403

Diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash: O‘zbekiston tajribasi

O‘zbekiston ming yillar davomida turli-tuman din, madaniyat va turmush tarziga ega bo‘lgan xalqlarning birgalikda yashashi va hamkorligi markazi bo‘lib kelmoqda. O‘zbek xalqi o‘zining butun tarixi davomida, hamma vaqt boshqa xalqlar, millatlar va dinlar vakillariga nisbatan o‘zining xayrixohligini va hurmat bilan yondashuvini namoyon etib kelgan.

Mamlakatda dinlararo sog‘lom muloqotdan ko‘zlangan maqsad – o‘zaro dushmanlik kayfiyatiga yo‘l qo‘ymaslik, konfessional birliklar o‘rtasida o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni yuzaga keltirish va diniy uyushmalarning birgalikda tinch-totuv yashashlarini ta’minlash hamda eng muhimi tinchlik madaniyatini shakllantirishdan iborat. 

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan olamshumul tashabbuslar yangilanayotgan O‘zbekistonning yangicha qiyofasini jahon hamjamiyatiga yorqin namoyon etmoqda va o‘z navbatida, xalqaro hamjamiyatning yuksak e’tiroflariga sazovor bo‘lmoqda.

Sir emas, so‘nggi yillarda barcha soha va tarmoqlar qatori diniy-ma’rifiy jabhada, xususan, turli diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkam qaror toptirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangilanayotgan O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish sari katta tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ushbu maqsadda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi dasturi qabul qilingan. Unda millatlaro totuvlik va diniy bag‘rikenglik, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik borasidagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Misol uchun, 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan taklif etilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilingani fikrimizning yaqqol isbotidir. O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu muhim rezolyutsiyada sayyoramizda tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi o‘zaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, dinlararo murosa va o‘zaro anglashuvning nechog‘li zarurligi qayd etilgan. Ushbu tarixiy hujjatda dinlar va madaniyatlararo munosabatlardagi uyg‘unlikni rag‘batlantirish hamda din va e’tiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yo‘l qo‘yilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangan.

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risidagi rezolyutsiya jahonda turli din va e’tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ilgari surilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda naqadar katta ahamiyatga ega ekani bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Yangilanayotgan O‘zbekistonda vijdon va din erkinligi fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlaridan biri hisoblanishi, inson manfaatlari va erkinliklarining qadrlanishi yanada ustuvorlik kasb etgan.

Hozirgi paytda, respublikada davlat va din munosabatlari quyidagi tamoyillar asosida olib borilmoqda:

– dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;

– diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;

– diniy e’tiqodga ega fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;

– ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash;

– dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirishda davlat va diniy tashkilotlarni bog‘lab turuvchi tashkiliy tuzilma – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hisoblanadi. Qo‘mita turli diniy tashkilotlarning o‘zaro tinch va hamjihat faoliyat yuritishi hamda huquq va majburiyatlariga amal qilishlariga ko‘maklashib kelmoqda.

Bugungi kunda, O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2333 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan, 2 142 tasi islomiy, 174 ta xristian diniy tashkiloti, 8 ta yahudiy, 6 ta bahoiy jamoalari, 1 ta krishnani anglash jamiyati, 1 ta buddaviylar ibodatxonasi va 1 ta O‘zbekiston Bibliya jamiyati.

Amaldagi qonunchilikda diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari yoki bo‘lmasa ularning miqdorlari belgilanmagan.

Shunga ko‘ra, so‘nggi besh yilni oladigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha jami 94 ta diniy tashkilot, shu jumladan, 2 ta oliy va bitta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 74 ta masjid hamda 17 ta to‘rt xil turli konfessiyaga taalluqli bo‘lgan noislomiy diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Diniy bayramlar keng nishonlanmoqda, xususan, musulmonlar tomonidan Ramazon va Qurbon hayitlari, xristianlar tomonidan Pasxa va Rojdestvo bayramlari, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari, bahoiylar, krishnachilar va buddaviylar dinlari vakillari uchun diniy aqidalarida qayd etilgan bayramlarning markazlashgan holda tashkil etilishi va o‘tkazilishi ta’minlanib, ularda ishtirok etayotgan fuqarolarning miqdori yil sayin ortib bormoqda. Konfessiya yetakchilari bir-birlarini tabriklab, bayram tadbirlarida ishtirok etishlari yaxshi an’anaga aylangan.

Har bir din vakili uchun muqaddas bo‘lgan diniy ziyorat amallarini bajarishda ham tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2020 va 2021-yillar davomida koronavirus kasalligi tufayli to‘xtab qolgan Umra ziyorati 2022-yilning 22-yanvar kunidan qayta tiklanib, bugungi kunga qadar jami 35 mingdan ziyod yurtdoshlarimizning Saudiya Arabistoniga ziyoratlarini tashkil etish imkoni yaratildi.

Umuman olganda, 2017-2019-yillarda Haj safariga jami 21 mingdan ziyod fuqaro va 2017-2022-yillarda jami 140 mingdan ortiq fuqaro Umra ziyoratini amalga oshirdi. Xuddi shuningdek, boshqa din vakillarining Isroil, Gretsiya va Rossiyada joylashgan diniy qadamjolarga ziyoratlari amalga oshirilib kelinmoqda.

2017-2022-yillarda diniy ta’lim tizimi ham tubdan takomillashtirildi, yangidan-yangi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda respublikamizda dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, hududlarda maxsus ilmiy maktablar ham tashkil etilgan bo‘lib, ularda islom dini ta’limotlari o‘rganiladi, jumladan, Farg‘onada “Fiqh”, Samarqandda “Kalom” va “Hadis”, Qashqadaryoda “Aqida” va Buxoroda “Tasavvuf” maktablari o‘z tinglovchilariga egadir.

Shuningdek, yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning hayoti va ijodini o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy tadqiqot markazlari ham faoliyat olib bormoqda.

Fuqarolarning maishiy diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur o‘quv kurslarini 25 ming nafardan ziyod fuqarolarimiz muvaffaqiyatli tamomladi. Hozirda 3 464 nafar fuqarolar navbatdagi bosqichda tahsil olmoqda.

Bugun yangilanayotgan O‘zbekistonda diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi kurash “Jaholatga qarshi ma’rifat” ulug‘vor g‘oyasi ostida amalga oshirilmoqda va bu jahon hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga tortmoqda.

Ma’rifatli kishi jaholat, nodonlik va yovuzlikka qo‘l urmaydi. Bu jaholatga qarshi – ma’rifat tamoyilining mazmunidir. Afsuski, bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida jaholatga qarshi – jaholat bilan kurashish oqibatida nizoli vaziyatlar avj olib bormoqda. Ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon bo‘layotgani, minglab kishilarning o‘z boshpanalaridan ayrilib, tug‘ilib o‘sgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Ushbu holat davlatning katta yoki kichikligi, dini va millatidan qat’iy nazar, tinchlik va barqarorlik naqadar aziz ne’mat ekanini yana bir bor isbotlab bermoqda.

Bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari O‘zbekiston zaminini umumiy uyimiz, deb o‘z orzu-niyatlarining ro‘yobini shu zaminda ko‘rishmoqda.

Shundan kelib chiqib, bugun barchamiz ahil va inoq, o‘zaro hamjihat bo‘lib, ilg‘or tashabbus va takliflar bilan olg‘a odimlab borayotgan yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti va rivojiga munosib hissa qo‘shsak, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lsak, albatta, oldimizga qo‘yilgan ulug‘vor maqsadlarga erishamiz.

Davronbek MAXSUDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari

Manba: O‘zA

Izoh qoldirish