“Yashil” fikrlashni shakllantirish muhim ahamiyatga ega
Bunday keng ko'lamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, resurs koʻp ishlatadigan iqtisodiyotdan taraqqiyotning innovatsion modeliga oʻtish hisobga olingan holda barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash koʻp jihatdan XXI asrda har qanday davlatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan ilgari surilayotgan “Barqaror rivojlanish” konsepsiyasi dunyo mamlakatlarining asosiy maqsadiga aylangan. XXI asrda barcha davlatlarning yuqori iqtisodiy oʻsishga erishish maqsadi barqaror rivojlanish maqsadi bilan almashdi. Bu, oʻz navbatida, jahon iqtisodiyotning barcha yoʻnalishlari: qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, moliya, energetika, qurblish sohalari barchasi “yashil” tus olishi muhimligini anglatadi.
Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab Oʻzbekistonda ekologik muammolarga katta eʼtibor qaratila boshlandi. Jumladan, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim vazifalaridan biri sifatida tabiiy muhitni muhofaza qilish, ekologik taʼlim va barqaror rivojlanish maqsadida taʼlim sohasida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikni va normativ-xuquqiy bazani takomillashtirish hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonuni tabiiy muhit sharoitlarini saqlab qolish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beradi. Uning muhim maqsadi inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlarni uygʻunlashgan, muvozanatli rivojlantirishni taʼminlash, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslarni va alohida obyektlarni muhofaza qilish, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega boʻlish huquqini kafolatlashdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”ning mazmun-mohiyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan toʻla hamohang ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi 2015-yildan keyingi davrda BMT tomonidan 2030-yilgacha moʻljallangan 17 ta maqsad va 169 ta vazifalardan iborat “Barqaror taraqqiyot — 2030” dasturini qoʻllab-quvvatlab, barqaror rivojlanishning uchta sohalari (iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy) boʻyicha kompleks ishlarni olib borishini maʼlum qildi.
Keyinchalik, “Parij bitimi” (Parij, 2015-yil 12-dekabr) majburiyatlari bajarilishini taʼminlash, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari energiya samaradorligini oshirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatish, “yashil” iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi tasdiqlandi.
“Yashil” iqtisodiyot boʻyicha normativ-huquqiy bazani va siyosatni takomillashtirish, davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi sheriklik munosabatlari orqali innovatsion “yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktyabrda “2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Amalga oshiralayotgan tizimli chora-tadbirlar qatorida “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvarda tasdiqlangan farmonida, birinchidan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish va respublikaning 10 ta hududida aerobiologik monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish belgilangan.
Ikkinchidan, Orol dengizining qurigan tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, 2026-yil yakuniga qadar ularning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazish nazarda tutilgan.
—“Yashil makon“ umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt koʻchatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada koʻrinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, davlatimiz rahbari yurtimizdagi barcha shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan videoselektorda 2021-yil 10-dekabrga qadar daraxt ekish boʻyicha “dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
Bunday keng koʻlamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshiriladi.
Fuqarolarda XXI asrning asosiy talablaridan biri – “yashil” fikrlashni rivojlantirish zarur. Bu odamlarning tabiatning moʻrtligi va zaifligini, yerning tabiiy resurslarining cheklanganligini anglashiga asoslanadi.
“Yashil” fikrlashni shakllantirish jamiyat va biznesning inson muhitini yaxshilash uchun masʼuliyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, yosh avlodni tabiat qonunlariga muvofiq ravishda tarbiyalash va oʻrgatish zarur. “Yashil” fikrlashni rivojlantirishda 3R tamoyilidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda: Reduce (isteʼmolni kamaytirish), Reuse (qayta foydalanish), Recycle (qayta ishlash).
Oʻzbekiston 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibining aʼzosi boʻlib, shu munosabat bilan respublika iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlash doirasida “Yashil makon” dasturini amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishdan asosiy maqsad respublikada barqaror rivojlanishga erishishdan iborat. Shunday qilib, bugungi va kelajak avlodlarga musaffo Oʻzbekistonni, toza atrof-muhitni, ekologik tahdidlardan holi boʻlgan togʻu vodiylar, daryo va koʻllarni qoldirish mumkin. Bu esa Oʻzbekistonning global barqaror rivojlanish va Yer tabiatini asrashga qoʻshgan hissasi boʻladi.
Abduvali Isajonov,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi
Izoh qoldirish