342

Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi

Koʻhna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy ziyoratgoh —Toshkent (Shosh)da tugʻilgan, musulmon olamining imomlaridan biri Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi nomidan olingan.

Islom olamida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi “imom” darajasiga erishgan koʻplab buyuk allomalar orasida Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy ham alohida oʻrin egallaydi. Zamondoshlari uni “Hazrati Imom” deb ulugʻlagan.

“Hastimom” soʻzi “Hazrati Imom” iborasining qisqartirilgan shaklidir. Mahalliy xalq Imom Qaffol Shoshiy hurmatidan bu joyni shunday atagan. U Toshkentning ilmiy-madaniy, diniy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlgan.

Maʼlumki, Toshkent – oʻrta asr arab manbalarida Shosh deb nomlanib, tafsir, hadis, fiqh, tilshunoslik ilmlarida koʻplab taniqli olimlarni yetishtirib bergan. Bu maskanda tugʻilib faoliyat koʻrsatgan buyuk zotlar, olimlar “Shoshiy”, “Toshkandiy” nisbasi bilan dunyoga tanilganlar.

Ana shunday allomalardan biri Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy boʻlib, koʻplab arab manbalarida unga alohida hurmat bajo keltirish uchun nomiga “katta”, “ulugʻ” maʼnosini ifodalaydigan “Kabir” soʻzini qoʻshib yozadilar.

Qaffol Shoshiy va uning ilmiy faoliyati nafaqat Sharq olimlari, balki Gʻarb tadqiqotchilarining ham eʼtiborini jalb etgan. Mashhur nemis sharqshunosi K.Brokkelman, buyuk rus olimi V.Bartoldlar allomaning ilmiy merosiga yuksak baho berishgan.

Alloma mohir hunarmand boʻlib, qulfsozlikda shuhrat qozonganligi bois “Qaffol” yaʼni, qulfchi, qulfsoz degan nom bilan eʼzozlangan. Qaffol Shoshiyning islom olamidagi obroʻ­eʼtibori va mavqei, ilmiy salohiyati haqida oʻrta asr arab mualliflari oʻz asarlarida alohida taʼkidlab oʻtishgan.

Jumladan, marvlik mashhur tarixchi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniy oʻzining “Ansob” (“Nasabnoma”) asarida shunday yozadi: “Qaffol – qulfsozlik kasbiga nisbat berilgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy Shosh ahlidan boʻlib, qulfsozlikda shuhrat qozongan. U oʻz zamonasining imomi (peshvosi) boʻlib, fiqh, hadis, usul, tilshunoslik ilmlari boʻyicha tengi yoʻq olim edi. Qaffol Shoshiyning nomi Magʻribu Mashriqqa yoyilgan”.

Shuningdek, Qaffol Shoshiy hayot yoʻli va faoliyati haqida xalqimiz oʻrtasida koʻplab turli naql, rivoyatlar mavjud.

Xalq orasida alloma qoʻli ochiq, saxiy inson sifatida ham tanilgan. Bu borada misrlik tarixchi Tojuddin Subkiyning “Tabaqot shofiʼiya kubro” asarida Qaffol Shoshiyning sheʼrlaridan ham parchalar keltirilgan: “Kimki uyimga mehmon boʻlib keladigan boʻlsa, dasturxonim doimo uning uchun yozilgan boʻladi. Kimki mening dasturxonimdan biror narsa yesa, (bilsinki) undagi barcha nozu neʼmat peshona terim bilan topilgan, (yaʼni) halol boʻladi.

Biz bor­budimizni mehmon oldiga qoʻyamiz. Bordi­yu (qoʻyishga) narsa topolmasak, u holda sabzavot bilan sirka qoʻyamiz. Shunda begʻaraz, koʻngli ochiq odam boʻlsa, u bunga rozi boʻlib koʻnadi; bordi­yu baxil boʻlsa, u holda uni men tuzata olmayman”.

Qaffol Shoshiy ilmiy merosida “Javomiʼ al­kalim” (“Qisqa iborali hadislar toʻplami”) asari yetakchi oʻrinni egallaydi. “Javomiʼ al­kalim” kitobi Imom Qaffol Shoshiy qalamiga mansub boʻlib, unda Imom Buxoriy sharhi majmualaridagi Rasululloh (s.a.v) kalimalaridan toʻplangan”.

Quyida ushbu asarda xayr-saxovat va koʻmak berishga doir hadislar, hikmatli kalimalardan keltiramiz:

  • Saxovatpeshalik taqvodir.

Ushbu kalimadan saxovatli, qoʻli ochiq va kishilarga koʻmak berish taqvo qilish bilan barobar ekanini koʻrishimiz mumkin.

  • Har bir ezgulik (yaxshilik, ehson,koʻmak, mehr-saxovat) sadaqadir.
  • Pinhona (sir tutib) qilingan sadaqa, ehson, saxovat va koʻmak Parvardigorning gʻazabini soʻndiradi.
  • Sadaqa (ehson, saxovat, koʻmak, yaxshilik) suv olovni oʻchirganidek xatoni (gunohni) oʻchirib yuboradi.

Har bir inson hayotida davomida odamlarga yaxshilik qilish, mehr-muruvvat va xayr-saxovat, koʻmak koʻrsatish orqali gunohlaridan forigʻ boʻlishi zikr etilgan.

  • Jannat saxiylarning uyidir.
  • Insonning karami uning dinidir. Mehr-muruvvati uning aqlidir. Nasl-nasabi esa uning xulqidir.
  • Odamlarga mehr-saxovat koʻrsatish imondan keyingi eng maqbul ishdir.
  • Zakot – islomning koʻprigidir.
  • Bu dunyoda xayrli ishlarni qilib yurganlar oxiratda yaxshiliklarga erishuvchilardir.

Koʻrinib turibdiki, ushbu hikmatli kalimalar va hadislar har qanday insonni odamlarga yaxshilik qilish, saxovatli boʻlish, ularga koʻmak koʻrsatish kabi fazilatlarga undaydi.

  • Qalblar yaxshilik qilgan odamni sevish va yomonlik qilgan kimsani yomon koʻrish tuygʻusida yaratilgan.
  • Bir-biringizga hadya ulashinglar, mehr-oqibatingiz ziyoda boʻladi.
  • Oʻzaro hadyalar ulashinglar. Zero, sovgʻa yurakdagi hasad va ginalarni soʻndiradi.
  • Oʻzaro hadya ulashinglar. Chunki u yurakdagi qahr-gʻazabni yoʻq qiladi va qalblardigi fisqu fasodni daf qiladi.

Yuqoridagi hikmatlardan maʼlum boʻlishicha, mehr, muruvvat, saxovat, koʻmak kabi fazilatlar inson qalbini yumshatib, uni poklashda muhim oʻrin tutar ekan. Zero, imon gavhari boʻlmish – Qalb (dil) pok va sofligi inson odobining asosiy mezonlaridan beri desak mubolagʻa boʻlmaydi.

  • Kimga bir yaxshilik eshigi ochilsa, bas, u fursatdan foydalanib qolsin.Chunki bu eshik uning yuziga qachon yopilishini bilmaydi.
  • Alloh bandalaridan faqat rahmdillariga rahm qiladi.
  • Alloh sadaqa bilan yetmishta halokatni daf qiladi (qaytaradi).
  • Ezgu ishlar halokatlardan asraydi.

Umuman olganda, Qaffol Shoshiy asarida islom dini ahkomlaridan tashqari odob-­axloq, ilm-­maʼrifat, taʼlim-­tarbiyaga doir hikmatli iboralar qayd etilgan. Undan xalqimiz orasida keng tarqalgan matal, maqollar, nodir va qimmatli aforizmlar ham oʻrin olgan. Bu esa hadislarning keng xalq ommasi uchun ravon va tushunarli boʻlishi, tarqalishida muhim ahamiyat kasb etgan.

Neʼmatullo MUHAMEDOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom

akademiyasi kafedra mudiri,

tarix fanlari doktori.

Izoh qoldirish