339

Akademiya Kengashining aprel oyidagi yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari hamda mehmonlar ishtirok etdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Muntazam ravishda har oy o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya Kengashining 9-sonli navbatdagi majlisida esa joriy yil I choragi mobaynida Akademiyada amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z bordi.

Akademiya rektori majlis ishtirokchilarini shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbdan samimiy tabriklab, Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik ko‘rsatadigan, insonlar bir-birlari haqida qayg‘uradigan oy ekanini ta’kidladi. Mazkur ayyomda yaqinlarni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, miskin-muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish zarurligini qayd etdi. 

Majlis oldidan bu yil o‘zining shodiyona, muborak 75 hamda 60 yillik yubileylarini nishonlayotgan, yurtimiz rivoji, ilm-fani, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyatiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilgan, umrini ilm-fanga bag‘shida etgan Akademiyaning bir guruh fidoyi ustozlari tabriklanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

75 yillik yubileyini nishonlayotgan iqtisod fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliyev, 60 yoshini qarshi olgan sotsiologiya fanlari doktori, dotsent Bahrom Farfiyev hamda iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Anvar Xudoyorovlarni Akademiya jamoasi qutladi.

Shundan so‘ng Kengash majlisi o‘z ishini davom ettirdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kengashi kun tartibidan o‘rin olgan masalalar muhokama etildi. 

Dastlab O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokir Ro‘ziyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2021-yil 29-dekabrdagi 105-son qarorida belgilangan vazifalarning Akademiyada ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.

Akademiyada mavjud kengashlar (Ilmiy, o‘quv-uslubiy Kengash, Xotin qizlar Kengashi, fakultet Kengashi) faoliyati xususida: muammo va galdagi vazifalar bo‘yicha mas’ullarning ma’lumotlari tinglandi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarovning 2021/2022-o‘quv yili Akademiya pedagog-xodimlar faoliyatini yo‘nalishlar kesimida baholash natijalari hamda o‘quv jarayonlarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan shart-sharoitlarning yaratilganlik holati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Majlis davomida Akademik litseyning ijrochi direktori Feruz Rashidov iqtidorli o‘quvchi yoshlar bilan ishlashning ilg‘or va samarali uslublarini, ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan shart-sharoitlarning yaratilganlik holati, Akademiya kafedralarida mavjud bo‘sh (vakant) o‘rinlar va tanlov muddati tugagan pedagog-xodimlar lavozimlariga tanlov o‘tkazish, talabalarni “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomidagi maxsus stipendiyaga tavsiya etish, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalar hamda talabgorlarning dissertatsiya mavzulari, Akademiyada mavjud kafedralarning xalqaro hamkorlik faoliyati bo‘yicha amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalar, Din psixologiyasi va pedagogika kafedrasida tarbiyaviy-psixologik faoliyat bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Manbalar xazinasi bo‘limining faoliyati hamda bo‘lim fondidan Akademiya magistr, tadqiqotchi, professor-o‘qituvchi va xodimlarining foydalanish holati to‘g‘risidagi turli masalalar bo‘yicha mas’ullarning axboroti, fikr-mulohazasi, taklif va tashabbuslari eshitildi.

Kengashda sohadagi erishilgan yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.

Yig‘ilish yakunida kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish