590

Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar O‘zbekistonning huquqiy-demokratik davlat sifatidagi ijobiy imijini oshirmoqda

O‘zbekistonda diniy erkinlik ta’minlangani xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. 2020-yil 7-dekabr kuni e’lon qilingan AQSH Davlat departamentining rasmiy bayonotida Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonni diniy erkinliklar sohasidagi «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati» (Special Watch List)dan chiqarilganini bildirdi. Bu bilan O‘zbekiston e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida ulkan o‘sishga erishganini qayd etdi.

Xalqaro miqyosda din erkinligi bilan bog‘liq bunday baholanish nimani anglatadi? Bu e’tirofga mamlakatimiz qanday erishdi? Buning ahamiyatli tomoni nimada?

«Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxati»dan chiqish O‘zbekiston endilikda din erkinligi to‘liq ta’minlangan mamlakat sifatida xalqaro miqyosda baholanayotganini bildiradi.

Aslini olganda ham, mamlakatimizda dinlararo bag‘rikenglik, barcha millat va elatlar e’tiqodiga hurmat bilan qarash va ular uchun sharoitlar yaratishga davlat darajasida alohida e’tibor qaratilgan.

Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida Prezidentimizning sa’y-harakatlari va tashabbuslari bilan yurtimizda din hamda e’tiqod erkinligi borasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri — bu diniy sohani liberallashtirish, bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, dinlararo totuvlikni mustahkamlash, shuningdek, aholining diniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish etib belgilandi. 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida diniy erkinlik uchun yanada keng sharoit yaratish, fuqarolarning bu boradagi huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida asosiy vazifalar aniq aks ettirildi va belgilangan vazifalar doirasida qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2018-yilda O‘zbekistondagi mavjud diniy-ijtimoiy jarayonlarni muhokama qilish hamda tavsiyalar ishlab chiqish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida Konfessiya ishlari bo‘yicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 tadan 17 ta a’zoga — O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaydi.

Diniy tashkilotlar faoliyatining erkinlashtirilishini huquqiy kafolatlashga e’tibor qaratilmoqda. Ijro hokimiyati organi — Adliya vazirligining diniy tashkilot faoliyatini tugatish bo‘yicha qaror chiqarish vakolati sudlarga o‘tkazildi.

Diniy tashkilotni ro‘yxatga olish uchun to‘lanadigan davlat boji miqdori besh baravarga kamaytirildi va ularning har chorakdagi hisobоt taqdim qilish amaliyoti bekor qilindi.

Jamiyatda ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga qarshi kurashish yo‘nalishi tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, jazolash choralari o‘rniga ma’naviy-ma’rifiy va bunday g‘oyalar tarqalishining barvaqt oldini olishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli yondashuv joriy qilindi.

Jamiyatda totuvlikni ta’minlashning muhim omili sifatida dinlararo muloqotni mustahkamlash va kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zgarishlar e’tiqod erkinligiga oid konstitutsion huquqlarni amalga oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratdi.

Mamlakatimizda insonlarning din va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar huquqiy-demokratik davlat sifatida ijobiy imijining ortib borishiga, xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga asos bo‘lmoqda.

 

Alisher Nazarov,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti katta o‘qituvchisi,

siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

Izoh qoldirish