqomat qiladi. Jahonning etnik xaritasiga nazar tashlasak, bugungi kunda dunyoda bir necha yuzdan tortib, bir necha yuz milliongacha izdoshga ega turli dinga e’tiqod qiluvchi 2000 ga yaqin millat, elat yashayotganiga guvoh bo‘lamiz. Shunday ekan, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stona aloqa o‘rnatish olam aro barqarorlik, osoyishtalikni ta’minlashda asosiy omili bo‘lib qolaveradi.

Xalqaro tashkilotlar orasida eng nufuzlisi hisoblangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1945 yil qabul qilingan nizomida davlatlar o‘zaro bag‘rikenglik ruhida, yaxshi qo‘shnichilik kayfiyatida yashashi, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda hamjihat bo‘lib harakat qilishi asosiy maqsad ekani alohida ta’kidlangan.

O‘zbek tilida “bag‘rikenglik” so‘zi orqali ifodalanadigan tolerantlik tushunchasi, aslida, “chidamoq”, “sabr qilmoq” ma’nolarini anglatib, insonning shaxsiy yondashuvidan qat’i nazar, muayyan fikr yoki qarashni imkon qadar bag‘rikenglik, toqat bilan qabul qilishni nazarda tutadi. Xususan, mazkur tushuncha, deyarli, barcha tillarda bir xil yoki bir-birini to‘ldiruvchi ma’no kasb etib, “chidam”, “bardosh”, “toqat”, “o‘zgacha qarash yoki harakatga hurmat bilan munosabat”, “muruvvat”, “himmat”, “mehr”, “kechirimlilik”, “hamdardlik” kabi ma’nolarda keladi.

bugungi globallashuv jarayonida jamiyatda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash jahon hamjamiyati oldida turgan muhim vazifaga aylangan. BMTning Fan, ta’lim va madaniyat sohalariga ixtisoslashgan tashkiloti - YUNESKO tomonidan ayni yo‘nalishda 70 dan ziyod xalqaro hujjat, shu jumladan, 1995 yil 16 noyabrda “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi” qabul qilingani ham ushbu masala naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda mavjud 130 dan ziyod millat va elat, 16 diniy konfessiya, 153 milliy-madaniy markaz vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik tamoyilini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. bugungi kunda turli dinga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, barcha fuqarolarga e’tiqod qilish hamda ibodatni emin-erkin amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratib berish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada rivojlantirish yuzasidan yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi asosida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda erishayotgan natijalarning xalqaro e’tirofi, deyish mumkin.

Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirildi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida esa turli millat-elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni asrab-avaylash, do‘stona munosabatni yanada sayqallashtirish ustuvor masala bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Ma’lumki, har bir din o‘z izdoshini millati, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, birdamlikka, o‘zaro yaxshilik qilishga undaydi. Jumladan, islom dinidagi “jamoatdan ajralmaslik”, “odamlarning yaratgan oldidagi tengligi” g‘oyasi buning yorqin misolidir. Barcha insonlar jinsi, irqi, rangi, ijtimoiy kelib chiqishiga qaramay, barobar hisoblanadi. Bu haqda hadislarda: «Insonlar taroq tishlari kabi tengdirlar. Arabning boshqa xalqlardan, oqning qoradan, erkakning ayoldan ustunligi yo‘q. Faqat, taqvoda xolos», deyilgan.

Qur’onda, “Rum” surasining 22-oyatida odamlar tili va rangidagi farq Yaratganning mo‘’jizasi ekani ta’kidlangan. Milliy va diniy rang-baranglik hamda e’tiqod erkinligini qaror toptirish masalasida Qur’on butunlay bag‘rikenglik ruhi bilan sug‘orilgan, desak mubolag‘a emas. Alloh, dastlab, odamzodni bir ummat qilib yaratdi, so‘ngra kishilarni turli qabila, xalq va dinga ajratdi. Bunday rang-baranglikdan maqsad insonlarni umumiy farovonlik yo‘lida o‘zaro musobaqalashishga targ‘ib qilishdan iborat. “Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi?!” (Yunus, 99) oyatidan turli-tuman, Yaratgan tomonidan o‘rnatilgan dinlarni bekor qilish yoki hammani bir din bayrog‘i ostida zo‘rlab birlashtirish mumkin emasligi kelib chiqadi.

Bag‘rikenglik masalasida payg‘ambarimiz Muhammad (alayhis-salom) islom ummatigagina emas, butun insoniyatga namuna bo‘ldilar. Najrondan Madinaga tashrif buyurgan nasroniylar jamoasi o‘z ibodatini bajarib olishlari uchun Rasululloh (alayhis-salom) masjidi nabaviyni ajratib berganlari tarixdan ma’lum va mashhur. Shuningdek, u zot ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, hadya berib, ulardan ham turli hadyalar qabul qilardilar. Qo‘shnichilik odobi, kimsaga yaxshilik qilish borasida Rasululloh (alayhis-salom)dan juda ko‘p hadis vorid bo‘lgan. 

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: «Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin». Ulamolar mazkur hadisni o‘rganib chiqib, yaxshilik faqat musulmon qo‘shniga emas, balki, boshqa din vakiliga ham birdek qilinadi, deydilar. Bu borada quyidagi rivoyat naql qilinadi: Bir kuni sahobiylardan Abdulloh ibn Umar (r.a.) xizmatkoriga bir qo‘y so‘yishni buyuradilar. Xizmatkor ishga kirishgach, unga «Qo‘yni so‘yib bo‘lgandan keyin, go‘sht tarqatishni yahudiy qo‘shnimizdan boshlagin», deya takror-takror ta’kidlab, so‘ng «Rasululloh (alayhis-salom)ning: «Jabroil menga qo‘shnichilik haqi borasida shu darajada ko‘p ko‘rsatma berdiki, men qo‘shni ham meros olsa kerak deb o‘ylab qoldim», deganlarini eshitganman, dedilar.

Qur’onda olam barcha xalq va din vakillari tinch-totuv yashaydigan zamin, deb e’lon qilingan. Umuman, Qur’oni karimning ellikdan ortiq surasidagi yuzlab oyatlarda musulmonlar mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik, boshqa e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglikka da’vat etilgan. Demak, islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, hatto, o‘zga din vakillariga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib, hamma bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatga barham berishga chaqirgan.

Taassufki, bugungi kunda dindan o‘zaro adovat uyg‘otish hamda ayirmachilik maqsadida foydalanishga urinayotgan kuchlar mavjud. Bundaylar asrlar osha bir o‘lkada yashab kelgan turli xalq yoki din vakillari orasiga nizo urug‘ini sochish orqali jamiyatda ijtimoiy vaziyatni izdan chiqarish, shu yo‘l bilan hokimiyatni qo‘lga kiritishdek manfur maqsadni ko‘zlaydilar.

Islom olami ligasining “Islomda tinch-totuv yashash” mavzusidagi konferensiyasi yakunlovchi bayonotida shqnday jumlalar keltiriladi: “Islom dini barcha millat, xalq va davlatlar o‘rtasida tinch-totuv yashashga buyuradi va quyidagilarni muhim deb hisoblaydi:

– islomning eng yuksak g‘oyasi bo‘lgan tinchlikni targ‘ib qilish va insonlar xavfsizligini ta’minlash;

– insonning sha’nini ulug‘lash, huquqini hurmat qilish;

– o‘zgalarni dinga majburlamaslik, ularga nisbatan adolatsiz bo‘lmaslik. 

Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekiston hududida azaldan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega, xilma-xil dinga e’tiqod qilgan xalqlar yashab keladi. O‘lkamiz jo‘g‘rofiy-siyosiy jihatdan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar mavjudligi diniy va madaniy hayotda ham o‘z aksini topgan. O‘z navbatida bu yerda yashagan tub aholining madaniyati ham boshqalarga ta’sir o‘tkazgan va o‘ziga xos turmush tarzini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.

Asrlar mobaynida shahar-u qishloqlarimizda masjid, cherkov va sinagogalar emin-erkin faoliyat ko‘rsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar hamjihatlikda yashab, o‘z diniy marosimlarini ado etib keladi. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy mojaro kuzatilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Ma’lumki, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va mentalitetimiz asosini tashkil etadi”. Bu millati va dinidan qat’i nazar, insonni ardoqlash, o‘zgalarni qadrlash, kattaga hurmat, kichikka izzat ko‘rsatish kabi tuyg‘ular aholining qon-qoniga singib ketganidan dalolat. Aynan shu sifatlar xalqimizga xos diniy bag‘rikenglikning ma’naviy asosini tashkil qiladi.

Boy tarixiy tajribaning davomi sifatida bugungi kunda ham yurtimizda turli millat va elat vakillari, turfa diniy konfessiyaga e’tiqod qo‘ygan shaxslar bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyat hayotining barcha jabhalarida faoliyat ko‘rsatishi, urf-odati, an’ana va qadriyatlari rivojlanishida mamlakatimizdagi tinchlik, barqarorlik, millatlararo totuvlik, ayniqsa, tinchliksevar xalqimizning bag‘rikengligi muhim omildir.

Xulosa qilib aytganda, bu dunyodagi hamma insonlar irqi, nasl-nasabi, kelib chiqishidan qat’i nazar, tengdir.

Ta’kidlash lozim, har bir dinning o‘ziga xos aqidasi mavjud. Bu qoidalar ba’zan bir-biriga mutanosib bo‘lsa, ba’zan bir-biriga zid ham kelishi mumkin. Diniy bag‘rikenglik ana shu xilma-xillik asosida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini oladi, turli e’tiqodlar yonma-yon va bir paytda mavjud bo‘la olishi uchun xizmat qiladi. Bu esa diniy bag‘rikenglik asosida turli din va millat vakillari o‘z e’tiqodini emin-erkin amalga oshirishi uchun zamin yaratadi.

Jamoliddin Karimov

Imom Moturidiy xalqaro 

ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Izoh qoldirish