462

Ma’naviy va iqtisodiy yuksalishning muhim omili

ZIYORAT TURIZMI

O‘zbekiston azaldan xushmanzara tabiati, so‘lim maskanlari, xalqimizning betakror an’analari va madaniyati bilan chet ellik sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelgan. Ko‘hna obidalar, muqaddas qadamjolar, tarixiy-madaniy yodgorliklar doimo sayyohlar bilan fayziyob bo‘lgan. Keyingi yillarda bu an’analar yanada rivoj topib, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar va hukumatimiz e’tibori tufayli ziyorat turizmi industriyasi hamda infratuzilmasi yangi ko‘rinish, mazmun-mohiyat kasb etdi.

Jumladan, yurtimizdagi yirik ziyoratgohlar, shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Nasafiy, Naqshbandiy va Yassaviy kabi ulug‘ allomalarning boy ilmiy meroslarini dunyoga keng targ‘ib qilish maqsadida tajribali imom-xatiblarimizdan iborat targ‘ibot guruhi shakllantirildi. Endilikda ushbu guruh reja asosida Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Malayziya, Indoneziya va Pokiston kabi davlatlarga yuboriladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 9-dekabr kuni turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida ziyorat turizmiga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilishda, shuningdek, sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qator vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov bilan suhbatimiz yurtimizda ziyorat turizmi yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.

Ziyorat turizmiga bo‘lgan e’tibor qay darajada? O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

Avvalo, bir jihatni alohida qayd etishni xohlardim. Bugun butun dunyodan O‘zbekistonga tashriflar har tomonlama faollashgan. Yurtimizning mashhur ziyoratgoh, qadamjo va tarixiy obyektlariga sayyohlarni jalb qilish orqali mamlakatda turizmni rivojlantirish ham shu sohadagi muhim qadamlardan biridir.

Ma’lumki, O‘zbekiston tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘nta mamlakatdan biri hisoblanadi. Ana shu jihatdan, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyatlar mavjud. Xususan, 7300 dan ortiq qadimiy-me’moriy va arxeologik obidalarning 200 dan ziyodi UNESCOning nomoddiy madaniy reprezentativ merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘z navbatida, musulmon olamining mashhur olimlari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband, Mahmud Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Forobiylar O‘zbekiston hududida yashab ijod qilgani ham mamlakatda ziyorat turizmini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, O‘zbekiston azaldan ko‘plab madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘chog‘i bo‘lgan, bu yerda barcha din vakillari ahillik va hamjihatlikda yashab kelgan. Shu sababli ham islom, ham buddaviy va nasroniy dinlari bilan bog‘liq noyob yodgorliklar keng ko‘lamda saqlanib qolgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan boy madaniy va tarixiy merosga ega davlat hisoblanadi.

“Crescent Rating” tahlillariga ko‘ra, 2026-yilga borib yurtimizga ziyoratga keladigan musulmon sayyohlar soni 230 millionga yetadi. O‘zbekistonning ko‘p asrlik islom merosini hisobga olsak, ziyorat turizmini rivojlantirish mamlakat uchun katta istiqbolga ega.

Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham ana shu muhim jihatlar, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirish va uning istiqbollari bo‘yicha tegishli tashkilotlar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Videoselektor yig‘ilishida buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan sakkizta buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi bo‘lgan moturidiya ta’limotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi alohida qayd etildi.

Darhaqiqat, bizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha boshqa mamlakatlarda mavjud bo‘lmagan keng imkoniyatlar bor. Bugun ana shu imkoniyatlar eshigini ochish, uni dunyoga tarannum etish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Bugun dunyoda ziyorat turizmi jadal rivojlanmoqda. Jumladan, mamlakatimizda turizmning mazkur turiga davlatimiz rahbari tomonidan farmon va qarorlar doirasida e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, quvonarli. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Pandemiya sharoitida to‘xtab qolgan ziyorat turizmini rivojlantirish borasida belgilangan chora-tadbirlarni 2021-yilda yanada kengroq ko‘lamda amalga oshirish bo‘yicha jadal ish olib boryapmiz.

Jumladan, yurtimizdagi yirik ziyoratgohlar, shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Nasafiy, Naqshbandiy va Yassaviy kabi ulug‘ allomalarning boy ilmiy meroslarini dunyoga keng targ‘ib qilish maqsadida tajribali imom-xatiblarimizdan iborat targ‘ibot guruhi shakllantirildi. Endilikda ushbu guruh reja asosida Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Malayziya, Indoneziya va Pokiston kabi davlatlarga yuboriladi.

Shu o‘rinda, ziyorat turizmi va allomalarimiz merosini targ‘ib qilishga oid bir qancha albom-prospektlar, kitob va risolalar tayyorlanib, nashr ishlari boshlab yuborildi. Albatta, ushbu materiallar turli tadbirlar va ko‘rgazmalarda namoyish etishga mo‘ljallangan bo‘lib, targ‘ibotchilarimiz faoliyati uchun ham muhim dasturil-amal bo‘lib xizmat qiladi.

Kezi kelganda, erishilgan amaliy natijalar haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz. 2021-yilda rossiyalik ziyoratchilarni O‘zbekistonga qabul qilish bo‘yicha hamkorlik dasturi tasdiqlandi. Hozirda har bir MDH davlati mas’ullari bilan shu tarzda alohida videomuloqot o‘tkazish rejasi ishlab chiqildi.

Ko‘pchilikka ma’lumki, Pokistonda Naqshbandiya tariqati vakillari soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, naqshbandiya tariqati yetakchisi Muhammad Naqib ur-Rahmon bilan hamkorlikda 2021-yilda pokistonlik ziyoratchilarning Buxoro va Samarqand shaharlariga tashrif rejasi ham ishlab chiqildi. Shuningdek, Qozog‘istondan Yassaviya tariqati vakillarini To‘labiy ota, Shayx Xovand Tohur va Suzuk ota ziyoratgohlariga olib kelish ishlari bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Ayni kunlarda, ziyorat turizmi yo‘nalishida Hindiston, Rossiya va Kavkaz musulmonlari, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Misrdan ziyoratchilarni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Yaqinda turkiyalik hamkasblar bilan bo‘lib o‘tgan muzokarada Samarqand va Buxoro shaharlariga ziyoratlarni tashkil etish, O‘zbekistonning ziyorat turizm imkoniyatlari haqida hamkorlikda kitob-albom tayyorlash, Turkiyadagi Naqshbandiya tariqati vakillarining O‘zbekistonga ziyoratini amalga oshirish hamda qadimiy obidalar, tarixiy shaxslar haqida maxsus ko‘rsatuv, film va teleseriallar tayyorlash yuzasidan kelishib olindi.

Saudiya Arabistonidagi hamkor shirkatlar bilan Indoneziya, Pokiston va Malayziya davlatlari ziyoratchilarini O‘zbekiston orqali Umra safariga olib borish bo‘yicha ham amaliy sa’y-harakatlar boshlangan.

O‘zbekistonga ziyorat maqsadida tashrif buyurayotgan sayyohlar orasida qaysi mamlakat fuqarolarining qiziqishi yuqori?

Turizmning aynan shu turi bo‘yicha Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Yevropa va arab davlatlari fuqarolarida qiziqish juda katta.

Albatta, O‘zbekiston bu sohada infratuzilmaviy rivojlantirish ishlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan ushbu sohani faol rivojlantirishga qaratilgan farmonlar imzolandi va turizm milliy iqtisodiyotning strategik sohasiga aylandi. Turkiya, Malayziya, Indoneziya va Pokiston davlatlarining turdosh vazirliklari bilan ziyorat turizmi sohasida shartnomalar imzolanib, ikki tomonlama aloqalar faol rivojlantirilmoqda.

— Ziyorat turizmi bilan yurtimizga kelayotgan sayyohlar uchun mehmonxonalarda qanday sharoitlar yaratilgan?

— Respublikamizdagi barcha mehmonxonalarda musulmon sayyohlar talablarini qondirish maqsadida joynamoz, Qur’on va qibla ko‘rsatkichi o‘rnatilishi ta’minlangan. Shuningdek, “Muslim-Friendly Hospitality” Musulmon mehmondo‘stligi xalqaro standarti asosida bugungi kunda sayyohlik yo‘nalishlari bo‘ylab 20 ga yaqin mehmonxona qurilishi olib borilmoqda.

— Gid-tarjimonlarning til bilishi muhim, biroq ziyorat turizmida muqaddas qadamjolar bilan bog‘liq diniy va zamonaviy bilimlar ham kerak. Shu ma’noda kadrlarni o‘qitish ham masalaning muhim jihatlaridan biri sanaladi.

—  Albatta, bu soha yetuk til malakasi bilan birga gid-mutaxassislarimizdan dinshunoslik, islomshunoslik, islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyasi kabi fanlardan bilimlarni talab etadi. Mutaxassis-gid xorijiy ziyoratchilarning qaysi davlatdan ekani, ularning madaniyati, e’tiqodiy qarashlari, mazhabi va tariqatini inobatga olgan holda ziyoratchilar uchun ma’lumotlarni mazmunli yetkazishi zarur.

Xuddi shu yo‘nalishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutaxassislar tayyorlamoqda. Jumladan, ushbu oliy o‘quv yurtida ziyorat turizmi yo‘nalishida talabalarning qabuli tashkil etilgan bo‘lib, islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish — ICESCO hamda UNESCO va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish kafedralari faoliyat yuritmoqda. Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti ham bu sohada malakali kadrlar zaxirasini yetishtirmoqda.

Ziyorat turizmi bilan mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning yillik o‘rtacha soni qancha?

Yurtimizga Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlardan 2018-yilda 5,1 million, 2019-yilda 6,7 million sayyoh kelgan. Pandemiya tugagandan so‘ng, 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich keskin ortishi kutilmoqda.

Ayniqsa, “Umra+” yo‘nalishi (Umra ibodatini amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoniga O‘zbekiston orqali safar qilish) O‘zbekistonning geografik joylashuvi va Islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni sababli yirik potensialga ega loyihalardan biri hisoblanadi.

Bu borada Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Turkiya vazirlik va idoralari bilan jadal ishlar olib borilmoqda. Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab tarqalib, Saudiya Arabistoni chegaralarni yopgunga qadar, Indoneziya va Malayziya davlatlaridan ilk guruhlarning Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi ziyorat maskanlariga tashriflari tashkil etildi. Ushbu ziyoratchilar “Umra+” dasturiga binoan yurtimizdagi 3-4 kunlik ziyoratdan so‘ng Umra uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishi yo‘lga qo‘yildi. Albatta, bu ishlar Saudiya Arabistoni Umra dasturini tiklagandan keyin davom ettiriladi.

Ziyorat turizmi bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida ham ma’lumot bersangiz.

Bugungi kunda mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari, tadqiqot markazlari tomonidan bu yo‘nalishda qator ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab oliy madrasasi hamda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlarida ziyorat turizmi mavzusida PhD va DSc ilmiy unvonlari bo‘yicha akademik tadqiqotlarini olib borayotgan 100 dan ortiq tadqiqotchi mutaxassislar mavjud.

Shuningdek, tadqiqotchilarimiz Rossiya (Bulg‘or islom akademiyasi), Turkiya (Islom tarixi, san’ati va madaniyati markazi), Misr (Al-Azhar universiteti), Buyuk Britaniya (Oksford islom tadqiqotlari markazi) va AQSHning turdosh tadqiqot markazlarida ham o‘z ilmiy izlanishlarini olib boryapti.

Ziyorat turizmini rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar zamirida O‘zbekistonning jahon mamlakatlari orasida turizm yo‘nalishidagi o‘rnini mustahkamlash, munosib o‘ringa olib chiqish, qolaversa, dunyo ahliga yurtimizning naqadar boy tarix va madaniyatga ega ekanini ko‘rsatishdir.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri Bashorat Yunusova suhbatlashdi.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2021-yil 1-yanvar, 1-son

Izoh qoldirish