369

Uchinchi renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliyev tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlab, “Uchinchi renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoniga 1-ilovada keltirilgan 100 maqsadning 73-maqsadida belgilangan “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” doirasida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, iqtisod fanlari doktori, professor Saidaxror Gulyamov, Oliy Majlis senatori, Qarshi davlat universiteti professori Abduraxim Erkayevlar ishtirok etdi.

Shuningdek, Rossiya Federasiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, Rossiya Fanlar akademiyasining Bozor muammolari instituti bosh ilmiy xodimi Nabi Ziyadullayev (Rossiya), Dongduk ayollar universiteti, Yevroosiyo turkiy tadqiqotlar instituti professori va direktori Eunkyung OH (Koreya Respublikasi), Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh direktor maslahatchisi, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Muminov (Turkiya), davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-o‘qituvchilar, nufuzli oliy ta’lim muassasalar hamda tashkilotlarning vakillari, konferensiyaga taklif etilgan mehmonlar qatnashdi.

Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib, barchani ushbu nufuzli anjuman bilan tabrikladi.

Davlatimiz rahbari nazarda tutgan Uchinchi renessans — mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotining, iqtisodiyot va jamiyat istiqbolining, xalqqa xizmat qilish va kishilarni rozi qilishday ezgu niyat bilan amalga oshirilayotgan barcha yutuqlar – xalqimiz aqlu zakovatining, iqtidor va iste’dod quvvatining yorqin tantanasi bo‘lishini bildirib o‘tdi.

Bu yil o‘zining shodiyona, muborak 75 yillik yubileyini nishonlayotgan, yurtimiz rivoji, ilm-fani, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyatiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilgan, umrini ilm-fanga bag‘shida etgan iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliyev qutlandi.

Shuningdek, davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-o‘qituvchilar tomonidan “Uchinchi renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar inson qadrini ulug‘lashga, uning orzu-umid, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chaqarish uchun xizmat qilayotgani, bunyodkorlik ishlarida birdam bo‘lish, yangi O‘zbekistonni barpo etishda munosib hissa qo‘shish kabi fikrlar bildirildi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” da’vatkor g‘oyasi ilgari surildi, — deydi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev. — Bunda nihoyatda chuqur ma’no bor. Milliy tiklanish, o‘zligimizni anglash, milliy davlatchiligimizning asoslarini qaytadan barpo etish bosqichi tugadi. Endi O‘zbekistonni o‘z tarixiy, sivilizasion o‘rnini yangitdan tiklash, o‘zbek xalqining genetik insoniy potensialiga monand taraqqiyot darajasini ta’minlash, uchinchi Renessans barq urish davri keldi.

— Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “yangi” degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Akademik Akmal Saidov. — Shu ma’noda, bundan besh yil oldin qabul qilingan Harakatlar strategiyasida o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo‘yganimiz bejiz emas. 

Prezidentimiz biz intilayotgan ana shu ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarish yo‘lida hayotimizning turli sohalarida qo‘lga kiritilgan yuksak natijalar va bu borada oldimizda turgan mas’uliyatli vazifalar haqida so‘z yuritadi.

Darhaqiqat, Ona diyorimizda yashayotgan har bir fuqaro yurtimizdagi bunyodkorlik ishlarida sobidqadam bo‘lish lozim. Buyuk kelajak sari intilish, yangi O‘zbekistonni barpo etishda munosib hissa qo‘shish, davlatimiz rahbari boshlagan ezgu tashabbus va maqsad yo‘lida birga harakat qilish, birlashish zarur.

Kirish qismidan so‘ng, xalqaro konferensiya majlisi “Renessansning tarixiy, siyosiy va madaniy shart-sharoitlari, shakllanish omillari”, “O‘zbekistonda uchinchi renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari”, “Jahon va O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari”, “Uchinchi renessansni shakllantirishda turizm sohasi samaradorligini oshirish mexanizmlari”, “Uchinchi renessansni shakllantirish sharoitida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish” mavzularida, shoʻbalarga bo‘lingan holda o‘z ishini boshladi.

Anjumanda 200 ga yaqin xorijiy hamda mahalliy soha vakillari tomonidan ma’ruzalar qilindi. Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya davlatlaridan olimlar ishtirok etdi. Sohada mavjud muammolar, ularga yechim topish, ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘rtoqlashildi. Anjuman tashkilotchilari tomonidan “Uchinchi renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga kelib tushgan maqolalar hamda mutaxassislar tomonidan qilingan ma’ruzalar matni to‘plam holida nashr etildi.

Konferensiyada ko‘rilgan masalalar, ular orqali chiqarilgan xulosalar, tavsiya va takliflar amaliyotda o‘z o‘rnini topishi va respublika iqtisodiyotini, mamlakatda turizm sohasi va uning infratuzilmasini rivojlantirishda muhim hissasini qo‘shishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish