366

Matbuot anjumanida diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida so‘z yuritildi

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillari, soha mutaxassislari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda ushbu anjumanning o‘tkazilishi bejiz emas. Zero, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning amalga oshirilish jarayonini muvofiqlashtirib borsa, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi soha mazmuni, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligi hamda zamonaviy, ilg‘or kadrlar bilan ta’minlashda yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot markazi hisoblanadi.

Tadbir ikki qismdan iborat bo‘lib, dastlab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudovning Qo‘mita tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma’lumoti tinglandi.

– Bugun yurtimizda ahillik, ezgulik, birdamlik va ma’naviy poklik fazilatlari ulug‘lanadigan qutlug‘ Ramazon oyi va musulmonlarning moʻtabar bayrami Iyd al-Fitr shukuhi kezmoqda, – deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov. – Ramazon oyining o‘tgan davri mobaynida diniy-ma’rifiy soha xodimlari tomonidan 23124 ta kam ta’minlangan oilalarga, 8565 nafar yetim bolalar holidan xabar olindi. Shuningdek, 6596 nafar moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga homiylarni jalb etgan holda 725 milliondan ziyod moddiy yordam ko‘rsatildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ushbu maqsadlarga jami 1,896 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

E’tirof etish kerak, yangi O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish sari katta tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ushbu maqsadda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi Dasturi qabul qilingan.

Dasturning “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” nomli beshinchi yo‘nalishi 73-maqsadida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga bir qator vazifalar yuklatilgan. Hozirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va uning tuzilmalarida amalga oshiriladigan aniq ishlar belgilab olingan.

Jumladan, bugungi kunda respublikamizning turli hududlarida jami 2 331 ta diniy tashkilot adliya idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 2017-yildan boshlab respublika bo‘yicha jami 92 ta diniy tashkilot, shu jumladan 2 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 72 ta masjid hamda 17 ta to‘rt xil turli konfessiyaga taalluqli bo‘lgan noislomiy diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyalarning barchasi o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etadilar, diniy marosimlarini bajarmoqda. Diniy bayramlardan Ramazon va Qurbon hayitlari, Pasxa va Rojdestvo hamda boshqa bayramlar keng nishonlab kelinmoqda.

2020 va 2021-yillar davomida koronavirus kasalligi tufayli to‘xtab qolgan Umra ziyorati 2022-yilning 22-yanvar kunidan qayta tiklanib, bugungi kunga qadar jami 33 mingdan ziyod yurtdoshlarimizning Saudiya Arabistoniga ziyoratlarini tashkil etishga imkon yaratildi. Hozirga kelib umra uchun kvotalar olib tashlandi, bu yilgi Haj amallarini tashkil etish bo‘yicha Saudiya tomoni bilan kelishuvlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ham belgilangan vazifalardan kelib chiqib samarali faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda markazlar tomonidan buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosiga oid 100 dan ziyod asarlar tarjima qilinib, nashr etildi.

Bundan tashqari, respublikamiz bo‘ylab diniy ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilgan “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyati muntazamlik kasb etgan. Shu kunga qadar, ushbu kurslarni 30 mingga yaqin fuqaro bitirdilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shavkat Mavlanov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiya haqida ma’lumot berib o‘tishdi.

– O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o‘z nufuziga ega. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida tashkil qilingan, – deydi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Shavkat Mavlanov. – So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga ko‘plab yangiliklar tatbiq etilmoqda. Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari kengaydi. Akademiya professor-o‘qituvchilari, yosh ilmiy tadqiqotchilarning xalqaro konferensiya, ilmiy seminarlar hamda xalqaro grantlardagi ishtiroki faollashdi.

2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Oliy ta’lim muassasalari Ilmiy salohiyat reytingida – 4-o‘rinni, Ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha OTMlar reytingida – 5-o‘rinni, Oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida 7-o‘rinni egalladi.

2022-yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy salohiyatini oshirish Milliy reytingida 63% ko‘rsatkich bilan Respublika oliy ta’lim muassasalari orasida 1-o‘rinni egalladi. 

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 1 ming 670 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 1 ming 430 nafar talaba bakalavriat, 240 nafari esa magistratura bosqichida o‘qiydi. Akademiyada Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Afg‘oniston davlatlaridan jami 39 nafar (33 nafar bakalavr, 2 nafar magistrant, 4 nafar doktorant) xorijiy talaba tahsil oladi.

Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati haqida mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yevropa, Afrika va Osiyodagi 14 mamlakatning 37 ta nufuzli oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini izchil amalga oshiryapti. Xususan, o‘tgan qisqa vaqtda Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari ilmiy-tadqiqot instituti, Rossiya islom instituti, Qozon Federal universiteti xalqaro munosabatlar instituti, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi Islomshunoslik tadqiqotlar markazi, Bolgar islom akademiyasi, Myunster universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij Markaziy Osiyo forumi, Saudiya Arabistonidagi Islom tadqiqot va ta’lim instituti (IRTI), Yaponiyaning Aichi san’at universiteti, shuningdek, Turkiya davlatining 5 ta, Indoneziyaning 3 ta, Malayziyaning 4 ta, Qozog‘istonning 3 ta dunyo reytingida yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan mustahkam ilmiy-pedagogik hamkorlik o‘rnatildi. 

Ayni paytda Ozarbayjon ilohiyot instituti, Bolgar islom akademiyasi (Rossiya), Saljuq, Istanbul va Anqara (Turkiya), Malayziya islom ilmlari (Malayziya), Aichi san’at (Yaponiya), Nur-Muborak Misr madaniyati, Sulton Sharif Qosim RIAU (Qozog‘iston), Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi (IRCICA), Islom taraqqiyot banki, ICESCO, UNESCO, TIKA, KOIKA, JICA kabi xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlik aloqalari muntazamlik kasb etib ulgurdi.

Axborot-resurs markazida 271 o‘rinli o‘quv zali, 56 o‘rinli “Book kafe” tashkil qilindi. ARM fondida 70 ming nomdagi 68 ming nusxadagi o‘quv adabiyotlar mavjud. Shuningdek, 12 mingga yaqin nusxada 1,5 ming nomdagi ilmiy adabiyotlar, 3 mingga yaqin nomdagi 25 mingga yaqin nusxada darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, 4 ming nomdagi 8 ming nusxadagi badiiy hamda ilmiy adabiyotlar va 10 mingga yaqin to‘liq matnli elektron resurslarga ega.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan talabalar uchun 52 nomdagi audio darslik, 56 nomda 738 nusxada brayl alifbosida joriy qilindi va talabalar turar joyida 2 ta, o‘quv zalida 2 ta kompyuterlarga NVDIA (ko‘zi ojiz talabalar uchun) dasturi o‘rnatilgan.

Akademiyada jami 156 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan, 28 nafar fan doktori, 75 nafar fan nomzodi va falsafa doktori (PhD) faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, bugungi kunda ilmiy salohiyat 65 % ni tashkil qilmoqda. 

Akademiyada “Islom ziyosi” va “Islom tafakkuri” ilmiy jurnallari chop etiladi. “Islom ziyosi” jurnali respublika oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallari noyob platformasi uzjournals.edu.uz dagi eng faol 5 talik jurnallar qatorida e’tirof etiladi.

Akademiyaning iqtidorli talabalari 3 ta Imom al-Buxoriy Davlat stipendiyasini, 1 ta O‘zbekiston Prezidenti Davlat stipendiyasi, 1 ta Islom Karimov nomidagi stipendiya, 3 nafar talaba Ubaydulla Uvatov stipendiyasi, 1 nafar talaba Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiyasini, 5 nafar talaba Aloqa bank stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 4 nafar talaba Respublika fan olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xalqaro Times Нigher Education (THE) reyting agentligining 2021-yilgi “Impact Rankings” reytingida dunyodagi yetakchi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Akademiyada ijtimoiy himoya yo‘nalishida ham ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida hozirda 129 nafar talabaga har oyda BHMning bir baravari miqdorida ijara to‘lovi uchun pul o‘tkazilmoqda.

Bugungi kunda Akademiya talabalar turar joyida jami 341 o‘rin mavjud. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha talabalarning 104 nafari o‘qishdan bo‘sh vaqtida davlat va nodavlat tashkilotlarida faoliyat olib bormoqda. 184 nafar talaba rasmiy buyruq asosida ishlamoqda. Talabalar turar joyini ta’mirlash uchun 181 million 800 ming so‘m mablag‘ sarflanib, isitish tizimi, moddiy-texnik bazasi yangilandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 30 nafar talabalarga 250 ming so‘m miqdorida moddiy yordam berilmoqda.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Diniy-ma’rifiy sohada kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish