464

Yuragimga kirib kelgan bahorim

Haqiqiy shoirning tug‘ilishi ham aslida bahorning tug‘ilishi yanglig‘, ko‘klam osmonidagi chaqinlarning dunyoga kelishi misol – bir ilohiy, bir samoviy hodisadirki, bu holatning sir-u sinoati bilan mazmun-mohiyati Yaratganning o‘zigagina ma’lum. Shu ma’noda, shoirlar osmon-u falakda paydo bo‘lib, yerda yashaydilar, degan eski naql ham Navro‘z kabi yap-yangi tuyuladi. Bu iqtibosimizning ma’nisi shundan iboratki, jafokash zaminda odamzod boshiga nimaiki tushsa, neki jabr-u sitamlar uning insonday yashashiga daxl qilsa – barcha-barchasi shoir yuragini timdalab o‘tadi. Insonning ma’naviy-axloqiy hayotiga, uning kamoli emas, tanazzuliga sabab bo‘ladigan har qanday yovuzlik shoir qalbining eng ashaddiy dushmanidir. Shu bois, ovrupolik donishmandlar dunyoga darz ketsa, eng avval shoir yuragini sindiradi, degan hikmatni qayta-qayta ta’kidlab kelgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tom ma’noda o‘z xalqi, el-yurtining dardi-armoni bilan yashadi. Uning qisqa hayotida she’r yozmagan, iztirobi, dardlarini qog‘ozga to‘kmagan biror kuni yo‘q edi. Mudom o‘ychan, o‘z xayollari va ruhiy dunyosi bilan band, hamisha “qovurg‘asining ostida yig‘layotgan qumri”si bilan ich-ichidan suhbat qilib yurganday bo‘lardi. Aslida, bor gap ham shu.

Yurtim, ado bo‘lmas armonlaring bor,

Toshlarni yig‘latgan dostonlaring bor.

O‘tmishingni o‘ylab og‘riydi jonim,

Ko‘ksing to‘la shahid o‘g‘lonlaring bor.

Bugungi kunda salkam o‘ttiz besh million nufusli ulug‘vor mamlakatning azim poytaxti — Toshkentning qoq markazidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida beqiyos va benazir Adiblar xiyoboni barcha yoshlar, kitobxonlar, sayyohlar va ziyoratchilar bilan hamisha gavjum. Tom ma’noda o‘zbek adabiyoti bo‘stoniga aylangan ko‘rkam ma’vo — yangi O‘zbekistonimizning yangi siyosati samarasi o‘laroq, uning millatparvar va adabiyotsevar rahbari tashabbusi bilan bunyod etilganiga hech qancha vaqt o‘tgani yo‘q.

Ushbu bahavo, keng va mo‘l adabiyot darsxonasida ulug‘ bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlaridan tortib, alloma shoirlarimiz, jadid adiblar, atigi olti yillar avval she’r kuylab, ovozlari yangrab yurgan aziz ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovgacha, shunday qahramon shoirlarimiz qatorida — Zomin seminarlaridayoq davlatimiz rahbari nazariga tushgan Muhammad Yusufning o‘ychan va mag‘rur haykali qaldirg‘ochlar qurshovida qad rostlab turibdi. Navqiron she’riyatga qo‘yilgan bu qutlug‘ yodgorlik poyidan biror kun, biror soat ham saodatmand o‘g‘il-qizlarimizning qadami uzilmaydi. Shoir xuddi yoshlarga qarata:

Alp o‘g‘lonlar o‘lkasidir O‘zbekiston,

Erkli elning qanotlari, ilm istang.

Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

Alisherning avlodlari, ilm istang,

deb ularni ilm bilan dunyoga chiqishga da’vat etayotgandek. Ushbu satrlar xuddi kechagina yozilganday — bugun esa go‘yo shoir uni o‘z muxlislariga o‘qib berayotir. Adabiyotning odam bolalari tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati naqadar beqiyos ekani ijtimoiy hayotimizning, ayniqsa, keying ikki-uch yili misolida ko‘z o‘ngimizda bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lmoqda. Ochiq aytish kerak, ilg‘or texnologiyalar va moʻjizaviy innovatsion g‘oyalar zamonida yoshlarimizning astoydil zavq-u shavq bilan kitobxonlikka qaytayotgani ham, Prezidentimiz ta’kidlaganiday “Adabiyot — xalqning yuragi” ekanini ro‘y-rost isbotlamoqda.

Jadid bobolarimizning achchiq qismati, mashaqqatli hayot yo‘li va yurt ozodligi orzu-armonlariga to‘la ijodi Muhammadjon do‘stimizni hamisha iztirobga solgan. Aynan shu mavzuda ko‘plab she’r va dostonlar bitgan. Ayniqsa, qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan “Qora quyosh” dostoni shoirning cheksiz mehr-muhabbati, Vatan farzandlari, millat va davr fojiasiga nisbatan yuksak shoirlik munosabatidir. Masalan, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon haqidagi she’rida bunday dardli satrlarni bitadi:

O‘lsa o‘zi o‘lar, So‘zi o‘lmaydi,

Hamisha barhayot nasl shoirlar.

Haqiqiy shoirning qabri bo‘lmaydi,

Yurakka ko‘milar asl shoirlar.

Umuman, qiyin va qattol tuzumlar iskanjasida o‘n gulidan bir guli ham so‘lmay yosh ketgan shoirlar, ularning juvonmarg joni-yu uvol ketgan umri — ushbu qayg‘uli mavzu Muhammad Yusuf ijodida alohida o‘rin tutadi. Yana Cho‘lponga murojaat qiladigan bo‘lsak, shoir uning “Ko‘klamoyim” she’rini nihoyatda yaxshi ko‘rar va o‘zi ham xuddi shu sarlavhada she’r bitib, cho‘lponshunos alloma Ozod Sharafiddinov domlaga chin yurakdan hadya etgan edi.

Sochimda oq, men bahordan o‘tindim,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

Qor qo‘ynidan zo‘rg‘a senga yetindim,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

 

Jon ustida asrab yuray ko‘kni men,

To‘yib-to‘yib ko‘zga suray ko‘kni men,

Yana senga yetamanmi, yo‘qmi men,

Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

 

Yoki Abdulla Qodiriy siymosiga murojaat qilarkan, shoir “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, bu asarlardagi Otabek, Kumushbibi, Zaynab obrazlariga takror-takror she’riy izohlar beradi. Izohlarning o‘zigina emas, bu munosabati bilan mustabid tuzum, istibdod zamonining zulm-u zug‘umlari, hasad va fitnakorligiga ham o‘z nafratini bildiradi. O‘sha zamon jaholat bandalarining manfur basharasini fosh etadi.

Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,

Ana yurishibdi kiyganlari zar,

Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar,

Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor.

Shu o‘rinda adabiy-ma’naviy hayotimizda katta voqea bo‘lgan, millionlab qalblarga keng aks-sado bergan sharafli va tarixiy hujjat haqida to‘xtalmog‘imiz ham qarz, ham farz. Gap shundaki, davlatimiz rahbarining adabiyot va adabiyot ahli, marhum shoir-yozuvchilar nomi-xotirasini munosib qadrlash borasidagi har bir qarori millat tarixi va adabiyotiga e’tibor va ehtiromning yuksak namunasidir. Misol uchun, Prezidentimizning “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulkan bir haqiqatning ro‘yobga chiqishida, adabiyotimizning shu paytgacha noma’lum bo‘lgan qatag‘on davri sahifalarini o‘rganib, keng xalq ommasiga yetkazish borasida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Muhammadjon Usmon Nosirni, uning betakror ijodini sidqidildan yaxshi ko‘rardi. “Usmonning qismatin bu O‘zbekiston, Bilgay kunlar hali kelmog‘i bordir”, deb yozganiday, bag‘ishlovlari, she’r-u dostonlarida Usmon Nosir qismatini kuylarkan, “bargday uzilib ketgan” shoir nomi, xotirasi ulug‘ elda yuksak qadrlanadigan vaqtlar kelishiga chin yurakdan ishongan edi.

Shu o‘rinda o‘tgan asrning kunbotar pallasi — mustabid tuzumning tanazzuliga yaqin bir vaqtda, 1988-yilning iyul oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tuzilgan komissiya tarkibida Naim Karimov, Hojiakbar Shayxov, Usmon Azim va Nodira Rashidova bilan Muhammad Yusuf ham Usmon Nosirning qabrini izlab, olis Sibirning Kemerovo o‘lkasiga safar qilganini eslab o‘tmoq joiz. Muhammad Yusufning shu safar taassurotlari natijasida bitilgan “Usmon Nosirni izlab...” maqolasi hajman uncha salmoqli bo‘lmasa-da, adabiy tarixiy hujjat sifatida nihoyatda muhimdir. Mana, o‘sha dardli safarnomadan bir parcha:

“...Sibirda dafn etilgan o‘zbek shoiri Usmon Nosirning qabrini ziyorat qilib kelishga otlandik. O‘rmonlar orasidagi Kemerovo, keyin esa bir paytlar savdogarlar shahri bo‘lgan Mariinskka yetib oldik. Shoirning so‘nggi maskani — Suslovo qishlog‘iga ozgina qolganda safimiz yana ham kengaydi. Nihoyat, bizni kutib turgan qishloq ahliga qo‘shilib, bepoyon dala-mozorga ham yetib keldik. Bu yerda qancha odam yotganini hech kim aniq bilmaydi. Ehtimol, bir ming, ehtimol, o‘n ming odam bir-birini quchoqlab, tuproqqa qorishib yotgandir. Ularning orasida barcha millat farzandlari bor. Ularning orasida bizning Usmon Nosir ham bor... To‘g‘risini aytsam, to shu yerga yetib kelguncha har xil o‘yga bordim. Rostdan ham, Usmon Nosir bundami? Axir, shu paytgacha uni Magadanda qolib ketgan deyishardi-ku? Mana, o‘sha qatag‘on yillari lagerda ishlagan ayolni topdim. Uning familiyasi o‘sha davrga mos — Sirota. Unga Uyg‘un, Usmon Nosir, Amin Umariy birga tushgan suratni ko‘rsatamiz. Mana, — deydi u hech ikkilanmay Usmon Nosirni ko‘rsatib, — bizning kutubxonada ishlagan shoir. U nihoyatda ko‘rkam, nihoyatda kamgap va... ozg‘in edi!..” .

Shoirning bu esdalik-maqolasi bugungi kunda ham juda dolzarb. Ayniqsa, Prezidentimiz qaroridan keyin Usmon Nosir hayoti va ijodini o‘rganishda bu yanglig‘ hujjatli ma’lumotlar naqadar zarur va o‘ta muhimligini alohida ta’kidlash joiz.

Muhammad Yusuf tom ma’noda milliy shoir, shu bilan birga, umumbashariy ezgu g‘oyalarni tarannum etgani bilan baynalmilal ijodkor hamdir. Uning insoniyat boshiga ofat keltirguvchi yovuzliklar, balo-yu qazo va urush kulfatlarining fojiaviy oqibatlari, tinchlik va omonlikning qadr-qimmati va shukronasi tasvirlangan she’rlari ijodining salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois, boshqa ellar, o‘lkalarda, qardoshlar va tildoshlar diyorida ham uning she’rlarini sevib o‘qishadi. Uzoqqa bormaylik, yaqindagina Turkiyaning Anqara shahrida shoirimiz ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro adabiy anjuman fikrimiz dalili bo‘la oladi.

Gap shundaki, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti jamoasi hamkorligida Muhammad Yusuf she’rlari va dostonlari “Muhammed Yusuf secmeler” nomi bilan turk tiliga tarjima qilinib, yaxlit kitob holida nashr etildi. Shu munosabat bilan TURKSOY bosh qarorgohida o‘tgan taqdimot marosimida o‘zbek adabiyotining keng targ‘ib qilinayotgani, xususan, Muhammad Yusuf asarlarining turkey dunyodagi o‘rni haqida ham fikrlar bildirilgani xalqaro adabiy aloqalarimiz tobora rivojlanayotganining isboti bo‘ldi.

Ustoz Abdulla Oripov Muhammadjonni juda yaxshi ko‘rardi. Har xil do‘st nodo‘stlardan uni ehtiyotlar, asrab-avaylab yurardi. Xususan, “Betakror shoir” deb nomlangan maqolasida suyukli shogirdi haqida bunday iliq va mehrli so‘zlarni bitgan edi:

“Chinakam shoirning qalbida allaqanday sohir qush sayrab turadi, degan gapni ko‘p bora eshitgandik. O‘sha qush aynan Muhammadjonning, Muhammad Yusufning yuragida oshyon qurganiga men astoydil ishonganman. Uning ko‘zlari ham, chehrasi ham hamisha latif bir kuyni xonish qilganday edi... Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga esa boshqalar hamisha talpinadilar. Odamdan odam uzoqlashishini Xudoyim hech kimga ko‘rsatmasin”.

...Har yili ko‘klamning avj pallasida, hazrati Bobur aytganiday, bahor ayyomida benazir shoirimiz Muhammad Yusufning tavallud sanasini nishonlaymiz. Qizg‘aldoqlar sochilgan Adiblar xiyobonidagi shoir haykali ham qaldirg‘ochlar qurshovida, ularning vijir-vijir valfajrlari jo‘rligida xuddi hoziroq she’r o‘qib yuboradiganday...

Oltin beshik uzra allalar aytib,

Hamisha bedorim — onaizorim.

Jilg‘asin jarangi tongda uyg‘otib,

Yuragimga kirib kelgan bahorim!..

Sirojiddin Sayyid,

O‘zbekiston xalq shoiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 26-aprel, 82-son

Izoh qoldirish